Toshkent bozorlarida haqiqatan ham bo‘yalgan pomidor sotilganmi?

Toshkent shahar hokimligi poytaxt bozorlarida kimyoviy bo‘yoqlar bilan ishlov berilgan pomidorlar sotilayotgani haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qildi. Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari barcha yirik bozorlarda o‘rganish ishlarini amalga oshirdi. O‘tkazilgan tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, bo‘yalgan sabzavot mahsulotlari savdosi holatlari aniqlanmadi.
Avvalroq ayrim axborot manbalarida Toshkent bozorlarida kimyoviy bo‘yoqlar bilan ishlov berilgan pomidorlar sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Toshkent shahar hokimligi ushbu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmaganini bildirdi. Qayd etilishicha, poytaxtdagi oziq-ovqat bozorlarida maxsus tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari barcha yirik bozorlarda o‘rganish ishlarini amalga oshirgan. Tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, kimyoviy bo‘yoqlar bilan ishlov berilgan sabzavot mahsulotlari savdosi holatlari aniqlanmagan.
Shahar hokimligi aholining oziq-ovqat xavfsizligiga befarq bo‘lmayotganini ijobiy baholab, fuqarolarga faollik uchun minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari va internet sahifalari ma’murlaridan bunday xabarlarni tarqatishdan oldin rasmiy manbalar orqali aniqlashtirish so‘ralgan.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish qonunchilik doirasida javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.































Izohlar 0
…