O‘zbekiston Superligasi 21-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Buxoro” bahsi (5:0)dan so‘ng qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin va jamoa holati yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
O‘yin haqida
— Bugun jamoamni g‘alaba bilan tabriklayman. Chiroyli va samarali o‘yin namoyish etdik. “Buxoro”ning so‘nggi o‘yinlarini tahlil qilgandik va ular yaxshi himoyalanishini bilamiz. Shu sababli sinchkov tayyorgarlik ko‘rdik. Besh kishilik himoya chizig‘ini yorib o‘tishni uddaladik va shundan so‘ng o‘yin biz uchun ancha yengillashdi.
Raqibga qarshi taktika
— “Buxoro” ko‘pchilik bilan himoyalangani uchun bugun maydonga uchta hujumchi bilan tushdik. Tanlagan sxemamiz o‘yin oldidan ishlab chiqilgan rejaning bir qismi edi va bu o‘zini oqladi. Har kim yaxshi formada bo‘lsa, u maydonga tushdi. Umuman olganda, barchasi to‘g‘ri bo‘ldi.
Yusuf Otubanjoning o‘yini haqida
— Yusuf jismoniy jihatdan eng kuchli futbolchi emas, ammo texnik jihatdan o‘ta mahoratli. Uning asosiy afzalligi — raqib jarima maydonida o‘zini erkin his qilishi. Shu bois, bugun ham u o‘yinga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Milliy jamoadan futbolchilarning qaytarilishi
— Bu masalani Timur Kapadze bilan avvaldan kelishib olgandik. OCHL Elit bosqichidagi o‘yinimiz aniq bo‘lganidan keyin, O‘zPFLdan uchrashuvni ko‘chirishni iltimos qildik va ular yordam berishdi. Milliy jamoa murabbiylari ham futbolchilarimizni ertaroq qaytarishdi. Ularga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Alibek Davronov terma jamoada qoldirildi, chunki Kapadze agar biror o‘yinchi muhim bo‘lsa, men uni olib qolaman degandi.
OCHL oldidan jamoa kayfiyati
— Elit OCHLda raqiblar kuchli va mashhur Yevropa yulduzlarini jalb etmoqda. Biz yaxshi tushunamizki, bu musobaqada oson raqib yo‘q. Barchasiga munosib qarshi turishga harakat qilamiz. Xohish va intizom bo‘lsa, barcha to‘siqlarni yengish mumkin.
“Buxoro” bilan o‘yin va OCHL farqi
— Bu ikki musobaqani taqqoslab bo‘lmaydi. Superligada hujumdagi samaradorlik muhim bo‘lsa, OCHLda esa intizom va himoya birinchi o‘ringa chiqadi. U yerda har bir mayda detal katta ahamiyatga ega.
Ro‘ziqul Berdiyev: “OCHL oldidan jamoa yaxshi ruhda”
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar