date

Mustaqillik ruhiyati nima? Istiqlol uchun eng kerakli unsurlar

Mustaqillik ruhiyati nima? Istiqlol uchun eng kerakli unsurlar

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillarda va qisman keyinchalik ham jamiyatda “mustaqillik mulozimlar uchun qulaylik berdi, oddiy xalqning ahvoli esa keskin ijobiylashmadi” degan qarash chuqur ildiz otgan edi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz’dagi kolonkasida bu qarashning ildizlari va mustaqillikni saqlashning ikki omili haqida so‘z yuritadi.
O‘zbekiston mustaqilligiga hademay 34-yil to‘ladi. Bu – bir asrning uchdan biri demakdir. Mustaqillikni anglash va mustahkamlash – har bir davr uchun alohida vazifa. Chunki davr o‘zgarishi bilan mustaqillikning ma’no-mazmuni ham qisman o‘zgarib, boyib boradi. Mustaqillikka bo‘lgan yashirincha va oshkora tahdidlar ham davrlar osha o‘zgarib boradi.
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1991-yilda jamiyatimiz ham, davlatimiz ham bu ne’matning mohiyatini to‘liq anglamagan bo‘lsak kerak. Buning sabablari bir qancha.
Avvalo, jamiyatimizda “mustaqillik – bu davlat uchun, hukumat uchun, mulozimlar uchun qulaylik berdi, lekin oddiy xalqning ahvoli keskin ijobiylashmadi” degan skeptik qarash ancha chuqur ildiz otgan edi. Chunki ijtimoiy tafakkur asrlar davomida shakllanadi. Ijtimoiy tafakkurdagi har qanday qarash, qadriyat yoki munosabatning ildizlari ancha chuqur shakllangan bo‘ladi. Xo‘sh, O‘zbekiston ijtimoiy tafakkuridagi mustaqillikni anglashdagi skeptitsizmning sabablari nimada edi?
Mustaqillikka munosabat – bu faqat mafkuraviy, emotsional narsa emas. Balki bu munosabatning ijtimoiy psixologik va sotsiologik jihatlari ham bor. Jamiyatni tushunish va ta’bir qila olish qobiliyati – davlatning istiqbolini, qudratini belgilab beruvchi omillardan hisoblanadi.
Bizning mustaqillik borasidagi qarashlarimiz, bu qarashlarning salmog‘i va sifati – dunyoning boshqa jamiyatlarida uchramaydigan holat. Chunki zamonaviy tarixda eng oxiri parchalangan eng yirik davlat, imperiya – bu sobiq SSSR hisoblanadi. Ya’ni biz eng kech mustaqil bo‘lgan davlat va jamiyatlardan birimiz. Qolaversa, haliga qadar bizni sobiq metropoliyaga bog‘liqligimiz juda yuqori. Shuningdek, kechagi imperiyaning o‘zak davlati bo‘lmish Rossiya bugungi kunda katta urush olib bormoqda, va mana shu urushga munosabatda ham O‘zbekiston jamiyati bo‘linganini ko‘rish mumkin. Bu bo‘linish chuqur va kattaligi ko‘rinib turibdi, bu urushni talqin qilishda mustaqillikdan ko‘ra boshqa qarashlar, odamlar ongidagi ustuvor qatlamlar borligini ko‘rish mumkin.
Nega ijtimoiy tafakkurimizda Mustaqillikka, davlatga va millatga bo‘lgan ishonchda skeptitsizm urug‘lari bor? Gap shundaki, har bir jamiyatning tarixiy evolyutsiyasi bo‘ladi. O‘zbekiston jamiyati va xalqining keyingi asrlardagi tarixiy evolyutsiyasi shuni ko‘rsatadiki, jamiyat o‘z hayotini erkinlik bilan yetarli darajada to‘yintira olmadi, davlatni o‘ziga bog‘lay olmadi, davlat va jamiyat – alohida-alohida segment sifatida qoldi, qolaversa, davlat va jamiyat o‘rtasida muttasil ziddiyatlar bo‘lib keldi.
Shuning uchun jamiyat va xalq davlatga ishonmadi, davlatga ishonishni – ijtimoiy manfaatlarga xiyonat o‘laroq talqin qilishga moyil bo‘lib keldi. Uchta xonlik, Chor Rossiyasi mustamlakasi, bolsheviklar hokimiyati va SSSR davri. Bu davrlarda davlatga, ya’ni hokimiyatga, hukmdorlarga ishonchsizlik va ulardan begonasirash – tarixiy yuqori pallaga yetdi. Mustaqillik qo‘lga kiritilgach ham, davlat boshqaruv sinfining tafakkuri, tabiiy ravishda, tezda o‘zgarmadi. Xavfsizlik va barqarorlik nomi bilan erkinlikdan qo‘rqish, undan hadiksirash, u bilan kurashish davom etdi. Natijada, erksiz xavfsizlik va barqarorlik – xalqning davlatdan masofa saqlashiga, begonasirashiga va ishonchsizlikka sabab bo‘ldi.
Mustaqillikni anglash uchun eng muhim narsa – ong. Ong faqat erkin bo‘lgandagina mustaqillikni anglay oladi. Ayni paytda, erkinlik – bu universal qadriyat. Erksizlik nima ekanini erki bo‘lmagan inson ham doim his qilib turadi. Yirik siyosiy mutafakkirlar zamonaviy davlatlar uchun eng muhim qadriyatlar – erkinlik va ishonch ekanini alohida urg‘ulashadi. Bunda, jamiyat erkinlik sharoitida o‘zaro ishonch darajasini yuqori darajaga chiqara olishi muhim ekanini aytishadi. Bir tomondan insonlar, jamiyat, xalq erkin bo‘lsin, va bu erkinlik jamiyatni parokanda qilmasin, aksincha, siyosiy plyuralizmni saqlagan holda, insonlar muhim masalalarda o‘zaro muttasil hamkorlik qilsin, o‘zaro ishonch darajasi yuqori bo‘lsin – mana shu davlat va jamiyat taraqqiyotini belgilab berishi ko‘p aytiladi.
2016-yilga qadar O‘zbekistonda davlatdan begonasirash, jamiyatda o‘zaro bir-biridan hadiksirash darajasi ancha yuqori edi. Keyingi 8-yil ichida ijtimoiy tafakkurimizda juda unikal jarayonlar ketmoqda. Ijtimoiy tafakkurdagi qo‘rquv erib, jamiyatda erkinlik ruhiyati yaxshigina shakllanib bormoqda. Mustaqillikka erishgan ko‘plab davlatlar, o‘z mustaqilligining boshida katta muammolarga yuz tutgan, davlatdan ko‘ngli to‘lmagan holatlar ko‘p kuzatilgan. Lekin milliy mustaqilligi o‘z qo‘lida bo‘lgan xalqlar, erki va o‘zaro ishonchi orqali vaziyatni o‘zgartirib borishgan. Oddiy qilib aytganda, biz o‘zbekistonliklar uchun ham, muammolar bo‘lgan va bor, lekin Mustaqil davlat bo‘lar ekanmiz, ularni qanchalik samarali yechish – o‘z qo‘limizda. Asosiysi – o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilaymiz.
Menga xorijda yashaydigan bir turkiy-musulmon do‘stim yozib turadi. U o‘z tilida, men o‘zbek tilida gaplashib turamiz. Bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz. Tarjimon kerak emas. O‘sha do‘stim ko‘p takrorlaydi: “Sizlar mustaqillikni ko‘z qorachig‘idek asrashingiz kerak. Bu mustaqillik faqat sizlar uchun emas, bizlar uchun ham muhim. Qachondir biz o‘z erkimizni o‘z qo‘limizga olsak, biz o‘z tilimiz, dinimiz, urf-odatlarimizni qayta tiklash uchun – sizlarga, o‘zbeklarga, o‘zbekistonliklarga murojaat qilamiz. Chunki biz juda yaqinmiz! Shuning uchun sizning mustaqilligingiz nafaqat o‘zingiz uchun, balki biz uchun ham juda kerak!”
Muhtaram yurtdoshlar, Milliy mustaqilligimiz muborak bo‘lsin! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mustaqillik ruhiyati nima? Istiqlol uchun eng kerakli unsurlar