date

"Titled Tuesday" turnirining mukofot jamg‘armasi rekord darajada oshiriladi

"Chess.com" platformasi shaxmat olamidagi eng mashhur musobaqalardan biri — "Titled Tuesday" turniri bo‘yicha inqilobiy o‘zgarishni e’lon qildi. 2026 yil 2 iyundan e’tiboran haftalik mukofot jamg‘armasi 10 ming dollarga yetkaziladi. Natijada turnirning yillik umumiy sovrin puli 500 ming dollardan oshib, avvalgi ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘p mablag‘ o‘ynaladigan bo‘ldi.

Grossmeysterlar jang maydoni

2014 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu onlayn birinchilik shaxmat yulduzlarining sevimli maskaniga aylangan. Unda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari Magnus Karlsen va Xikaru Nakamura bilan bir qatorda, iste’dodli hamyurtimiz Javohir Sindarov hamda Nihal Sarin kabi grossmeysterlar muntazam ishtirok etib kelishmoqda.

Platforma vakili Denni Renshning ta’kidlashicha, maqsad — titul sohiblari uchun yuqori saviyali turnirlar va adolatli o‘yin tizimini yanada rivojlantirishdir.

Mukofotlar qanday taqsimlanadi?

Yangi tartibga ko‘ra, 10 ming dollarlik jamg‘arma quyidagicha taqsimlanadi:

  • Asosiy natijalar uchun: 7,5 ming dollar ajratiladi, shundan turnir g‘olibining ulushi 2500 dollarni tashkil etadi.

  • Bonus mukofotlari: Qolgan 2,5 ming dollar maxsus nominatsiyalar, jumladan, eng yaxshi ayol shaxmatchi, mahoratli yosh o‘yinchi, eng faol strimer va "eng chiroyli yurish" muallifi kabilar o‘rtasida bo‘lib beriladi.

"Perfect Score Bounty" — O‘ziga xos jakpot

Turnirning yana bir hayajonli yangiligi — "Perfect Score Bounty" tizimining joriy etilishidir. Agar biror ishtirokchi 11 ta partiyaning barchasida g‘alaba qozonsa (11/11 natija), unga alohida maxsus bonus taqdim etiladi. Agar hech kim bunday mukammal natijaga erisha olmasa, ushbu mablag‘ keyingi hafta jamg‘armasiga qo‘shilib boraveradi.

Ma’lumot uchun, "Titled Tuesday" musobaqasi 2025 yildan boshlab kibersport olamining nufuzli yo‘nalishi — "Esports World Cup" tizimiga ham rasman kiritilgan. Bu esa turnirning nufuzi va qiziqarlilik darajasi yildan-yilga oshib borayotganidan dalolat beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Titled Tuesday" turnirining mukofot jamg‘armasi rekord darajada oshiriladi