
Yevropa futboli afsonasi, UYEFAning sobiq prezidenti Mishel Platini yana jamoatchilik diqqat markazida. Fransiyalik sobiq rahbar o‘tgan hafta jurnalistlar bilan suhbatda FIFA bilan bog‘liq voqealar haqida keskin bayonot berdi va o‘zini “Shveysariya mafiyasi qurboni” deb atadi.
Platinining so‘zlariga ko‘ra, unga qarshi ayblovlar ataylab tuzilgan ssenariy bo‘lgan, asosiy maqsad esa uni FIFA prezidenti bo‘lish imkoniyatidan mahrum etish bo‘lgan.
“FIFA menga qarshi haqoratli va yolg‘on ayblovlar bilan chiqdi. Ular meni prezidentlikka chiqishimdan to‘xtatish uchun qurbon qilishdi. Men futbolchi va rahbar sifatida faqat sof mehr bilan ishlaganman, lekin kimgadir bu yoqmagan”, — dedi Platini.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilda Platini o‘sha paytdagi FIFA prezidenti Yozef Blatterdan 2 million Shveysariya franki olgani uchun ayblangandi. Bu holat uning FIFA prezidentligiga nomzod bo‘lish imkonini yopib, faoliyatini uzoq muddatga to‘xtatgan.
Biroq 2025-yilda Shveysariya apellyatsiya sudi Platini va Blatterni korrupsiya ayblovlaridan to‘liq oqladi. Sud qaroridan so‘ng u shunday dedi:
“Mening hayotimdagi eng og‘ir yillar nihoyat tugadi. Futbol men uchun nafaqat ish, balki orzu edi. Ammo uni mendan tortib olishdi. Men hech qachon korrupsiya bilan shug‘ullanmaganman — men faqat futbolni yaxshi ko‘rgan odamman.”
Platini hozirda FIFA rahbarligiga qaytish niyati yo‘qligini aytdi, biroq u haqiqat bir kuni albatta to‘liq ochilishini ishonch bilan ta’kidladi.
“Mening orzum — FIFAni toza, shaffof va odil tashkilotga aylantirish edi. Ammo ayrim kuchlar buni xohlamadi. Ular o‘sha paytda g‘alaba qozongandek bo‘ldi, ammo haqiqatni abadiy yashira olmaydi”, — dedi u.
Jurnalistlar Platinining bu gaplarini futbol tarixidagi eng shov-shuvli bayonotlardan biri deb baholashdi. Chunki u ilk bor FIFA ichidagi “soyadagi tuzum” haqida ochiq gapirdi.
Platini 2007–2015-yillar davomida UYEFAni boshqargan va Yevropa futbolida islohotlar, Liga chempionlarining yangi formati hamda moliyaviy feyr-pley tizimini joriy etish bilan yodda qolgan. Uning tashabbuslari tufayli UYEFA moliyaviy barqarorlikni ta’minlab, klublar o‘rtasida teng raqobat muhitini yaratgan edi.
Shu bilan birga, u hozir ham Yevropadagi futbol institutsiyalari holati haqida fikr bildirib turadi. Yaqinda Platini futboldagi katta mablag‘lar, siyosiy ta’sir va shaffoflik muammolari haqida ham og‘ir so‘zlar aytgandi.
Ko‘pchilik uning qaytishiga ishonmasa-da, Platini nomini futbol tarixidan o‘chirishning iloji yo‘q. Uning o‘yin uslubi, rahbarlik mahorati va halollikka bo‘lgan ishonchi uni hanuz millionlab muxlislar uchun afsona sifatida saqlab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!