
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda bo‘lib o‘tayotgan VI Islom Birdamligi o‘yinlarida yurtimiz bokschilari yana bir bor el bayrog‘ini baland ko‘tarishdi.
Bugun musobaqaning eng mas’uliyatli bosqichi — final janglari bo‘lib o‘tdi. Bu bosqichda O‘zbekiston terma jamoasidan 4 nafar sportchi ringga chiqishi belgilangan edi. Ulardan ikki nafari o‘z bahslarini yakunlab, muxlislarga shodlik va g‘urur tuyg‘ularini ulashishdi.
-60 kg vazn toifasidagi finalda bokschimiz Odinaxon Ismoilova turkiyalik Evin Erginoguz bilan keskin va shiddatli jang olib bordi. Barcha raundlarda raqibning tajribasi ustun keldi va bahs 0:5 hisobi bilan yakunlandi. Shu tariqa Ismoilova jangni kumush medal bilan yakunlab, yurtimiz delegatsiyasi xazinasiga yana bir mukofot qo‘shdi.
Shuningdek, 65 kilogramm vaznda jang qilgan Abdulloh Madaminov finalda jazoirlik raqibi Jugurta Ait Bekkani mutlaq ustunlik bilan mag‘lub etdi. Hisob — 5:0. Madaminov barcha raundlarda tashabbusni qo‘ldan bermadi va ringdagi ustunligi bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Bu g‘alaba nafaqat bokschimiz uchun, balki butun terma jamoa va muxlislar uchun ham katta iftixor bo‘ldi. Madaminovning ringdagi ishonchli harakatlari, aniq zarbalari va jismoniy tayyorgarligi uning bu mukofotga munosib ekanini yana bir bor isbotladi.
Eslatib o‘tamiz, Ar-Riyoddagi VI Islom Birdamligi o‘yinlarida yurtimizning bir necha sport turlari bo‘yicha vakillari ishtirok etmoqda. Bokschilarimiz esa har galgidek o‘z mahoratlari va irodalari bilan muxlislar qalbidan chuqur o‘rin olmoqda.
Bugungi kunda terma jamoamizning umumiy medallar soni ortib borayotgani O‘zbekiston sportidagi barqaror rivoj va yangi avlod sportchilarining o‘sib kelayotganini namoyon etmoqda. Musobaqa ertaga ham davom etadi — ringda yana ikki hamyurtimiz oltin medal uchun kurash olib boradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!