00:39 / 18.12.2018
3 519

Dunyoga ochilayotgan O‘zbekiston: so‘nggi ikki yilda nimalar o‘zgardi-yu, nimalar o‘zgarmadi?

Dunyoga ochilayotgan O‘zbekiston: so‘nggi ikki yilda nimalar o‘zgardi-yu, nimalar o‘zgarmadi?
Jahon siyosiy sahnasidagi holat, o‘n yil oldinni qo‘ya turaylik, bir yil avvalgi holatdan ham ziddiyatliroq ko‘rinishga keldi. Avval dip­lomatik va siyosiy o‘yinlar bilan o‘z manfaatlarini himoya qilgan tomonlar endi qurol va kuch namoyishi, yengil hamlalar hamda ochiqcha tajovuz harakatlarini ko‘rsatishmoqda. Taassufki, bunday vaziyatda tomonlar har qanday imkoniyatni, jumladan, siyosiy-radikal, diniy ekstremistik yoki terrorchi kuchlarni vujudga keltirish va ularni o‘z maqsadida yo‘naltirishdan ham toymaydi. Katta o‘yinda kichik qurbonlar berilishi tabiiy sanaladi. Bu ming yillardan buyon davom etib kelmoqda. Tarixning insoniyatga berib kelayotgan achchiq sabog‘i bor: «Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi!». Bundan xulosa shuki, buguncha dunyodagi katta siyosiy kuch bo‘lmagan holimizda yelkamizga tushgani – katta o‘yinning kichik qurbonlari bo‘lib qolmaslikdir.

Prezidentga nega oson emas? Tashqi vaziyat. Markaziy Osiyo

Prezident Mirziyoyev dunyo siyosatidagi vaziyat ancha murakkablashgan va kes­kinlashgan paytda hokimiyat tepasiga keldi. U siyosiy hokimiyatni mintaqada qo‘shnilar bilan muammoli, ziddiyatli munosabatlar holatida qabul qildi. Bu munosabatlar aslida faqatgina O‘zbekiston va ikkinchi davlat o‘rtasida, ikki davlat manfaatlari ustida vujud­ga kelgan ziddiyatlar tufayli keskinlashmagan edi.

Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelgan yili qo‘shni Qirg‘izistonda tashqi kuchlar ta’siri ostida mahalliy kichik siyosiy guruhlar 2010 yil voqealari tak­rorlanishi uchun tayyorgarlik ko‘rayotgani O‘zbekistondagi mas’ul idoralar tomonidan aniqlangan.

Boshqa qo‘shnilar bilan munosabatlar ham maqtagulik bo‘lmagan. Yuqoridagi omillar va yillar davomida yig‘ilgan ziddiyatlar oqibatida Tojikiston va O‘zbekiston chegarasida har ikki taraf harbiylarida «o‘zbekofobiya» va «tojikofobiya» shakllangan, maxsus xizmatlar yuzlab oddiy fuqarolarni «shpionaj»da ayblab, jinoiy ishlar ochgan, davlat siyosiy munosabatlari ochiqcha nafrat nuqtasiga kelib qolgan. Qozog‘iston hamda Turkmanis­ton bilan rasmiy siyosiy munosabatlar esa go‘yoki normal ko‘ringani bilan asl siyosiy kayfiyat oddiy odamlar hayotida, ikki millatning bir-biriga munosabatidagi salbiylikda aks etib turardi. Boshqa bir chegaradosh davlat – Afg‘oniston hududidagi siyosiy nobarqarorlik va davlat o‘laroq turli xalqaro harbiy bloklarning mavjudligiga qaramay, turli terrorchi tashkilot va radikal guruhlarning faoliyati tufayli mazkur mamlakat O‘zbekiston uchun olov yanglig‘ tahlikaga aylangandi.

Yevroosiyo

Rossiya bilan munosabatlarda hech qachon qattiq siyosiy ziddiyatga kelinmagan bo‘lsa-da, ko‘pgina xalqaro masalalarda siyosiy pozitsiyaning o‘zgarib turgani o‘rtadagi munosabatlarning anchayin zaiflashuviga olib kelayotgan edi. Ayniqsa, geografik joylashuviga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodi uchun katta imkoniyatga aylanishi mumkin bo‘lgan Rossiya bozori eshiklari hatto yarmigacha ham ochilmagandi. Harbiy ishlab chiqarish sohasida hamkorlik imkoniyatlarining bor-yo‘g‘i 20 foizidan foydalanilar edi.

Yevroosiyo qit’asida eng strategik nuqtada joylashgan qardosh Turkiya bilan munosabatlar esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. Mazkur hududdagi MDHga a’zo boshqa davlatlar bilan ziddiyat kuzatilmasa-da, munosabatlarni yaxshi deb baholash ham qiyin edi.

Umuman olganda, 2016 yil dunyoda Rossiya, AQSh va Xitoy davlatlarining manfaatlari to‘qnashuvi keskinlasha boshlagan davr bo‘ldi. Bu mamlakatlar dunyoning turli mintaqalarida, xususan, Markaziy Osiyoda o‘z ahamiyat va ta’sirini kuchaytirish uchun avvalgidan-da ko‘proq resurs ajrata boshlashdi.

Aynan shu davrga kelib shu paytgacha moliyalashtirilishi ortida davlatlar maxsus xizmatlari turishi «taxmin» qilingan xalqaro terroristik tashkilotlar va radikal siyosiy, diniy guruhlar faoliyatida transformatsiya kuzatila boshladi. Avval biror bir terroristik tashkilot yoki radikal guruhning amalga oshirgan terrorchilik akti yoki hujumi, u har qanday siyosiy yoki diniy vaj bilan amalga oshirilmasin, tahlil qilinganda, albatta qaysidir gegemonlikka da’vogar davlat manfaati o‘rtaga chiqar edi.

Aynan 2015–2016 yillarda dunyo miqyosida ro‘y bergan terrorchilik akt­lari tahlil qilinganda bu hodisalar ortida davlatlar emas, turli darajadagi transmilliy korporatsiya va kompaniyalarning kichik lokal manfaatlari yotganini ko‘rsa bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida maxsus xizmatlar tomonidan tashkil etilgan yoki qo‘llab-quvvatlangan ekstremistik hamda terrorchi guruhlar jilovi ularning qo‘lidan chiqib ketganini anglatadi. Shu sababli ham 2015 yildan so‘ng dunyo avvalgilardan farqli o‘laroq tizginsiz terror bilan yuzma-yuz keldi.

Ustiga-ustak Suriyada tugatilayozgan IShID (O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan) va boshqa kichik radikal guruhlar a’zolari Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlariga turli yo‘llar bilan qaytishni boshladi. Bu esa bevosita davlat xavfsizligiga tahdidning ortib borishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan ikki yil davomida maxsus tayyorgarlikdan o‘tib O‘zbekistonga qaytib «tinchgina» yashayotgan, o‘z vaqti soatini kutib turgan «uyqudagi uya»lar fosh etilgani bir tarafdan DXXning ish samaradorligi oshganligini ko‘rsatsa, boshqa tarafdan xavfning oshganini ham bildiradi.

Xalqaro tashkilotlar, ayniqsa, inson huquqlari va so‘z erkinligi bilan bog‘liq xalqaro tashkilotlar uchun O‘zbekiston ba’zi o‘rinda haqli, ba’zi o‘rinda haqsiz ravishda tanqid nishoniga aylanib qolgan edi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro siyosiy nufuzi va xalqaro maydondagi imijiga putur yetkazayotgandi.

Ichki vaziyat. Muammolar

Shavkat Mirziyoyev Prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga kirishishi bilanoq mamlakat iqtisodiyotining nochor ahvolga kelib qolgani, real yalpi ichki mahsulot raqamlarda ko‘rsatilgandan deyarli uch-to‘rt barobar kam ekani, ishlab chiqarish va eksport hajmi ko‘rsatkichlari ham soxtalashtirilgani, iqtisodni oyoqda tutib turish uchun asosiy kuch xalqning gardaniga soliq solish yo‘li bilangina hal qilib kelingani bilan yuzma-yuz keldi.

Eng dahshatlisi, qonunchilik qanchalik mukammal va silliq ko‘rinmasin, uni amaliyotga joriy etishda qonun ustuvorligi emas, siyosiy guruhlar va kuchlar xohish-istagiga ko‘ra ish ko‘rilayotgan, korrupsiya normal qonuniyatga aylangan, davlat boylik­lari va byudjetini tasarruf etishda jamiyat ehtiyoji emas, guruhlar manfaati prinsipidan kelib chiqilayotgan edi.

OAV har qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, qattiq nazorat ostida tutilib, global muammoni ko‘tarish, tahlil qilish, taklif berish «davlat» tarafidan xush ko‘rilmas edi. Vaziyat shu darajaga borib yetgan ediki, O‘zbekiston davlat madhiyasini yozgan shoirning she’rlarini chop etgani uchun katta gazetaning bosh muharriri lavozimidan olinib, «Istalmaydigan shaxs­lar» («Persona non grata») ro‘yxatiga kiritib qo‘yilgan va ishsiz qoldirilgandi. 2016 yilga kelib bu ro‘yxatda millat ziyolilarining deyarli yarmidan ko‘pi o‘rin olgandi. Natijada ro‘yxatga kirmagan «qulay»lar safida aksariyat maddohlar va siyo­siy targ‘ibot deganda tilyog‘lamalikni tushunadiganlar o‘rin ola boshladi. Ijodkor uchun maddohlik trendga va yashash shartiga, qadriyatga aylana bosh­lagan edi.

Ilm-fan taraqqiyoti, ilmiy tadqiqotlar (zamonaviy dunyo talablari va ehtiyojidan kelib chiqadigan) masalalariga uchinchi darajali masala sifatida qarash normallashgandi.Ijtimoiy nochor va nogironlarga to‘lanadigan nafaqalar «mayli, shu ham ochdan o‘lmasin» degan nuqtai nazardan kelib chiqib belgilanishi normal holat deb qabul qilingandi. Ularning uy-joy masalasida Davlatning bosh qotirishi lozimligi, bu bir Davlat majburiyati ekani haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas edi.

Eng oliy qadriyat sanalgan inson ozodligi va hurriyatiga munosabat, xususan, ishi tergovga tushgan inson avtomatik ravishda jinoyatchi deb baholanishi, umuman, sudda oqlanish mumkinligi xomxayol edi. Ayniqsa, ozodlikdan mahrum etilish xo‘rlikka mahkumlikni anglatardi. Jazoni ijro etish muassasalarida noinsoniy munosabat har bir mahkum uchun qismat edi.

Prezident Mirziyoyev ana shunday murakkab siyosiy-ijtimoiy vaziyatda hokimiyat tepasiga keldi.

Ikki yilda nima o‘zgardi? Tashqi siyosat. Markaziy Osiyo.

Markaziy Osiyoda qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan kibrli munosabatda bo‘lishdan voz kechildi. Prinsipial o‘jarlik o‘rnini kons­truktiv pragmatizm egalladi. Eng asosiysi, «o‘tgan ishga salovat, endi nima qilamiz, og‘alar?» degan pozitsiya – kons­truktiv muloqot qura olish qobiliyati va xohishi mintaqadagi davlatlarning rahbarlariga ham ma’qul bo‘ldi.

Kichik masalalarda o‘rni kelganda yon berildi. Ammo shu orqali katta va yillar davomida yig‘ilgan muammolar yechildi. Birgina Qirg‘iziston bilan o‘ta ziddiyatli munosabatlardagi muammolarni hal etishgina emas, yangi imkoniyatlarni vujudga keltirish mumkinligini ko‘rsatib bergan ­Prezidentimiz Markaziy Osiyo mintaqasida integratsiyalashuv jarayonini boshlab berdi. Qolgan qo‘shni mamlakatlar ham O‘zbekistonning yangi qiyofasi va siyosiy irodasini ko‘rdi. Ishondi. Ayni shaklda ochiq va samimiyat bilan muzokaralarga o‘tirdi.

Xalqaro hamjamiyat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro chegaralar muammolarini hal qilishga tatbiq etish uchun ayni paytda O‘zbekiston tajribasini o‘rganmoqda. Markaziy Osiyo integrallashuvi jarayonining boshlanishi va rivojlanishi esa Prezident Mirziyoyevni, xalqaro siyosiy ekspertlar tan olganidek, faqat kuchli taktik emas, balki kuchli pragmatik strateg sifatida namoyon etdi. Bu esa, o‘z navbatida, G‘arb davlatlarining e’tiborini tortdi.

Ko‘pchilik ekspertlar O‘zbekiston Rossiya ta’siri ostiga tushib qolishini bashorat qilishiga qaramasdan tashqi siyosatdagi pragmatizm va ochiqlik orqali Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston mintaqada barcha bilan tengma-teng, o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnata olishini amalda ko‘rsatdi. Natijada O‘zbekiston milliardlab investitsiyalarni jalb qila boshladi. Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining yutuqlaridan biri sifatida BMT qoshida Orolbo‘yi hududlarga yordam berish xalqaro trast fondi tashkil etilganini ko‘rsatish mumkin.

Umuman, prezident Mirziyoyevning BMTdagi chiqishi va butun dunyoga chin demokratik qarashlarini ifoda etishi, amalda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha real ishlarni boshlab yuborishi ortidan xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistonga so‘zda emas, amalda real demokrat va inson huquqlarini qadriyat deb qaraydigan Prezident bosh­qaruvga kelganini anglab yetdi. Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumining Samarqandda BMT sha’feligida tashkil etilishi O‘zbekistonga Davlat o‘laroq dunyoning munosabati ijobiy tomonga o‘zgarganining isboti bo‘ldi.

Prezident Mirziyoyev inson huquqlarini oliy qadriyat deb bilib, diniy erkinliklar sohasida amalga oshirgan islohotlari samarasida 20 yildirki dunyoda diniy erkinliklar cheklangan mamlakatlar ro‘yxatidan 2018 yilda rasman chiqarilishi katta voqelik bo‘ldi. Buni AQSh Davlat kotibi Maykl Pomeoning shaxsan e’lon qilishi birinchidan, Prezident siyosatining ikki yildagi muvaffaqiyati e’tirofi bo‘lsa, ikkinchidan dunyo siyosiy maydonida O‘zbekiston yangicha qiyofada o‘zini ko‘rsatayotganining dalolati bo‘ldi. Bu yerda nozik bir nuqtaga to‘xtalish shart – o‘tgan 20 yil davomida bu ro‘yxatdan chiqarilgan ikkinchi mamlakat O‘zbekiston bo‘ldi.

Mamlakat ichkarisi

Ichki siyosatda Prezident Mirziyoyev o‘zini o‘zi aldash – yolg‘ondan voz kechish, mavjud muammolarni tan olib, ularni bartaraf etishni boshladi. Xalqdan uzilib qolgan, rasmiy e’lon qilingan raqamlarga oshufta bo‘lib yurgan davlat boshqaruv apparati kadrlarini xalqning ichida yurib, eshikma-eshik kirib xalqning dardini eshitish, real holat bilan tanishishga majbur qildi. ­Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan arizalarni xolis o‘rganish va tezkor shaklda masalalarni hal etish tizimini yaratdi.

Bu qadamlarning mantiqiy davomi o‘laroq korrupsiyaga qarshi kurashni kun tartibining eng ustuvor masalasiga olib chiqdi. Poraxo‘rlik va ta’magirlik kim tomonidan amalga oshirilishidan qat’i nazar, jazo muqarrarligi amalda o‘z isbotini topyapti.

Prezident Mirziyoyev o‘z oldiga qo‘ygan – yangi O‘zbekiston siyosiy realligini yaratishda avtokratik emas demokratik yo‘lni tanladi – so‘z erkinligini ta’minlash uchun ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minladi. Shu o‘rinda bir jihatga alohida to‘xtalib o‘tish joiz: mamlakatdagi o‘ta og‘ir siyosiy-ijtimoiy holatda so‘z erkinligiga yo‘l ochib berilishi ­Prezidentning siyo­siy xavfsizligi uchun tahlikali edi aslida. Chunki turli siyosiy guruhlar o‘z vakolatidan foydalangan holda OAVni davlat rahbarining siyo­siy pozitsiyalarini zaiflashtirish uchun qo‘llashi ehtimoli bor edi. Ammo prezident Mirziyoyev bundan cho‘chimadi. Buning natijasida OAVga kirib kelgan erkinlik joylarda davlat islohotlari ijrosini nazorat qilishga ko‘maklashmoqda.

«Istalmas»lar ro‘yxatiga kiritilgan ijodkor va ziyolilarni adabiyot va jamoatchilik sahnasiga qaytardi. Bundan tashqari, o‘n minglab vatandoshimiz o‘z e’tiqodi tufayli kiritilgan «Qora ro‘yxat» amaliyotiga barham berdi. Turli xil g‘iybat va tuhmat bilan qamalganlar ozod etildi. O‘zbekiston hibsxonalarida siyosiy ayblov bilan qamalgan birorta jurnalist qolmadi.

Millatning muhtarami sanalgan o‘qituvchi va ilm-fan fidoyilarining jamiyatdagi mavqeini oshirish va moddiy ahvolini yaxshilashga, ilmiy tadqiqot institutlari faoliyatini qayta tashkil etishga milliardlab byudjet mablag‘lari yo‘naltirildi. Bu esa ulug‘ ajdodlarimiz nomi bilan maqtanishdan kechib, ularga munosib voris bo‘lish, ilm-fan taraqqiyoti uchun qo‘yilgan amaliy qadam edi.

O‘tgan ikki yil davomida nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan aholi qatlamining ijtimoiy himoyasi uchun ham milliardlab mablag‘ yo‘naltirildi. Respublika bo‘ylab bu toifadagilarga minglab uylar ajratildi. Eng asosiysi, oldingidan farqli o‘laroq mahalliy hokimiyat vakillari ijtimoiy muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash iltifot emas, hokimiyatning majburiyati ekanligini anglay boshladi.

O‘tgan davr mobaynida mingdan ko‘proq sud ishlarida oqlov hukmlari e’lon qilindi. Tergovda qiynoq qo‘llash amaliyotiga amalda barham berildi. Jazoni ijro etish muassasalarida mahbuslarga noinsoniy munosabatda bo‘lish, tahqirlash to‘xtatildi. Yaqinda davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida mahkumlarning saylovlarda ovoz berish huquqi ta’minlanishi, ozodlikdan mahrum etilganlar uchun masofaviy ta’lim imkoniyati yaratish borasida ishlar boshlanishi haqida ma’lum qildi.

Bularning barchasi Prezident ­Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tish uchun jamiyat transformatsiyasi bosh­langanini ko‘rsatadi.

Ikki yilda nima o‘zgarmadi?

Ikki yil davomida Prezident kutgan, ammo o‘zgarmagan bir nuqta borki, jamiki islohotlarning tamomila muvaffaqiyatini to‘laligicha ta’minlashga xalal bermoqda. Taassufki, ikki yildan beri jamiyatda tafakkur to‘liq o‘zgarmadi.

Biz Davlat o‘laroq tanlangan yo‘lga millat o‘laroq otlandik. Qayoqqa ketayotganimiz ma’lum. Yo‘lning og‘ir ekanligi ham, boshqa yo‘limiz yo‘qligi ham ma’lum. Faqat millat o‘laroq tanlagan manzilimizga nega ketayotganligimizni millat sifatida to‘liq tushunib yetganimizcha yo‘q. Bu tanlangan manzil sari nega ketayotganligimizni aniq-tiniq tushunib, ana shu tushuncha bilan qalbimiz hamda shuurimizda aniq-tiniq bir maqsadni shakllantirishimiz kerak.

Chunki tanlangan yo‘lda millat o‘laroq milliy shuur, milliy ong va milliy yakdillik bo‘lmas ekan, birinchi chiqqan g‘ovda yoxud tahlikadayoq hammamiz millat emas, olomon yanglig‘ har tarafga to‘zib ketamiz. Tarqalib parokanda bo‘lib ketamiz. Milliy shuur, milliy yakdillik esa individlar emas, shuurli shaxslarning yakdilligi vositasida vujudga keluvchi hodisotdir. Hozircha esa biz shunchaki yo‘lda ketyapmiz. Qayoqqa ketayotganligimiz ma’lum, nega ketayotganligimizni esa anglab yetganimizcha yo‘q. Nega?

Birinchi sabab

Biz millat o‘laroq VATANPARVARLIK va HUKUMATPARVARLIK degan tushunchalarni qorishtirib yuborganmiz. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarimizda, ma’naviy targ‘ibot ishlarimizda bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Go‘yoki vatanparvarlik deb o‘ylab qilayotgan­ ishlarimiz, o‘tkazayotgan targ‘ibot tadbirlarimiz, olayotgan filmlarimiz, yozilayotgan asarlarimiz, she’rlarimizning ko‘p qismi aslida hukumatparvarlikdan boshqa narsa emas. Vatanparvarlikning hukumatparvarlikdan farqi shundaki, vatanparvar o‘zidan kechib Vatan uchun har narsaga tayyorlikni ang­latadi. Hukumatparvarlik esa hukumatdan rag‘bat olish uchun o‘zidan boshqa hamma narsadan voz kechishga tayyorlikni anglatadi.

Hukumat xato qilishi, adashishi mumkin, lekin qadim Davlat hech qachon adashmaydi. Davlatning tepasiga hech qachon, hech kim adashib kelib qolmaydi. Hukumatga adashib kelib qolgan yoki kelganidan so‘ng adashganlarni Davlat tanbehlab yoki almashtirib qo‘yaveradi. Biz esa qadim Davlatning egasi bo‘lgan MILLATGA qayishish o‘rniga, millat xizmatchisi bo‘lgan hukumatga yon bosishni, ya’ni hukumatparvarlikni vatanparvarlik deb o‘ylaymiz.

Ikkinchi sabab

Milliy ruhiyatimizda mutaassib­lik juda ham kuchli. Ayniqsa, diniy mutaassiblikka mukkamizdan ketib qolamiz. 27 yildirki, mustaqil bir davlatda yashab kelyapmiz. Dunyoga ochilganimizga salkam o‘ttiz yil bo‘lyapti. Insoniyat axborot almashinuvining yangi erasiga kirib keldi. Ertalab turib ishga ketguncha telefonimizda har kuni dun­yoning qaysi burchagida nima hodisa bo‘lganini, dunyo qayoqqa ketayotganidan xabar topganimiz, informatsion ihotalangan bir jamiyatda yashamayotganimiz bir holda hanuz mutaassiblikka moyilligimiz sababi nimada?

So‘nggi ikki yilda ijtimoiy tarmoqlarning milliy informatsion makoni rasman diniy ulamo va vallomatlarning informatsion urush poligoniga aylandi. Bunda chetdan bo‘lgan informatsion xurujlardan ko‘ra mamlakat ichidagi diniy soha vakillarining bir-biriga qarshi olib borayotgan dahanaki jangi ko‘payib ketdi. Maktabda ro‘mol, soqol masalalari milliy qayg‘u darajasiga ko‘tarildi. Bir musulmon hayotida bu masalalar muhim o‘rin tutadi. Ammo eng, avvalo, bir inson sifatida ro‘mol va soqoldan ko‘ra axloq, ilmli bo‘lish, ta’lim sifati, shaxsning jamiyat oldidagi mas’uliyati, insonsevarlik qayg‘ulari muhimroq ekanini unutib qo‘yyapmiz.

Aslida chin musulmonlikning aksi o‘laroq ro‘mol o‘ramagan ayollarni yoppasiga buzuqqa chiqarish, yosh avlodning maktabda yoki universitetda ta’lim olishidan ko‘ra masjidga borib namoz o‘qishi shart deb o‘ylash, jamiyat va shaxsiy hayoti uchun halol ishlayotgan insonlarimizni besh vaqt namoz o‘qimagani uchun benamoz va do‘zaxiy degan ayblovlar bilan ayblashlar, boshqa din vakillari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatilishini harom deyish va shunday tushunish, bir so‘z bilan aytganda, mutaassiblik jamiyat tanazzulining sabab­laridir. Boshqa tarafdan mutaassib­lik — din ahkomlarini bilish, qat’iy amal qilish, ammo uning mohiyatini tushunib yetmaslik mahsulidir.

Bunday bir nazar solsangiz, aslida ro‘mol va soqoldan ko‘ra dolzarbroq bo‘lgan Orol dardi, bolalarimizda yod tanqisligi, yil sayin ko‘payib ketayotgan qon kasalliklari, maktablardagi ta’lim sifati, yoshlarimizning kun sayin internetda iffatini yo‘qotayotgani, arshni larzaga keltiruvchi – oilalarda ajralishlar iztirobi bor. Biz esa shu holimiz bilan uyining tomidan chakka tomayotgan insonning tomni tuzatish emas, chiroyli ko‘rpacha dardiga tushganidek tutayapmiz o‘zimizni. Taassuf.

Uchinchi sabab

Insoniyat post-industrial taraqqiyot erasiga qadam qo‘ygani holda biz hanuz o‘tgan asr oxiridagi tafakkur tarzimizdan voz kecholmayapmiz.

Insoniyat buyuk maqsadlar sari intilar ekan, biz hanuz mayda dardlar bilan ovoramiz. Bundan so‘ng har taraflama taraqqiyotni faqat va faqat zamonaviy ilm-fanni rivojlantirish ta’minlashini bila­yapmiz-u, anglamayapmiz. Tushunayapmiz-u his qilmayapmiz. Dunyoda nanotexnologiya, biotexnologiya gurkirayotgan bir paytda hanuz dalalarimizni sug‘orish uchun qanchadan-qancha suvni isrof qil­ayapmiz. O‘n besh mingga kitob, ikki mingga gazeta olish malol keladi-yu, lekin telefonning yangi modeli chiqsa, olmaguncha halovatimiz yo‘qoladi.

To‘rtinchi sabab

Falsafiy mushohadalar maydonlarini deyarli yo‘q qilib bo‘ldik. Inson va jamiyat, inson va davlat hamda boshqa mavzulardagi falsafiy munozaralarni tiklashimiz kerak. Yosh avlod televizorda, radioda, matbuotda faylasuf va futurologlarning falsafiy bahs va munozaralarini eshitib, ko‘rib, o‘qib o‘ssagina ijtimoiy taraqqiyot ro‘y berishini anglolmayapmiz. Taassuf.

Xulosa

Prezident Mirziyoyev har jabhada davlat siyosatining bosh mezoni bundan so‘ng Adolat mezoni bo‘lishi kerakligini qayta-qayta ta’kidlamoqda. Shuning uchun ham o‘z siyosatida o‘ziga qula­yini emas, to‘g‘risini, xalqqa maqbulini tanlashga intilib kelmoqda. Bu davlat rahbarining hamma aytgani ham kechikmasdan amalga oshmoqda degani emas, albatta. Qayerlardadir ortda qolish bor.

Chunki Prezident siyosiy irodasini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan ijro hokimiyatida yangicha ishlashga, yangicha fikrlashga ko‘nikmayotganlar, jamiyat uchun foydalisini emas, o‘ziga qula­yini tanlashni istayotganlar bor. Ular islohotlarni joylarda qanchalik ortga surishga, ularni to‘xtatishga urinmasinlar prezident ­Mirziyoyev­ o‘z siyosiy irodasidan qaytmasligi ma’lum bo‘ldi. Demak, oldinda faqat bir yo‘l bor: yoki adolat mezoni bo‘yicha ishlashga ko‘nikishadi yoki o‘z o‘rinlarini bu mezonga amal qiladigan yangi avlod boshqaruv kadrlariga bo‘shatib berishadi.

Shaxs o‘laroq Prezident Mirziyoyev o‘z siyosiy irodasini amalga oshirishda qaysidir kuchlarga, siyosiy guruhlarga emas, o‘z millatining irodasi va ishonchiga tayanib undan kuch olishni davom ettirar ekan, hademay jamiyatda tafakkur modernizatsiyasi ro‘y berishi aniq.
Manba: «Jamiyat» gazetasi

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » Dunyoga ochilayotgan O‘zbekiston: so‘nggi ikki yilda nimalar o‘zgardi-yu, nimalar o‘zgarmadi?