
Farg‘ona viloyatida joylashgan tumanlararo sudda taniqli bastakor O‘ktam Hakimov tomonidan yozilgan “Ismigul” qo‘shig‘ining mualliflik huquqlari buzilishi bo‘yicha da’vo ko‘rib chiqildi.
Mazkur ishda javobgar sifatida Nadyr taxallusi bilan tanilgan ijodkor — Nodirbek Igamberdiyev ishtirok etdi. U 2023-yilda “Ismigul” qo‘shig‘ini “Enigma” uslubida qayta aranjirovka qilib, bir qator xalqaro platformalarda tarqatgan. Ushbu versiya iTunes reytingida ilk o‘nlikka kirib, Instagramda ham keng tarqalgan edi. Biroq muallif tomonidan huquqbuzarlik yuzasidan murojaatlar yo‘llangach, qo‘shiq barcha platformalardan olib tashlandi.
O‘zbekiston mualliflik va turdosh huquq egalari jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rsatilgan da’vo asosida sud javobgardan jami 46 million 200 ming so‘m miqdorida tovon undirishga qaror qildi. Shundan 41,2 million so‘m mualliflik huquqining buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar uchun, 5 million so‘m esa ma’naviy zarar sifatida belgilandi.
Sud hukmiga ko‘ra, Nodirbek Igamberdiyev endilikda “Ismigul” asaridan foydalanishni to‘liq to‘xtatishi shart. Xususan, ushbu qo‘shiqni efirga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, teleradiokanallar orqali namoyish qilish qat’iyan man etiladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston qonunchiligiga binoan mualliflar huquq buzilgan taqdirda zararni qoplash yoki bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha kompensatsiya talab qilish huquqiga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!