“Kalmar oʻyini” filmining ikkinchi mavsumida birinchisiga qaraganda oʻyinlar kamroq boʻldi. Dastlab ishtirokchilar oʻsha “Sekinroq yursang, uzoqqa borasan” oʻyinini, shuningdek, oʻyinchilar ommaviy vahima bilan xonalarga yashirinishlari kerak boʻlgan “Uchinchisi ortiqcha” oʻyinini oʻynashadi.
Ayniqsa, toʻrtinchi va beshinchi qismlardagi “Olti oyoqli pentatlon” yoki “Olti oyoqli beshkurash” eng qiyin sinov boʻladi. Musobaqa beshta mini-oʻyindan iborat boʻlib, unda qahramonlar besh kishilik jamoa boʻlib oʻynaydi. Shu bilan birga, ularning oyoqlari bogʻlanadi — guruhning “tayanchi” oltita oyoq boʻlgani uchun oʻyin shunday nomlanadi.
1. “Ttakchi” mini oʻyini
Ushbu oʻyin serial boshida koʻrsatilgan, ya'ni ishtirokchilarni oʻyinga taklif qilgan shaxs aynan shu oʻyinni oʻynagan. Qoidalar xuddi 90 yillarda mashhur boʻlgan “yuztalik” oʻyinidagidek, lekin bu safar fishkalar yoki kepslar oʻrniga buklangan ikkita konvertdan foydalaniladi — serialda ular qizil va koʻk rangda. Birinchi oʻyinchi konvertini erga qoʻyadi, ikkinchi ishtirokchi oʻzining konverti bilan urib, uni agʻdarishga harakat qiladi. Agar buning uddasidan chiqsa — gʻalaba, agʻdarolmasa — yurish raqibga oʻtadi.
“Olti oyoqli pentatlon”da qoidalar soddalashtiriladi. Oʻyinda bitta odam ishtirok etadi: u oʻz konvertini ikkinchisini teskari qilmaguncha uradi. Asosiy raqib esa vaqt.
2. “Bisokchigi” mini oʻyini
Bu oʻyinning qoidalari milliy oʻyinlarimizdan biri chillakka oʻxshab ketadi, lekin ancha soddaroq. Erga shakli qabrtoshga oʻxshash tosh qoʻyiladi. Oʻyinchi belgilangan masofadan boshqa yassi toshni otib, uni urib yiqitishi kerak. Yagona shart — chiziqdan oʻtmaslik, aks holda zarba hisobga olinmaydi.
“Kalmar oʻyini” doirasidagi ushbu musobaqaning yagona qiyinchiligi shundaki, ishtirokchilarning oyoqlari bir-biriga bogʻlangan. Agar xato qilishsa, oʻyinchilarning beshalasi birgalikda tashlangan toshgacha borishlari, uni olishlari va yana ortga qaytishlari kerak — bu ancha vaqt talab etadi.
3. “Konginori” mini oʻyini
Bu “Olti oyoqli pentatlon”dagi eng qiyin oʻyin boʻlib koʻrinishi mumkin ammo uning qoidalarini tushunish oson. Harakatlarni bajarish esa qiyin — yaxshi rivojlangan qoʻl motorikasi va mukammal koordinatsiya kerak. Oʻzimizning beshtosh oʻyiniga oʻxshaydi. Oʻyin quyidagi beshta bosqichdan iborat.
1) Oʻyinchi beshta toshchaning hammasini oʻyin maydoniga tashlaydi. Keyin maydondan bittasini olib, irgʻitadi. Uni otganda oʻsha qoʻli bilan ikkinchisini olib, birinchisini tutib oladi. Yana bittasini tashlab, uchinchisini oladi-da, tutib oladi. Bunda oʻyinchi beshta toshchaning barchasini tutmaguncha davom etadi.
2) Oʻyinchi barcha toshlarni maydonga qoʻyadi, xuddi shu tarzda bittasini yuqoriga tashlaydi, lekin birdaniga ikkitasini oladi. Keyin yana bittasini tashlab, qolgan ikkitasini oladi-da, otganini ilib oladi.
3) Barcha toshlar yana oʻyin maydoniga tashlanadi. Oʻyinchi bitta toshni tashlaydi, lekin birdaniga uchtasini oladi. Keyin yana bittasini tashlab, oxirgisini oladi.
4) Keyin oʻyinchi toshni yana tashlaydi va toʻrttasini maydonga qoʻyadi, musht bilan siqilib, birinchisini ushlaydi. Uni yana tashlaydi, maydondan toʻrttasini toʻplaydi va yana birinchisini ushlaydi.
5) Shundan soʻng ishtirokchi mushtumida yashiringan beshta toshchaning barchasini birvarakayiga tashlab, kaftining orqa tomoni bilan ilib olishi kerak. Keyin yana bir marta uloqtirib, beshtasini tutib olishi kerak.
4. “Pxengi” mini oʻyini
Bu oʻyinda ishtirokchiga maxsus spinner va kichikroq arqon beriladi. U arqonni spinner uchiga bogʻlab, uni oldinga uloqtiradi. Ishtirokchining maqsadi — ipni shunday qattiq tortish kerakki, spinner aylana boshlashi va yiqilmasligi kerak.
Tanlovning murakkabligi shundaki, agar u birinchi martada bajara olmasa, takrorlash koʻp vaqt oladi. Spinner uzoqqa uchib ketishi, uni topib, yana arqonga oʻrash kerak. Oʻzimizning bizbizak oʻyinining aynan oʻzginasi.
5. “Chegichagi” mini oʻyini
Oxirgi oʻyin lanka tepishga oʻxshaydi. Faqatgina farq chegi — hayvon yungidan emas, qopqoq va yaltiroq qogʻoz yoki plyonkadan iborat boʻladi.
Oʻyinchi chegini erga tushirmasdan ketma-ket besh marta tepishi kerak. Agar tushirib yuborsa, hisoblash qaytadan boshlanadi.
Hilola Gʻiyosova
Manba: Daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar