
Yaqin kelajakda oliy ta’limdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri amalga oshirildi – prezident tomonidan “Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoyish imzolandi, deb xabar berdi Huquqiy axborot.
Ushbu hujjat asosida 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab, keyingi to‘rt yil mobaynida davlat OTMlariga ajratiladigan qabul parametrlari aniq belgilab qo‘yildi. Bu esa, o‘z navbatida, har yili minglab yoshlar uchun davlat granti asosida oliy ta’limda o‘qish imkoniyatini taqdim etadi.
E’tiborli jihati – farmoyishda bakalavriat va magistraturaning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha aniq raqamlar keltirilgan:
Bakalavrlar uchun:
- 2025–2026: 35 500 nafar talabagacha;
- 2026–2027: 36 023 nafar;
- 2027–2028: 36 460 nafar;
- 2028–2029: 36 761 nafar.
Magistrlar uchun:
- 2025–2026: 9 922 nafar talabagacha;
- 2026–2027: 10 191 nafar;
- 2027–2028: 10 477 nafar;
- 2028–2029: 10 784 nafar.
Bunda faqatgina davlat OTMlari emas, balki mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar, ularning filiallari hamda xususiy ta’lim muassasalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan:
- 1 320 ta davlat granti xorijiy va nodavlat OTMlar o‘rtasida taqsimlanadi;
- Xorijda istiqomat qilayotgan va vatanida o‘qishni xohlayotgan yoshlar uchun 30 ta alohida davlat granti ajratiladi;
- Xotin-qizlar uchun esa Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda 4 000 ta maxsus grant yo‘naltiriladi.
Bularning barchasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Davlat komissiyasiga taqdim etiladigan takliflar asosida amalga oshiriladi.
Ya’ni, keyingi yillarda oliy ma’lumot olishni rejalashtirayotgan yoshlar uchun imkoniyatlar yanada kengayadi. Davlat grantlarining bosqichma-bosqich ko‘payishi ta’lim sohasida teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan muhim qadamlardan biri sifatida qayd etiladi.
Ta’lim olishga bo‘lgan talab va raqobat yuqori bo‘lib turgan bugungi zamonda ushbu farmoyish yoshlar uchun yangi eshiklarni ochadi va kelajakda bilimli, salohiyatli mutaxassislarni yetishtirishga xizmat qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar