date

O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari soni keskin kamaydi

O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va urush yillarining tirik guvohlari soni yil sayin kamayib bormoqda. 2026 yil 6 may holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 60 nafar urush qatnashchisi va ularga tenglashtirilgan shaxslar hayot kechirayotgani ma’lum qilindi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ro‘yxatdan 14 nafar to‘g‘ridan to‘g‘ri jangovar harakatlarda ishtirok etgan front faxriylari o‘rin olgan. Shuningdek, 14 nafar urush nogironi ham hozirda yurtimizda istiqomat qilmoqda.

Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushi yillarida Leningrad qamalining og‘ir va dahshatli kunlarini boshdan kechirgan 13 nafar inson ham hayot. Ular tarixning eng mashaqqatli va fojeali davrlaridan birining tirik guvohlari hisoblanadi.

Ro‘yxatdan yana 19 nafar sobiq konslager mahbuslari ham o‘rin olgan. Ular urush yillarida og‘ir azob-uqubat va qiyin sinovlarni boshdan kechirgan insonlar sifatida katta hurmatga sazovor.

Ma’lumot uchun, avvalroq Prezident farmoni bilan Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan edi. Unga ko‘ra, har bir faxriyga bir martalik pul mukofoti ajratilishi tasdiqlangan.

Mutaxassislar fikricha, bu insonlar nafaqat tarixning tirik sahifasi, balki jasorat, matonat va Vatanga sadoqat timsoli hisoblanadi. Shu bois ularga ehtirom ko‘rsatish va g‘amxo‘rlik qilish jamiyatning muhim burchlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ayni kunlarda mamlakat bo‘ylab Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli uchrashuvlar, bayram tadbirlari va faxriylar holidan xabar olish ishlari tashkil etilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari soni keskin kamaydi