date
views 2 563

O‘zbekistondagi salkam 1300 ta maktabda hojatxona, qariyb 3 mingtasida oshxona yo‘q

O‘zbekistondagi salkam 1300 ta maktabda hojatxona, qariyb 3 mingtasida oshxona yo‘q
O‘zbekistonda 9 942 ta umumta’lim maktabining qariyb 300 tasida hojatxonalar ta’mirtalab ahvolda. Bu haqda O‘zbekiston Senati Kengashining 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Umarov ma’lum qildi.

Kengash yig‘ilishida ma’ruza qilgan xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari hozirda 1289 ta maktabda hojatxona yo‘q yoki juda ham ta’mirtalab ahvolda ekanligini aytib o‘tdi. Aynan shu maktablarning o‘zida sanitariya-gigeniya talablariga javob bermaydigan oshxonalar ham mavjud.

«Sog‘liqni saqlash, Moliya, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari bilan hamkorlikda oshxona faoliyati tashkil etish bo‘yicha memorandum hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, shu yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga imkoniyat va sharoitlar yaratib berish taklifini ko‘rib chiqmoqchimiz. Maktab oshxonalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsion loyihalarni ishlab chiqish ham rejamizda bor», — deya vazir o‘rinbosarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Daryo» muxbiri.

Shuningdek, vazirlik 2 990 ta maktlabda oshxona qurish va ularni jihozlash bo‘yicha mablag‘lari aniq ko‘rsatilgan dastur qabul qilish taklif etmoqda. Umarovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi ko‘magida maktablardagi oshpazlar va yoramchilariga malakali mutaxassislarni jalb etib, ularning mahoratini oshirish ham ko‘zda tutilgan.

Senatorlar bergan ma’lumotga ko‘ra, maktablarning 2 990 tasida oshxona ta’mirtalab holatda yoki umuman mavjud emas. Mazkur holat asosan Samarqand (714 ta), Farg‘ona (386 ta), Qashqadaryo (370 ta) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (261 ta) kuzatilmoqda.

Maktablarda texnologik jarayon va sanitariya gigiyena talablariga mos ravishda ovqat tayyorlash uchun jihozlar yetishmaydi. Oshxonalardagi mavjud texnologik jihozlarning 60 foizi yaroqsiz holda.

Maktab oshxona va bufetlarida ishlayotgan aksariyat oshpaz va uning yordamchilari mutaxassislik bo‘yicha maxsus malakaga ega emas. Xususan, Buxoro viloyatida maktab oshpazlarining qariyb 70 foizi va Toshkent viloyatida 56 foizi maxsus kasbiy ma’lumotga ega emas.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistondagi salkam 1300 ta maktabda hojatxona, qariyb 3 mingtasida oshxona yo‘q