Trent Alexander-Arnold Angliya terma jamoasining kengaytirilgan tarkibiga kiritildi

Tomas Tuxel 2026-yilgi Jahon chempionati uchun FIFAga Angliya terma jamoasining 55 nafar futbolchidan iborat dastlabki roʻyxatini taqdim etdi. Ushbu roʻyxatdan avvalroq tarkibdan chetda qolgan bir qator yulduz futbolchilar ham oʻrin oldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Real Madrid himoyachisi Trent Alexander-Arnoldning roʻyxatga kiritilishi eng kutilmagan yangilik boʻldi. Avvalroq Tuxel uni asosiy tarkib rejalariga kiritmagan edi, biroq himoyadagi jarohatlar bilan bogʻliq muammolar murabbiyni oʻz qarorini qayta koʻrib chiqishga majbur qildi.
Ayni damda Ben White tizzasidan olgan jarohati, Tino Livramento esa tiklanish jarayonida boʻlgani sababli, Trent Alexander-Arnold uchun mundialga borish imkoniyati qaytadan ochildi. Bu futbolchi uchun nufuzli turnirda oʻzini koʻrsatish uchun soʻnggi imkoniyat boʻlishi mumkin.
Shuningdek, kengaytirilgan tarkibdan Brayton hujumchisi Danny Welbeck ham joy oldi. U joriy mavsumda Fabian Xurtseler qoʻl ostida 14 ta gol urib, barqaror oʻyin namoyish etmoqda. Shuningdek, yosh iqtidor egasi Alex Scott ham murabbiyning eʼtiborida qolmoqda.
Tomas Tuxel yaqin vaqt ichida ushbu 55 nafar futbolchidan iborat roʻyxatni qisqartirib, Shimoliy Amerikaga yoʻl oladigan yakuniy 26 nafar futbolchi nomini eʼlon qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!