22:56 / 10.07.2017
4 720

O‘zbekiston xorijda jinoyat qilgan fuqarolarini himoya qilishi kerakmi?

O‘zbekiston xorijda jinoyat qilgan fuqarolarini himoya qilishi kerakmi?
«Kamolot» yoshlar harakati Qurultoyida Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijdagi yoshlar, ayniqsa, ishchi-migrantlar ham O‘zbekiston fuqarolari ekanini va doim davlat himoyasida bo‘lishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Tashqi ishlar vazirligiga xorijiy davlatlarda ham Yoshlar ittifoqi tashkiloti bilan birgalikda yoshlar hamda fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga bir oy muhlat berildi.

Bundan biroz avval Qozog‘iston hududida avtobus halokatida vafot etgan va jabr ko‘rgan O‘zbekiston fuqarolariga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilib, ularning jasadlari olib kelinishiga Tashqi ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi yordamida maxsus samolyot reysi tashkil qilingani ham yaqin O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan ijobiy ish bo‘lib, davlat fuqarolar uchun qanchalik qayg‘urishi, davlat idoralari o‘zlarining Konstitusiya va qonunlarda belgilab qo‘yilgan fuqarolar manfaatlari uchun xizmat qiluvchi vazifalarini bajarayotganini ko‘rsatadi.

Yaqinda tashkil etilgan Xalqaro Press-klubda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan bo‘lgan suhbatda ham xorijdagi va mamlakat ichidagi fuqarolarni qiziqtirgan ko‘plab savollar muhokama qilindi. Tushgan savollardan biri Shuhrat Kalonov tomonidan Turkmanistonda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan O‘zbekiston fuqarosining jazoni o‘tash muddatini O‘zbekistonga ko‘chirish to‘g‘risida iltimos bo‘ldi. Ammo Bosh prokuratura xodimi Xatamov tomonidan muvofiq javob berilmadi. Javob tariqasida aytilgan gaplar umumiy bo‘lib, aynan shu shaxsga yoki boshqalarga shunga o‘xshash holatlarda qanday amaliy yordam qilinishi lozimligi yoki O‘zbekiston hukumati qanday ko‘mak bera olishi tilga olinmadi.

Shu o‘rinda, keling, O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra bunday holatlarda xorijdagi fuqarolar manfaatlarini davlat organlari qanday himoya qilish lozimligi borasida biroz muhokama qilamiz.

Yaqingacha xorijda O‘zbekiston fuqarolarining davlat himoyasida ekani amalda sezilmasdi. O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekiston xorijdagi elchixona va konsulliklariga ishi tushmaslik uchun iloji boricha o‘zini olib qochib yurar edi. Xalqaro Press-klubdagi suhbatda vazir Abdulaziz Komilov aytganidek, agar asosiy vazifalardan biri bu xalqaro miqyosda O‘zbekiston obro‘sini ko‘tarish bo‘lsa, unda, albatta, ishni xorijdagi o‘z fuqarolariga bo‘lgan hurmat va ko‘makdan boshlash lozim.

Turkmanistonda ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi misoliga qaytamiz. Masalaga huquqiy jihatdan yondashamiz va quyidagi savollarga javob izlaymiz: Bir davlat fuqarosi boshqa bir davlatda sudga tortilishida xalqaro huquq normalari amal qiladimi? Bunday holatda davlatlarning qanday majburiyatlari bor?

Konsullik aloqalari to‘g‘risidagi Vena Konvensiyasiga ko‘ra, o‘zga davlat fuqarosini sudlayotgan davlat ayblanuvchiga o‘z davlatidan huquqiy himoya olishi mumkinligi haqida ma’lum qilishi kerak. Ya’ni, biz ko‘rayotgan holatni gipoteza qilib oladigan bo‘lsak, Turkmaniston jinoiy javobgarlikka tortilayotgan O‘zbekiston fuqarosi o‘z davlatidan yuridik yordam va himoya olish huquqiga egaligi to‘g‘risida Turkmaniston tomonidan sudga tortilayotgan shaxs xabardor qilinishi kerak. Turkmaniston, shuningdek, rasmiy Toshkentga (O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi orqali) O‘zbekiston fuqarosi ustidan jinoiy ish ochilgani va ularga qo‘yilgan ayblovlar to‘g‘risida xabar berishi shart.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham Konsullik Aloqalari to‘g‘risidagi Vena Konvensiyasiga a’zo davlatlar hisoblanadi (Malayziya ham a’zo). Afsuski, Turkmanistonda jazo muddatini o‘tayotgan vatandoshimiz ishida bunday prosedural harakatlar amalga oshirilganmi yoki yo‘qmi, bu haqda bizda ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston mamlakat tashqarisida ham o‘z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi o‘z fuqarolari oldida mas’ul hisoblanadi. O‘zbekistonning o‘z fuqarolari oldidagi bunday burchini amalga oshirish Tashqi ishlar vazirligining to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatiga kiradi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Nizomiga ko‘ra, vazirlikning asosiy vazifasi xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning davlat manfaatlarini va uning fuqarolari huquqlarini himoya qilishdir. Vazirlik chet mamlakatlar bilan aloqalarda diplomatik vakolatxonalar orqali ish ko‘radi.

Yuqoridagi Nizomga ko‘ra, diplomatik vakolatxonalar o‘zlari bo‘lgan davlatda O‘zbekiston Respublikasi va uning fuqarolarining manfaatlarini xalqaro huquq hamda bu davlatlar bilan ikki tomonlama mavjud shartnomalar va bitimlar, shuningdek, har ikkala davlat qatnashchi hisoblangan ko‘p tomonlama shartnomalar doirasida himoya qiladi. Diplomatik vakolatxonalarga elchixonalar hamda konsullik muassasalari kiradi. O‘zbekiston Respublikasining Konsullik Ustaviga ko‘ra, konsullik muassasalari chet ellarda O‘zbekiston Respublikasining, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Demak, O‘zbekiston har qanday jinoiy javobgarlikka tortilayotgan xorijdagi fuqarosiga huquqiy yordam berishi (malakali advokat bilan ta’minlashi) va ularning manfaati uchun kurashishi kerak.

Mavzu yanada batafsil tushuntirish uchun shu sohada muhim bo‘lgan misolga o‘tsak. 2013 yilda Malayziya sudi O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosini o‘lim jazosiga hukm qilgan edi. Hukmga ko‘ra, ikki ayol va bir erkak kishidan iborat o‘zbekistonliklar Malayziyaga narkotik modda olib kirishda aybdor deb topilgan va mamlakat qonunlariga ko‘ra, eng oliy jazoga loyiq topilgan. Mazkur ish bilan bog‘liq xorij ommaviy axborot vositalarini kuzatganimizda (O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari yoritmagan ham edi), O‘zbekiston hukumatining biror yordam ko‘rsatgani yoki fuqarolarining himoyasi uchun kurashgani haqida xabarlarga ko‘zimiz tushmadi. Mazkur holatda O‘zbekiston davlatining manfaati bu fuqarolar haqiqatdan aytilgan jinoyatlarni sodir etgan yoki etmaganidan qat’i nazar, ularni o‘lim jazosidan olib qolish bo‘lishi kerak. Chunki, O‘zbekiston 2008 yilda o‘lim jazosini bekor qilgan va shundan beri O‘zbekistonda eng og‘ir jazo turi bu umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi hisoblanadi.

Inson Huquqlari Umumjahon Deklarasiyasiga ko‘ra, har bir shaxs yashash huquqiga ega. Ammo bu hujjat majburiy kuchga ega emas. Shuning uchun o‘lim jazosi ko‘plab davlatlarda o‘ta bahsli masalalardan biri hisoblanadi. Chunki uni qo‘llovchi va unga qarshi taraflarning o‘z qarashlari bor. Ammo insoniylik prinsipi yuzasidan barcha inson huquqlari tashkilotlari va inson huquqlari qadriyatlariga asoslangan davlatlar o‘lim jazosidan voz kechishga boshqa davlatlarni undab keladi. Biz bu maqolada Malayziyaning o‘lim jazosini qo‘llash amaliyotini baholashdan tiyilamiz.

Bo‘lib o‘tgan sud ishiga doir ayrim ma’lumotlarga e’tibor qaratsak. Yangiliklardan ma’lum bo‘lishicha, sudlangan fuqarolar (yoki ularning himoyachisi) Malayziyada narkotiklar savdosi uchun o‘lim jazosi kabi qattiq jazo berilishini bilmaganliklarini aytgan. O‘zbekiston manfaati va O‘zbekiston fuqarolari himoyasi uchun kurashayotgan advokat agar ular aybdor deb topilganda ham, jazoni O‘zbekistondagi muqobil jazoga almashtirgan holda (umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi) uni O‘zbekistonda o‘tashlarini uchun kurashishi lozim edi. Odatda, ikki va undan ortiq davlatlar jinoiy jazolarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro kelishuv va shartnomalarga kirishadi. Masalan, 2006 yil «Evrosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasida jinoiy jazolarni ijro etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv» imzolangan va O‘zbekiston ham unga qo‘shilgan.

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida jinoiy jazolarni amalga oshirish borasida bunday kelishuv mavjud emas, ammo 2008 yildan 2013 yilgacha amal qilgan Huquqiy Hamkorlik Sohasida Memorandum mavjud edi. Garchi Memorandum, asosan, kadrlar almashinuvi hamda intellektual mulk huquqlariga oid bo‘lsa ham, unda umumiy manfaatga doir masalalar yuzasidan qonun hujjatlari bilan almashish hamda tomonlar o‘zaro kelishgan huquqiy hamkorlikning boshqa sohalarida birga ishlashi belgilangan. O‘zbekiston fuqarolari ustidan ochilgan jinoiy ishda adolatni topish ikkala tomonning ham umumiy manfaatiga kiradi.Chunki bu manfaatdorlik ostida 10 kg narkotik modda qanday qilib O‘zbekiston bojxona nazoratidan sezilmasdan chiqib ketdi, degan savol ham turadi. Shuni ta’kidlash kerakki, Memorandum 2013 yil avgust oyida o‘z kuchini yo‘qotgan bo‘lsa ham, 3 nafar fuqaroga nisbatan jinoiy ish 2010 yilda ochilgan va mana shu 3 yil davomida ikkala davlat hamkorlik qilishi uchun Memorandum amalda bo‘lgan.

Xalqaro huquqda shu mavzuga taalluqli mashhur «LaGrand» ishi mavjud. Unda Germaniya fuqarosi bo‘lgan ikki aka-uka (garchi 3-4 yoshidan buyon AQShda yashab kelayotgan bo‘lsa ham) AQShning Arizona shtatida qotillikda aybdor deb topiladi va o‘lim jazosiga hukm qilinadi. AQSh Konsullik Aloqalari to‘g‘risidagi Vena Konvensiyasiga amal qilmasdan, bu ikki Germaniya fuqarosiga ularning Germaniya davlatidan huquqiy yordam va himoya olish huquqi borligi haqida xabar bermaydi va Germaniya elchixonasiga ham ikki fuqaro ustidan jinoiy ish ochilgani va ularga qo‘yilgan ayblovlar haqida ma’lum qilmaydi. Bundan xabar topgan Germaniya AQShni Birlashgan Millatlar Tashkilotning asosiy sud organi – Xalqaro Adolat Sudiga beradi. O‘lim jazosi amalga oshirilishidan bir necha soat avval Xalqaro Adolat Sudi AQShga hukm ijrosini kechiktirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. AQSh sudlari esa Xalqaro Adolat Sudining ajrimini majburiy deb hisoblamaydi va o‘lim jazosini ijro qiladi. Shundan so‘ng, Germaniya AQShga qarshi Xalqaro Adolat Sudida ish ochadi va natijada Xalqaro Adolat Sudi AQSh Vena Konvensiyasiga rioya qilmagan deb topadi hamda Xalqaro Adolat Sudining ajrimlari a’zo davlatlar uchun majburiy kuchga ega ekanligini rasman tasdiqlaydi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston fuqarolari haqida misollarda keltirilgan uch davlat ham Vena Konvensiyasiga a’zo davlatlar hisoblanadi hamda O‘zbekiston, milliy qonunlariga asosan, o‘z fuqarolarini qayerda bo‘lmasin, mamlakat ichkarisidami yoki tashqarisida, himoya qilishi va ularning manfaatlari uchun kurashishi, buning uchun ham huquqiy, ham siyosiy choralarni ko‘rishi lozim.

Dilorom Abdullaeva,
huquqshunos


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston xorijda jinoyat qilgan fuqarolarini himoya qilishi kerakmi?