14:25 / 07.07.2021
3 991

Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish strategiyasi tasdiqlandi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 iyuldagi farmoni (PF-6255) bilan 2021−2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi tasdiqlandi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».

«Strategiyaning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, milliy xavfsizlik, shuningdek, fuqarolarning ushbu sohadagi huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali va bir vaqtning o‘zida muvofiqlashtirilgan davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashdir», — deyiladi hujjatda.

Strategiyada qayd etilishicha, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi mavjud tajriba, shuningdek, mintaqa davlatlaridagi mazkur tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha holatning retroprospektiv va qiyosiy tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, Markaziy Osiyoda ekstremistik va terrorchilik faoliyati, asosan, millatchilik (milliy), ijtimoiy, diniy va boshqa radikal siyosiy g‘oyalar ostida amalga oshirilmoqda.

Quyidagilar strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishining oldini olish maqsadida vatanparvarlik, an’anaviy qadriyatlar va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olish;
xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirish;
uzoq muddat xorijda bo‘lgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalari ta’siridan himoya qilish;
ekstremistik va terrorchilik maqsadlarida internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishga qarshi kurashish;
fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi ishtirokini ta’minlash;
ekstremistik va terrorchilik harakatlari, shuningdek, ularni moliyalashtirganlik uchun huquqiy ta’qib va javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
xalqaro va mintaqaviy hamkorlik.
Strategiyani uch bosqichda amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Birinchi bosqichda (2021 yil) quyidagilar rejalashtirilmoqda:
strategiyani amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash, mazkur muammoni birgalikda hal qilish uchun keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarni jalb qilish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston qonunchiligini rivojlantirish istiqbollarini belgilash;
ekstremistik va terrorchilik faoliyatiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy ta’minlangani va uyg‘unligini takomillashtirish;
vaziyatni monitoring va tahlil qilishning kompleks dasturlarini tashkil etish, shuningdek, muammolarni aniq belgilash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.

Ikkinchi bosqichda (2022−2025 yillar) quyidagilar belgilandi:
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi vazifalarni hal qilishga qaratilgan amaldagi qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va yangilarini qabul qilish;
milliy axborot makonini ekstremistik va terrorchilik mafkura kirib kelishidan qo‘shimcha himoyalashga qaratilgan tizimni yaratish;
strategiyani amalga oshirishda erishilgan natijalarni monitoring qilish;
ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishdan kelib chiqaradigan xavf, tahdid va xatarlarni, shuningdek, mamlakatdagi millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarni kompleks tahlil qilib, vaziyatning rivojlanish istiqbollari bo‘yicha prognozlarni hamda aniqlangan xavf, tahdid va xatarlarni kamaytirish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

Uchinchi bosqichda (2026 yil) ushbu strategiyani amalga oshirish natijalarini umumlashtirish hamda mazkur sohada strategik rejalashtirish bo‘yicha yangi hujjatlarni ishlab chiqishga qaratilgan takliflarni tayyorlash, shuningdek, idoralararo darajada tashkiliy xarakterdagi choralar qabul qilinishini ta’minlash nazarda tutiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, strategiyani amalga oshirish ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va mafkuraviy mexanizmlarning samarali tizimini, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish va boshqa imkoniyatlarni taqdim etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish strategiyasi tasdiqlandi