10:20 / 28.06.2021
4 976

Qashqadaryo «nachalnik GAI»si viloyatdan yengil mashinalar chiqarilmasligini aytgan audio tarqaldi. IIB izoh berdi


Audioda Qashqadaryo viloyati IIB YHXB boshlig‘i A.Saatov viloyatdagi barcha tuman va shahar YHXB boshliqlari, otryad hamda guruh komandirlariga 27 iyun soat 00:00 dan boshlab viloyatdan faqat yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ortilgan yengil mashinalar, davolanishga ketayotganlar chiqarilishi, qolgan birorta moshinani chiqarmaslik buyrug‘ini bergan.

«Diqqat, diqqat! Tuman, shahar «nachalnik GAI»lari, otryad komandirlari va ularning o‘rinbosarlari, guruh komandirlari! Ertadan boshlab soat 00:00 da Toshkent shahriga, har bitta viloyatlararo harakat taqiqlanadi. Faqat ichkarida mumkin. Yuk mashinalari, oziq-ovqat, sabzavot, meva tashiyotgan transport vositalariga alohida yo‘lak qilinadi. Bundan tashqari, bemor spravkasi borlarga ruxsat beriladi. Qolgan birorta moshina viloyatdan viloyatga chiqmaydi», deyiladi Saatovning ovozi ekani aytilayotgan audioda.

Kun.uz muxbiri mazkur audiyozuv yuzasidan izoh olish uchun Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova bilan bog‘landi. Rasulova audiozuvdagi ovoz chindan viloyat IIB YHXB boshlig‘i A.Saatovniki ekanini tasdiqladi. Uning aytishicha, hozir Saatovning buyrug‘i yuzasidan viloyat IIB tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Iroda Rasulova Saatovning buyrug‘i fuqarolarni o‘ylab berilganini aytdi.

«Saatovning buyrug‘i yuzasidan viloyat IIB o‘rganish ishlarini olib borayapti. Viloyatlardan borgan avtomashinalar Toshkent shahriga kiritilmasligi maxsus komissiya qarorida belgilab qo‘yilgan. Shu uchun Saatov fuqarolar sarson bo‘lmasin degan mazmunda gapirgan. Viloyat IIB YHXB xodimlari joylarda maxsus komissiya qarorida belgilangan tarzda xizmat vazifasini olib boradi. Undan chetga chiqilmaydi», dedi Iroda Rasulova.

IIB rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, kelajakda vaziyat yomonlashguday bo‘lsa ham, IIB hamda YHXB hodimlari maxsus komissiyaning keyingi qarorida belgilanadigan cheklovlar bo‘yicha xizmat vazifasini olib boradi. Ya’ni, viloyat IIB hamda YHXB rahbarlari maxsus komissiyaning qarorida belgilanmagan cheklovlarni kiritish vakolatiga ega emas.

Iroda Rasulova audiodagi «Yuk mashinalari, oziq-ovqat, sabzavot, meva tashiyotgan transport vositalariga alohida yo‘lak qilinadi. Bundan tashqari, bemor spravkasi borlarga ruxsat. Qolgan birorta moshina viloyatdan viloyatga chiqmaydi» degan jumlalarga izoh berar ekan Qashqadaryoda maxsus komissiya qarorida nazarda tutilmagan cheklovlar joriy etilmasligini ta’kidladi: «Saatov qaysidir jumlani noto‘g‘ri aytib yuborgan bo‘lishi mumkin. Ammo fuqarolarning manfaati uchun gapirgan. Maxsus komissiya qarorida ko‘rsatilgan cheklovlardan chetga chiqilmaydi», dedi viloyat IIB rasmiysi.

Ma’lumot uchun, maxsus komissiya qarorida faqat Toshkent shahriga yengil mashinalarda sababsiz kirib bo‘lmasligi belgilangan. Boshqa viloyatlarga yengil mashinalarda chiqishiga cheklov belgilanmagan. Qizil hudud deb belgilanmagan viloyatlarda transport vositalari harakatiga hech qanday cheklov joriy etilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryo «nachalnik GAI»si viloyatdan yengil mashinalar chiqarilmasligini aytgan audio tarqaldi. IIB izoh berdi