“U nafaqat hind, balki dunyo go‘zaliga aylangan yulduz” Ayshvariya Ray tarixi

Aytishlaricha, mashhur model Ayshvariya Ray “Hindiston go‘zali” tanloviga hujjat topshirganida, 20 nafar nomzod bu turdagi sohibjamolning borligini ko‘rib, ishtirok etishdan voz kechgan. Bugungi kunda Ayshvariya nafaqat hind, balki G‘arb kino olamida ham yirik yulduz, shuningdek, tanlov tarixidagi “Eng muvaffaqiyatli dunyo go‘zali” unvonining mutlaq sohibasidir.
Rayning shou-biznes olamiga kirishi: umid va intilish
Ayshvariya shou-biznesga qadam qo‘yishiga ishonish qiyin edi, chunki uning oilasi kino olamidan ancha uzoq edi.
Bolalik va ta’lim: Shifokorlikni orzu qilgan aqlli qiz
Ayshvariya Ray 1973 yil 1 noyabrda Hindiston armiyasi biologi Krishnaraj Ray va uy bekasi Vrinda oilasida dunyoga kelgan. Oila kichik sanalar edi: o‘g‘li Aditya (hozirda dengiz floti ofitseri) va qizi Ayshvariya.
Ray sulolasi Janubiy Hindiston, Karnataka shtati, Mangalor shahridan kelib chiqqan. Ayshvariya bolaligidan uch til — ingliz, hind va ona tili tuluda erkin so‘zlashgan. 1970 yillarning o‘rtalarida otasining ishi bois oila Mumbayga ko‘chib o‘tdi.
Do‘stlari va yaqinlari eslashicha, Aysh har doim o‘qishda yetakchi bo‘lgan va raqs san’atiga qiziqqan. U o‘z dastlabki intervyularida shunday degan edi:
“Men sinfda har doim birinchi bo‘lganman. Faqat bir marta, 7-sinfda uchinchi bo‘lib qolganman. Bu menga qanchalik og‘ir bo‘lganini yaxshi eslayman. O‘shanda eng zo‘ri bo‘lish qanchalik muhimligini tushunganman. Shundan keyin kunlab uxlamay, tunlab dars tayyorlab, barcha fanlarda yana birinchi bo‘ldim”.

Modellikdan dunyo sahnasiga: yulduzlikka yo‘l
Uning go‘zalligi haqidagi gap-so‘zlar tez tarqalgan. Sinfdoshlari va ustozlari ko‘k ko‘zli Ayshvariyani ko‘rish istagida kollej darvozasi oldida navbatga turganini eslaydi.
Kollejdagi ustozi unga portfolio qilishni maslahat bergan. Bu ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lishidan avvalgi davrda bo‘lgan. Fotosuratchilar Gautam Rajadhyaksha va Farrox Chotia uni oddiy talabadan professional modelga aylantirdi.
1993 yilda Amir Xon bilan Pepsi reklama roligi qizning karyerasini o‘zgartirdi. Shundan so‘ng u janubiy hududlarda turli tillardagi reklamalarda ko‘rinish boshladi. Do‘stlarining maslahati bilan “Hindiston go‘zali — 1994” tanloviga hujjat topshirdi. 20 nafar qizning qatnashishdan voz kechishi esa shov-shuvli voqea bo‘ldi.
Tarixiy g‘alaba va oilaviy baxt
Musobaqada Ayshvariya peshqadam edi, lekin so‘nggi turda Sushmita Senga yutqazib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, u darhol “Dunyo go‘zali — 1994” tanlovida rekord ball bilan g‘olib bo‘ldi. 20 yildan so‘ng, 2014 yilda u tarixdagi “Eng muvaffaqiyatli dunyo go‘zali” deb e’tirof etildi.
G‘alabadan so‘ng kino olamiga qadam qo‘ydi. 1997 yilda Mani Ratnamning “Duet” filmda debyut qildi. Tez orada u Bollivudning eng talabgir aktrisasiga aylandi va o‘n yildan so‘ng Gollivud ekranlarida ham ko‘rindi.
2007 yilda u Abxishek Bachchan bilan turmush qurdi. 2026 yilga kelib, ularning nikohi 19 yillik mustahkam va namunaviy oilaviy rishtaga aylandi.

Bugungi faoliyat
Ona bo‘lganidan so‘ng Ayshvariya ekranlarda kamroq ko‘rina boshladi. So‘nggi yillardagi eng yirik loyihasi Mani Ratnam tomonidan suratga olingan “Kaverining o‘g‘li” epik dramasi bo‘ldi (2022-2023).
Film tanqidchilarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi va tamil kinosi tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan filmlardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda ham Ayshvariya Ray nafaqat hind kinosining yuzi, balki jahon miqyosida go‘zallik va nafosat ramzi bo‘lib qolmoqda.