Kannavaro mundial oldidan terma jamoa holatini baholadi...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida Jahon chempionati oldidan jamoaning tayyorgarligi, futbolchilarning jismoniy holati, tarkib tanlovi va rejalar haqida batafsil fikr bildirdi. Italiyalik mutaxassisning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, terma jamoa tarixiy mundialga jiddiy va tizimli tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Kannavaro avvalo futbolchilarning jismoniy holati haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, milliy chempionat tempi jahon chempionati darajasidagi o‘yinlarga to‘liq mos kelmagani sabab, liga bilan kelishilgan holda musobaqa vaqtincha to‘xtatilgan va terma jamoa alohida jismoniy tayyorgarlik jarayoniga kirishgan.
“Milliy chempionat tempi yuqori emasligi sababli liga bilan kelishgan holda musobaqani vaqtincha to‘xtatdik va jismoniy tayyorgarlik ustida alohida ishlashni boshladik. Mashg‘ulotlarda ayrim futbolchilar qiynalayotganini ko‘rdik. Lekin yaxshi tomoni — hech kim shikoyat qilmayapti va har biri o‘zini ko‘rsatish uchun harakat qilmoqda”, — dedi Kannavaro.
Mutaxassis o‘yin amaliyoti kam bo‘lgan ayrim futbolchilarning tarkibga chaqirilgani haqida ham izoh berdi. Uning aytishicha, bu qarorlar murabbiylar shtabi va mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda qabul qilingan. Kannavaro Husayn Norchayev va Abbosbek Fayzullayev kabi futbolchilarni kuzatganini, hozircha ularning o‘yin amaliyoti kam bo‘lsa ham, mundialda jamoaga foyda keltirishi mumkinligini ta’kidladi.
Italiyalik murabbiy avval aytgan “menga jangchi futbolchilar kerak” degan fikriga ham yana bir bor oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jahon chempionatida raqiblar juda kuchli bo‘ladi, shuning uchun futbolchilar maydonga qo‘rquvsiz, ruhan baquvvat va jismonan tayyor holatda chiqishi shart.
“Men futbolchilarimning yengilmas va hech kimdan qo‘rqmaydigan bo‘lishini xohlayman. Shu ma’noda “otdek kuchli bo‘lishlari kerak” degandim. Chunki raqiblarimiz oddiy emas. Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DRga qarshi o‘yinlar oson kechmaydi”, — dedi mutaxassis.
Kannavaro muxlislar kutayotgan natijalar haqida ham real fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, xalqimiz terma jamoadan katta natijalar kutmoqda, hatto chempionlik haqida orzu qilayotganlar ham bor. Ammo murabbiy futbolchilarga ortiqcha bosim yuklamaslik kerakligini aytdi.
“Bizdan juda katta natijalar kutishyapti, hatto chempionlikni kutayotganlar ham bor. Lekin bu bizning ilk mundialimiz. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim bermasligimiz kerak. Eng muhimi — ushbu turnirdan zavq olish. Ishonamanki, futbolchilar xalqimiz va Vatan sharafi uchun bor kuchini beradi”, — deya ta’kidladi Kannavaro.
Shuningdek, murabbiy standart vaziyatlar ustida ham jiddiy ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Zamonaviy futbolda burchak to‘plari, jarima zarbalari va boshqa standart holatlar o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. Kannavaro bir mavsumda 15–20 ta gol aynan standartlar orqali urilishi mumkinligini aytib, bu yo‘nalishga katta e’tibor qaratilayotganini bildirdi.
Nazorat uchrashuvlari uchun raqiblar tanlovi ham tasodifiy bo‘lmagan. Kannavaroning aytishicha, Kanada va Niderlandiya termalari murabbiylar shtabi hamda O‘FA vakillari bilan maslahatlashgan holda tanlangan. Kanada — mundial mezboni sifatida o‘rganish kerak bo‘lgan muhitga ega, Niderlandiya esa o‘yin uslubi va jismoniy tayyorgarligi jihatidan Portugaliyaga o‘xshaydi.
Bu esa O‘zbekiston terma jamoasiga guruh bosqichidagi raqiblarga qarshi yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi. Kannavaro boshqa variantlar ham bo‘lganini, ammo murabbiylar shtabi aynan shu ikki raqibni eng maqbul deb hisoblaganini ta’kidladi.
Umuman olganda, Kannavaroning fikrlaridan terma jamoada tayyorgarlik jiddiy ketayapti, degan xulosa chiqarish mumkin. Jismoniy holat, standart vaziyatlar, raqiblar tahlili, ruhiy tayyorgarlik — barchasi alohida reja asosida olib borilmoqda.
O‘zbekiston uchun bu ilk Jahon chempionati. Shuning uchun yo‘l oson bo‘lmaydi. Lekin Kannavaro aytganidek, asosiysi — qo‘rqmaslik, maydonda bor kuchni berish va xalqimiz sharafini munosib himoya qilish. Mundial — katta sahna. Endi futbolchilarimiz shu sahnada o‘z so‘zini aytishga tayyorlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!