09:28 / 06.09.2018
5 097

Maqom Oʻzbekiston brendi sifatida dunyoga tanilmoqda

Maqom Oʻzbekiston brendi sifatida dunyoga tanilmoqda
Maqom Oʻzbekiston brendi sifatida dunyoga tanilmoqda. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi shu haqida xabar berdi.

Shahrisabz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 6-10 sentyabr kunlari I Xalqaro maqom forumi oʻtkazilmoqda. Shu maqsadda sohibqiron Amir Temurning mahobatli haykali oʻrnatilgan Oqsaroy maydoni hududida har bir viloyatning oʻziga xos milliy urf-odat va anʼnalari, tarixiy obidalarini aks ettiruvchi namunalar oʻrnatilgan. Bu yerda turli sahna koʻrinishlari, milliy kuy-qoʻshiqlar, yallayu laparlar ijro etilmoqda.

Xalqaro maqom sanʼati anjumanida 75 davlatdan 300 dan ortiq sanʼatkorlar ishtirok etish istagini bildirgan. Mahalliy elektron va bosma OAV vakillaridan tashqari koʻplab chet el ommaviy axborot vositalari xodimlari mazkur anjumanni yoritish uchun roʻyxatdan oʻtgan.

Ayni paytda I Xalqaro maqom forumi ishini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun maxsus tashkil etilgan Matbuot markazi mahalliy va xalqaro jurnalistlar bilan gavjum. U yerda “Rossiya 1” telekanali, Turkiyaning TRT telekompaniyasi ijodkorlari hamda 20 dan ortiq mahalliy OAV vakillari ish olib bormoqda.

Foto: Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi
“Anjumanni yuksak saviyada oʻtkazish uchun puxta tayyorgarlik koʻrilgan, – deydi “Rossiya 24” telekanali jurnalisti Robert Fransev. – Oqsaroy hududida mamlakat viloyat va shaharlarining diqqatga sazovar joylari, tarixiy obidalari, milliy urf-odat va anʼanalari namunalari tashkil etilgani tadbirga oʻziga xos mazmun bagʻishlamoqda. Bu menda katta taassurot qoldirdi. Maqom sanʼati Oʻzbekistonning milliy brendi sifatida dunyoga tanilishi, shubhasiz”.

Taʼkidlash joizki, jurnalistlarga maʼlumot olishda qulaylik yaratish maqsadida Anjumanning rasmiy www.maqomforum.uz sayti ishga tushirilgan. Ushbu saytdan tadbir haqida nafaqat eng soʻnggi yangilik va maʼlumotlarni, balki foto va videomateriallarni ham olish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Maqom Oʻzbekiston brendi sifatida dunyoga tanilmoqda