date

Voyaga yetmaganlar uchun jinoiy javobgarlik tartibi yengillashtirildi

Voyaga yetmaganlar uchun jinoiy javobgarlik tartibi yengillashtirildi

O‘zbekistonda voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik tizimi yangicha tartibda ko‘rib chiqildi. Joriy yil 23-oktyabrda qabul qilingan O‘RQ–1092-son qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Yangi normaga muvofiq, agar shaxs 18 yoshga to‘lmasidan jinoyat sodir etgan bo‘lsa va jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgan bo‘lsa, u sudlanmagan hisoblanadi. Ya’ni, bunday holatda uning sudlanganligi haqida ma’lumot bazasida qayd qoldirilmaydi. Bu qaror o‘smir yoshdagi shaxslarning kelajakda jamiyatga qayta integratsiya qilinishini osonlashtirishga qaratilgan.

Biroq bu yengillik barcha holatlarga taalluqli emas. Qonunga ko‘ra, agar shaxs o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan bo‘lsa yoki jazosini o‘tab bo‘lganidan keyin ham 18 yoshga to‘lguncha qasddan yangi jinoyat sodir etsa, u holda mazkur imtiyoz qo‘llanilmaydi.

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etish jazolarining minimal muddati ham qisqartirildi. Ilgari bu muddat olti oy deb belgilangan bo‘lsa, yangi qonunga ko‘ra, u bir oygacha kamaytirildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar jinoiy siyosatni insonparvarlik tamoyillariga moslashtirish, yosh avlodni jamiyatdan chetlatmaslik va ularga tuzalish imkonini berish maqsadida amalga oshirilgan.

Yangi tartib orqali sudlar yoshlarga nisbatan javobgarlik choralarini qo‘llar ekan, ularning psixologik holati, tarbiya darajasi va jinoyatni sodir etish sabablarini ham inobatga oladi.

Qonunchilikdagi bu yangiliklar voyaga yetmaganlar uchun jinoiy tizimni qayta isloh qilish va ularni tuzatishga yo‘naltirilgan gumanistik yondashuvni yanada mustahkamlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Voyaga yetmaganlar uchun jinoiy javobgarlik tartibi yengillashtirildi