O‘zbekiston Superligasining 21-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Buxoro” bahsidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Viktor Karpenko matbuot anjumanida qatnashib, uchrashuv yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
O‘yin haqida
— Avvalo, raqibni tabriklayman. Bugun maydonda faqat bitta jamoa haqiqiy futbol o‘ynadi va to‘g‘ri g‘alabaga erishdi. Biz esa o‘yinda yetarlicha intensivlik ko‘rsata olmadik. Shogirdlarim yomon o‘ynadi deb aytmayman, ammo natijadan ko‘rinib turibdiki, biz bellashuvga yetarlicha tayyor emasdik. Hisobda orqada qolgandan keyin o‘yinga qaytish qiyin bo‘ldi.
“Buxoro”ning maqsadi
— Biz maydonga qo‘rqmasdan futbol o‘ynash niyatida tushgandik. Ammo “Nasaf” juda kuchli tarkibga ega, ularning har bir futbolchisi xavfli. Shuning uchun himoyada ehtiyotkor bo‘lish zarur edi. Ilk goldan keyin jamoa psixologik jihatdan sindi va shundan so‘ng birinchi bo‘limdayoq to‘rtta to‘p o‘tkazdik. Rostini aytsam, jamoani ruhlantirish uchun kerakli so‘zlarni topa olmadim, bu esa murabbiylar shtabi kamchiligi hisoblanadi.
“Bunyodkor” bilan o‘yindan farq
— Har qanday jamoa raqib qanday imkoniyat bersa, shu asosda harakat qiladi. “Bunyodkor” bizga erkin o‘ynash imkonini bergandi, “Nasaf” esa bunday imkoniyat qoldirmadi. Birinchi golni o‘tkazmaganimizda, ehtimol, o‘yin boshqacha tus olgan bo‘lardi.
Jamoaning o‘z maydoniga qaytishi
— Albatta, o‘z uyingdagi uchrashuv butunlay boshqa. Devorlar ham yordam beradi, deyishadi. Biz buni uzoq vaqt kutdik. Doim safarda o‘ynash juda og‘ir. Avvalo uyda tayyorgarlik ko‘rasiz, keyin yana yo‘lga chiqishga to‘g‘ri keladi. Buxoroda esa ko‘plab muxlislarimiz bizga yordam qiladi, bu futbolchilar uchun katta kuch.
Rahbariyat qo‘ygan vazifalar
— Bizdan har bir uchrashuvda g‘alaba talab qilinadi. Shuningdek, jamoa oldiga Kubok finaliga chiqish vazifasi ham qo‘yilgan. Biz shu maqsadlar yo‘lida harakat qilamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!