14:29 / 23.06.2021
2 343

O‘zbekistonda «qora ro‘yxat» shakllantiriladi

O‘zbekistonda «qora ro‘yxat» shakllantiriladi

Korrupsionerlar qora ro‘yxati shakllantiriladi, davlat xizmatchilari daromadlari deklaratsiya qilinadi, ishga qabul faqat ochiq tanlov asosida bo‘ladi, rahbar kadrlar majburiy rotatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi – korrupsiyaga qarshi o‘ta ahamiyatli hujjat loyihalari ishlab chiqildi!

Prezident topshirig‘i bilan korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratishga qaratilgan Farmon va qaror loyihalari ishlab chiqildi va Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Hujjatlar qabul qilinsa, quyidagilar amalga oshadi:
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishi belgilanib,  unga kiritilgan shaxslarga nisbatan bir qator cheklovlar o‘rnatiladi (masalan, bunday shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi, mukofotlar bilan taqdirlanishi, nazorat ostida bo‘lgan korxonalar aksiyalariga egalik qilishi, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi).

2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilmoqda.

Deklaratsiya qilish tizimi doirasida:
a) mol-mulkning kelib chiqish manbasini tasdiqlash sharti faqat
2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka nisbatan tatbiq etiladi;
b) deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va noto‘g‘ri ma’lumot kiritish davlat xizmatidan bo‘shatish va javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi;
v) davlat xizmatchilariga xorijda bank xisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.
Manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadigan mansabdor shaxslarning harakatlari belgilanib, ularni amalga oshirish qat’iyan taqiqlanadi (masalan, tijorat tashkilotlarining muassisi bo‘lish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, davlat organining ishlarida uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surish va boshqalar).

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda:
a) korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilab, bunday jinoyatlar uchun jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
b) deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik va manfaatlar to‘qnashuvi uchun jinoiy javobgarlikni belgilash.

Barcha davlat organi va tashkilotlarida kadrlar bilan ishlash tizimi, shu jumladan vakant lavozimlarni e’lon qilish, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish belgilanmoqda.
Bundan tashqari, kadrlar bilan ishlash, xo‘jalik ishlari, moliya-iqtisod bo‘linmalari rahbarlari va nazorat funksiyalariga ega bo‘lgan boshqa tuzilmalar rahbarlari har 3 yilda majburiy rotatsiya qilinadi.

2021–2022 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlanmoqda (dastur nazarda tutilayotgan vazifalarni manzilli ijro etishni ta’minlashga qaratilgan  65 ta aniq chora-tadbirlardan iborat).

Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida quyidagi qonunlar tayyorlanishi belgilanmoqda:
a) «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi;
b) «Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida»gi;
v) «Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida»gi;
g) «Uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surishni (lobbistik faoliyatni) cheklash to‘g‘risida»gi qonun loyihalari.

Shahnoza Soatova


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda «qora ro‘yxat» shakllantiriladi