13:00 / 06.05.2022
930

Superliga g‘olibligi uchun qaysi jamoada imkoniyat ko‘proq?

Superliga g‘olibligi uchun qaysi jamoada imkoniyat ko‘proq?
Ortda qolgan 6 turdan so‘ng do‘ppini qo‘lga olib, o‘ylab ko‘rish imkoni paydo bo‘ldi. Xo‘sh, chempionat starti, jamoaviy o‘yin, zaxiradagilar darajasi va muxlislar armiyasidan kelib chiqib fikrlasak, Superliga oltin medallarini qaysi klub qo‘lga kiritishi mumkin? O‘rinli savol-a? Bugun, shu mavzuga atroflicha to‘xtalamiz. Fikri ojizimcha, joriy mavsumda chempionlik uchun 6 jamoa kurash olib borishi mumkin. Hozir, ularning 3 tasi bilan tanishamiz! Maqola juda katta bo‘lib ketmasligi uchun ikki qismga bo‘lgan holda e’tiboringizga havola qilindi.

Ikkinchi qism

"So‘g‘diyona" - "musht bo‘lib tugilgan barmoqlar"

Chempionlik uchun imkoniyati
: 20 foiz;
Asosiy quroli: Sovuqqonlik;
O‘zimizning Diyego Simeonega aylanib borayotgan Ulug‘bek Baqoyev murabbiy sifatida o‘sishga erishgani rost. Jizzaxliklar nafaqat natijalar, balki o‘zlari tanlagan o‘yin uslubini ham yaxshilab bormoqda. Joriy mavsumda chempionlik uchun asosiy da’vogar sanalgan "Navbahor" bilan to‘qnashuvda "So‘g‘diyona" standart vaziyat va kichik epizodlardagi g‘alabalar sababli 3 ochkoni ilib ketganiga guvoh bo‘ldik. E’tiborlisi shundaki, joriy mavsum startini "bo‘rilar" juda yaxshi o‘tkazdi. Bundan avvalgi mavsumda Baqoyev jamoasi himoyada yaxshi o‘ynaganiga qaramay, hujumlarda oqsaganiga guvoh bo‘ldik. Hozir esa, bu kamchilik ham yopilgani ko‘rinib turibdi. Nafaqat ikkinchi qavatdan uzatma, balki mayda pas va tezkor qarshi hujum "So‘g‘diyona"ning asosiy "qurol"iga aylandi. Pastroq temp, tartibli himoya va kuchli darvozabon - bu ustunliklarga realizatsiyadagi sovuqqonlik va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni qo‘shsak, bugungi "So‘g‘diyona" chinakam "chaqilmas yong‘oq"qa aylanganini sezish mumkin.

Quvonarlisi shundaki, "bo‘rilar" o‘zi o‘ynamay, raqibga ham o‘yin bermaydigan jamoalar sirasiga kirmaydi. O‘rni kelganda, sxemalarni o‘zgartirib, katta kuch bilan oldinga o‘tishi, 3 markaziy himoyachi bilan ham to‘p tepishi mumkin. O‘zidan kuchsizroq jamoalar bilan ochiq futboldan qochmaydi. Muhim bahslarda esa, jamoa yana "Atletiko rejimi"ni yoqadi. Bu grandlar bilan o‘yinda maksimum ochko jamg‘arish imkonini yaratadi. O‘tgan mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritgan "Paxtakor" bilan o‘yinlarda "So‘g‘diyona" qolganlarda ko‘proq ochko jamg‘argani bejiz emas. Ulug‘bek Baqoyev murabbiy sifatida yildan yilga o‘sib bormoqda. Grandlar bilan o‘zaro bahslardagi ustunlik va autsayderlarga qarshi bellashuvdagi sovuqqonlik yakunda Jizzaxliklar uchun oltin medallarni taqdim etishi hech gap emas.

"Nasaf" - "ulg‘ayayotgan ajdar"

Chempionlik uchun imkoniyati
: 20 foiz;
Asosiy quroli: Kombinatsion futbol;
Ro‘ziqul Berdiyevning bugungi "Nasaf"i avvalgilaridan keskin farq qiladi. Klub asosiy futbolchilari erkin agent sifatida ketib qolmasligi uchun uzoq yillik shartnoma imzolagani katta naf berdi. O‘tgan mavsumdagi yigitlar to‘liq saqlanib qolingach, Berdiyev yangi futbolchilar bilan jamoani kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Muhitdinov, Solovyov va Smaylagich "Nasaf" uchun qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochdi. OCHLda "ajdarlar" haqida juda ko‘p material taqdim etganimiz bois, ortiqcha o‘yin uslubiga to‘xtalib o‘tirmaymiz. Keling, uzoq davom etadigan chempionlik poygasida "Nasaf"da qanday plyuslar bor ekanligini ko‘rib chiqamiz.

Birinchi navbatda, jamoa bir vaqtning o‘zida ikki sxemadan unumli foydalanishni o‘zlashtirganini alohida e’tirof etish lozim. Kerakli pallada jamoa 3 himoyachini bir chiziqda maydonga tushirsa, ba’zan 2 ta markaziy himoyachiga suyangan holda, hujumkor futbol taklif etmoqda. Strategik rang-baranglik va kerak paytda o‘yin sxemasini o‘zgartira olish "Nasaf"ga og‘ir bahslarda vaziyatni o‘zgartirish imkonini yaratadi. Avvallari zaxira o‘rindig‘i torligi va muhim pozitsiyadagi futbolchilarni rotatsiya qilishning imkoni yo‘qligi qarshiliklarga pand bergani rost. O‘ylashimcha, bu mavsumda Berdiyev shogirdlarida bunday muammolar ko‘zga tashlanmaydi. Qo‘shimchasiga, OCHLdagi ajoyib ishtirok ham yigitlarga ruhan dalda bo‘ldi. Saudiya Arabistonida o‘tgan 1 oy davomida ular juda katta tajriba to‘plabgina qolmay, har qanday jamoani yengish mumkinligini his qildi. Soddaroq qilib aytsak, "Nasaf" a’zolari Dammamdan "katta futbolchilar" bo‘lib qaytdi.

"Qizilqum" - "qadrlanmagan kuch"

Chempionlik uchun imkoniyat
: 10 foiz;
Asosiy quroli: Tajribali futbolchilar;
Navoiyliklar mavsum oldidan yaxshi transfer kampaniyasini amalga oshirdi. Nafaqat xorijlik, balki mahalliy futbolchilar ham jamoaga jalb etildi. Ijrochilar darajasi borasida "Qizulqum" Superliganing istalgan jamoasi bilan kuch sinashishi mumkin. Nesterov, To‘xtaxo‘jayev, Abduholiqov va Erkin Boydullayev singari futbolchilar katta o‘yinlarda suyagi qotganlar sirasiga kiradi. Jamoa bosh murabbiyi Nikola Lazarevich ishga ancha jiddiy kirishgan. U tuzgan jamoa kombinatsion futbol va tezkor qarshi hujumni birdek yaxshi uddalamoqda. Agar vaziyatga ob’ektiv yondashsak, "Qizulqum"da chempionlik uchun imkon bor.

Tajribali futbolchilar va sifatli legionerlar uyg‘unligi, himoya chizig‘ini oldinroqqa chiqarishni xush ko‘ruvchi xorijlik mutaxassis. Shuningdek, avvalgilariga nisbatan yaxshiroq moddiy imkoniyat. Barchasi jamoaning o‘z qo‘lida. Xo‘sh, nega unda chempionlik uchun imkoniyat bu qadar past, deb hayron bo‘lishingiz mumkin. Barchasiga, bu jamoani yiqqan Hamidjon Aktamovni erta iste’foga chiqarilgani sabab. Klubda menejer sifatida faoliyat olib borishni boshlagan Aktamov kutilmaganda postni topshirdi.

To‘g‘ri, Lazarevich uning ishini davom ettiradi. Lekin bugungi tarkib aynan Aktamovning tashabbusi bilan yig‘ilgani, deyarli barcha yangilar uning so‘zlariga ishonib Navoiyga ko‘chib o‘tgani fakt. Hozircha, "oltin qazuvchilar" kuchli uchlikda bormoqda. Ammo voqealar rivoji qanday rivojlanishini taxmin qilish mumkin. "Qizulqum" chempionlikni rasmiylashtirishi yoki quyi o‘rinlarga tushib ketishi ham mumkin. Barcha-barchasi Aktamovsiz jamoa qanday harakatlanishiga bog‘liq bo‘lib turibdi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga g‘olibligi uchun qaysi jamoada imkoniyat ko‘proq?