Tog‘lar ham qulaydimi? Qulaydi. Tog‘lar tabiat ramzi. Tabiat deganda insonning ko‘z oldiga tog‘ va tog‘dan oqib turgan suv manzarasi keladi. Agar insoniyat tabiatga yetarlicha e’tibor, mehr bermasa, shafqatsiz munosabatda bo‘lsa, tabiat qulaydi, barbod bo‘ladi. Bu esa insoniyat boshiga tushadigan kulfat demakdir. Tabiat va insoniyat bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Ularni bir-birisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ammo so‘nggi yillarda inson tabiatga nisbatan munosabatda biroz haddidan oshyapti. Bunday xatti-harakatlar esa javobsiz qolmasligi aniq. Ayni shu masala va muammolarni Chingiz Aytmatov o‘zining «Qulayotgan tog‘lar» romanida aks ettirgan.
Syujet:
Asar Jaabars laqabli qorqoplonining so‘ngsiz iztiroblari bilan boshlanadi. Uni jufti Barsoyim tashlab ketdi. Jaabarsdan yoshroq, zabardastroq bars bilan yetaklashib ketdi. Bu esa Jaabarsni adoyi tamom qildi. Hayotga bo‘lgan ishtiyoqi ham, qiziqishi ham qolmadi. Yakkalanib, tog‘ma-tog‘ kezadigan odat chiqardi.
Odam bolasi Arsen Samanchin ham ayni shu holatda. Arsen taniqli jurnalist, bir qancha tillarda bemalol gaplasha oladigan iqtidorli yigit edi. Uning sevgilisi Oydana mashhur aktrisa va boy ayol bo‘lish maqsadida o‘sha davrning millioneri Ertosh Kurchalga ma’shuqa bo‘lib ketib qoladi. Vaholanki, qiz Arsen bilan «Mangu qayliq» voqeasini sahnalashtirishga va’dalashgandi. «Mangu qayliq» necha yillardan beri xalq og‘zida bo‘lib, vafo va sadoqatli sevgi haqida kuylar edi...
Kuchli iztirobda qolgan yigit avval Ertoshni, so‘ng o‘zini o‘ldirishga ahd qiladi. Ammo to‘pponchani qayerdan olishni bilmay turgan vaqtida ovuldan unga ovchilik bilan shug‘ullanuvchi qarindoshi Bektur og‘a telefon qilib qoladi. Uning «Mergan» nomli firmasi bo‘lib, bu firma ovchilik bilan shug‘ullanardi. Bektur og‘a Arsenga yaqinda ovulga ikkita boy arab qo‘noqlari kelishini, ular tog‘larda bars ovlashi va barcha harajatlarni o‘zlari to‘lashini aytadi. Arsendan tarjimonlik qilishini so‘raydi.
To‘pponcha qidirish muammosi shu ishda hal bo‘lishini o‘ylab, Arsen taklifga rozi bo‘ladi va ovulga qarab yo‘l oladi. U yerda Eles ismli qiz bilan tanishadi va ikkisi bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi. Eles dunyoqarashi keng, aqlli va tabiatga kuyinchak qiz edi.
Bektur og‘a ovulidan 4-5 ta norg‘ul yigitlarni barslarni haydab kelish uchun ishga yollagandi. Ularning sardori Arsenning sinfdoshi Toshtan edi. Afg‘onda jang qilib kelgani uchun hamma uni Toshtanafg‘on deb chaqirardi. Toshtanafg‘on yigitlari bilan Arsenni mahfiy joyga olib boradi va o‘zining rejasini bildiradi. Reja shunday ediki, ov vaqtida Toshtan yigitlari bilan arab qo‘noqlarini garovga olib, pul talab qiladi. Pulni olgach hammasi uzoq joylarga qochishadi. Bu ishda Arsen tarjimonlik qilishi lozim edi.
Agar rozi bo‘lmasa yoki bu haqida kimgadir aytgudek bo‘lsa Arsenni ayab o‘tirmasliklarini ta’kidlaydi. Arsen nihoyatda qiyin vaziyatga tushib qolgandi. Arablarni garovga olib, ulardan pul talab qilish xalqaro munosabatlar buzilishiga olib kelishi mumkin edi.
Nihoyat arablar keladi, ovga chiqishadi. Ammo Toshtanafg‘onning rejasiga kirishilgan paytda Arsen hech kim kutmagan ishni qiladi. Megafonni olib baqira boshlaydi:
– Xorijdan kelgan ovchilar! Sizga ming la’nat! Qoplonlardan qo‘l tortlaring, tog‘larni oyoqosti qilma! Yurtingga qayt! Tuyog‘ingni shiqillat! Yo‘qsa otib tashlayman, – deya bir necha bor o‘q uzadi. Shu zahotiyoq Arsenning o‘zini-da otib tashlashadi. Bu paytda o‘qlar shu atrofda yurgan Jaabarsga ham tegadi. Arablar ortiga qaramay qochishadi, Bektur og‘a boshini toshga urib, Arsenni la’natlaydi, Toshtanafg‘on ham sotqin sinfdoshini so‘kkanicha jahl otiga minadi.
Arsen Jaabarsning biqiniga bosh qo‘ygancha vafot etadi...
Tahlil:
Asarda hozirgi kundagi bozor iqtisodiyoti jadallashuvi sabab insoniyat nimalarga erishayotgani va nimalarni yo‘qotayotgani haqida gap boradi. Taraqqiyot, iqtisodiy o‘sish albatta yaxshi, ammo tabiat, samimiy tuyg‘ularni barbod qilish evazigamas.
Oydananing Ertosh tomonga ketib qolishi ham iqtisodiyotning kuchi edi. U Arsenning samimiy tuyg‘ularini oyoqosti qilib, sadoqatning yuziga qaramay iqtisodiyot tomonga jadalladi. Bu esa hozir pulning qarshisida tuyg‘ularning qadrsizlanib borayotganiga isbot.
Toshtanafg‘on alamzada edi. Chunki ovul ahlining katta qismi nochorlikda hayot kechirardi. Qashshoqlikdan bezgan, afg‘on urushida diydasi qotgan yigitga arab qo‘noqlari singari millionerlarning hamma boylikka egalik qilishlari yoqmayotgandi. Shu sababdan ham u kuch ishlatish yo‘li bilan bo‘lsa ham boy bo‘lishni, hozirgi zamon talabiga javob berishni istardi.
Ovul ahli ham «Mergan» firmasiga umid bilan ko‘z tikardi. Barslar ovi keltiradigan daromaddan umid qilishardi. Biror mard chiqib aytmasdiki, shundoq ham yo‘qolib borayotgan barslarni saqlab qolish lozim deb. Aksincha, ular imkon bo‘lsa, tog‘laridan oquvchi suvni ham pullash g‘oyasini o‘ylab ko‘rishadi. Ya’ni butun hayotning mazmuni puldangina iborat bo‘lib borayotgandi.
Arsen barslarni ovlash rejasi tabiatga zulm ekanini, bu ishlarning oxiri yaxshilikka olib kelmasligini his qilib turardi. Ammo bunga qarshi qanday chora ko‘rish mumkinligini ham bilolmasdi. Toshtanning taklifidan so‘ng uning ko‘ngli g‘ashlandi. Bu voqea xalqlar o‘rtasida urush chiqarishi muqarrar edi. Urush esa insoniyat boshiga kulfatdan boshqa narsa olib kelmasdi. Odamlar tugul hayvonlarni o‘ldirish o‘taketgan razolat va jirkanchlikligini tushunib turardi. Shular haqida fikr yuritarkan, bir necha kun avval o‘zi ham odam o‘ldirishni rejalaganidan uyalib ketdi.
Arsen ikki o‘t orasidan chiqish yo‘llarini qidiradi, topolmagach o‘zini qurbon qildi. U qurbonligi evaziga ham odamlarni urushdan saqlab qolgandi, ham tabiatni, barslarni asrashga erishgandi. Bu bir inson uchun sharafli o‘lim bo‘ldi...
Odamzot tabiatga qanday munosabatda bo‘lsa, shunday javob oladi. Hozirgi global muammolarimizga bir qaraylik: ozon qatlamining yemirilishi, suv tanqisligi, havo ifloslanishi, chang bo‘ronlari, atrof axlatga to‘lishi, ming bir xil infeksiyalarning tarqalishi, o‘rmonlar kamayib borishi va hokazo. Barchasi bizning dunyoni axlatga to‘ldirishimiz, suvni isrof qilishimiz, daraxtlarni kesishimiz oqibati emasmi?
Tabiatni asrash haqidagi shior-u qonunlar faqat va faqat qog‘ozda qolib ketmayaptimi?Amaldagi ahamiyati bormi ularni? Avvalo, yakka shaxsning o‘zidan, ongidan boshlanishi kerak tabiatga munosabat. Ota-onalar farzandlarga ongli ravishda o‘rnak, tabiatga yaxshi munosabat ko‘rsatishda ibrat bo‘lishi lozim. Har bir shaxs o‘zini o‘zgartirmas ekan, omma bo‘lib tabiatni asrashning imkoni yo‘q…
Gulasal Qodirova, kitobxon
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring