
Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 20 kunlik qamoqdan so‘ng erkinlikka chiqdi. Parij sudi 10-noyabr kuni uning hibsda saqlanishini sud nazorati bilan almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb yozadi BFMTV telekanali.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sarkozi 21 oktyabr kuni Parijning “La Sante” qamoqxonasiga joylashtirilgan edi. Bu qaror Liviya sobiq rahbari Muammar Kaddafiy rejimi tomonidan moliyalashtirilgan degan ayblovlar doirasida qabul qilingan. Endi u ozod qilingan bo‘lsa-da, qat’iy cheklovlar bilan yashashiga to‘g‘ri keladi — xususan, unga ichki ishlar vaziri Gerald Darmanin va bir necha siyosiy shaxslar bilan muloqot qilish taqiqlandi.
Sarkozi jurnalistlar bilan suhbatda qamoqdagi kunlari haqida so‘zlab, “Bu juda og‘ir bo‘ldi. Har kuni sinov bo‘ldi”, deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, panjara ortida o‘tkazgan vaqt nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham qiyin bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Sarkozi 2007 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasi davrida Muammar Kaddafiy hukumati tomonidan noqonuniy ravishda pul olganlikda ayblangan. Tergov ishlari bir necha yildan beri davom etmoqda va bu ish Fransiyadagi eng katta siyosiy mojarolardan biriga aylandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ayblovlar Fransiya tarixida ilk bor sobiq prezidentning qamoqqa olinishiga sabab bo‘ldi. Sarkozi va uning advokatlari ayblovlarni rad etib, uning qonuniy ravishda faoliyat yuritganini ta’kidlab kelmoqda.
Muammar Kaddafiy rejimi tomonidan berilishi taxmin qilingan mablag‘lar miqdori bir necha million yevroni tashkil etishi aytiladi. Tergov hali yakunlanmagan bo‘lib, sud jarayoni 2025-yil davomida qayta boshlanishi kutilmoqda.
Fransuz siyosiy doiralarida bu voqea juda katta bahslarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar sud qarorini adolat mezoni sifatida baholasa, boshqalar uni siyosiy raqobatning navbatdagi bosqichi, deb hisoblamoqda.
Shunday qilib, Sarkozi hozircha ozodlikda bo‘lsa-da, u haqdagi ish Fransiya siyosiy sahnasida uzoq vaqt muhokama qilinadigan mavzulardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!