Priti Zinta — Hind kinosining eng yorqin va samimiy aktrisalaridan biri. U 1975 yilda Himachal-Pradesh shtatida tug‘ilgan. Yoshligidan faol va o‘qimishli bo‘lgan Priti aslida kriminologiya bo‘yicha tahsil olgan, lekin taqdir uni katta ekran sari yetakladi.
Uning Bollivuddagi ilk yirik muvaffaqiyati “Dil Se..” va “Soldier” filmlari orqali bo‘ldi. Keyinchalik “Kal Ho Naa Ho”, “Veer-Zaara”, “Koi Mil Gaya” kabi filmlarda yorqin rollari bilan millionlab muxlislarning qalbidan joy oldi.
Priti 2016 yil 29 fevralda Los-Anjelesda o‘zining Amerikalik hamkori Gene Goodenough bilan xususiy marosimda turmush qurdi. Turmushdan so‘ng Priti Los-Anjelesga ko‘chdi, ammo muloqotni to‘xtatmagan holda Hindistonga tez-tez safarlar qiladi.
2021 yilda Preity va Gene juftligi surrogat ona orqali egizak farzandli bo‘lishdi. O‘g‘lining ismi Jai va qiziniki esa Gia.
Priti nafaqat aktrisa, balki biznes ayoli sifatida ham tanilgan. U Hindistondagi mashhur kriket jamoalaridan biri — “Kings XI Punjab” (hozirgi Punjab Kings)ning hammuassisi.
Uning hayoti doimo ijobiy kayfiyat, qat’iyat va mustaqillik bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham muxlislari uni “quvnoq malikasi” deb atashadi.
2009 yilda Priti 34 yoshga to‘lgan kuni 34 yetim qizni asrab oldi — ularning tahsil olishiga, oziq-ovqat ehtiyojlariga yordam beradi va ularning hayotida ijobiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Priti san’atdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda ham faol bo‘lib, oilaviy hayoti haqida samimiy yozadi. U Karva Chauth, Holi kabi hind bayramlarini farzandlari bilan birga nishonlaydi. Shu orqali u bolalariga madaniy merosni singdiradi va hind an’analariga bo‘lgan mehrni yoshlikdan shakllantiradi.
Priti Zinta — o‘zining iste’dodi, samimiyligi va kuchli xarakteri bilan nafaqat Bollivud, balki butun dunyo ekranida yorqin iz qoldirgan aktrisa.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!