10:26 / 26.04.2021
4 799

Namanganda ona-bola 30 ga yaqin erkak tomonidan ayovsiz kaltaklagani aytilgan xabarga izoh berildi


Foto: Videodan kadr
Namangan viloyati IIB ijtimoiy tarmoqlarda «30 ga yaqin erkak ona-bolani ayovsiz kaltakladi» izohi bilan tarqalgan videotasvirlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 11 mart kuni Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro O.M. Namangan viloyati, Uychi tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 10 mart kuni soat 13:30 larda Uychi tuman, «Mashad» mahallasida yashovchi «A» ismli fuqaro tomonidan daraxt ko‘chatlarining olib tashlagani sababli u bilan gaplashib olish maqsadida «A»ning yashash xonadoniga borgani, u yerda «A» hamda boshqa shaxslar o‘zini, onasi va jiyanini urib, tan jarohati yetkazganini ma’lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Tekshiruv davomida O.M.ning murojatida ko‘rsatilgan «A» ismli shaxs 10 mart kuni yashash xonadonida ehson qilgani, shu kuni soat 13:30 larda uning yashash xonadoniga o‘ziga notanish bo‘lgan bir nafar ayol va 2 nafar erkak kelib, u tomonidan Namangan shahar, Chortoq yo‘lida barpo etilgan kichik avtomashina turar joyi o‘rnida bo‘lgan ko‘chatlar olib tashlangani yuzasidan janjal kelib chiqqani, janjal vaqtida «A»ning akasi va jiyani ular bilan urishib ketgani, shundan so‘ng ushbu xonadonga ehsonga kelgan shaxslar ularni tinchlantirib, ajratgani aniqlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqarolar O.M., uning onasi va jiyaniga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Eskpertiza xulosasida O.M. va uning jiyanida sog‘liqning buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil tan jarohati mavjudligi, onasida esa tan jarohatlari aniqlanmagani ko‘rsatilgan.

Tergovga qadar tekshiruv yakuni yuzasidan 8 aprel kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilib, «A»ning akasi harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish), 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismi, 612-moddasida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) ko‘rsatilgan, «A»ning jiyani va fuqaro O.M.ning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi, 52-moddasi 2-qismida, shuningdek, O.M.ning onasi hamda jiyanida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli to‘plangan hujjatlar ularga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish uchun 13 aprel kuni Uychi tuman sudiga taqdim etilgan.

Biroq O.M. hamda uning onasi va jiyani ularga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalarga imzo chekmagani va sudga kelmagani uchun sud ishni ko‘rmasdan, qaytarib yuborgan. Ayni paytda fuqarolarni sudga keltirish choralari ko‘rilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda ona-bola 30 ga yaqin erkak tomonidan ayovsiz kaltaklagani aytilgan xabarga izoh berildi