16:14 / 06.12.2022
1 631

Qatarda karnaval. Bunday Braziliyani kim to‘xtata oladi?

Qatarda karnaval. Bunday Braziliyani kim to‘xtata oladi?
Qatardagi jahon chempionatining o‘n oltinchi kunidagi asosiy voqealar.
Amaldagi jahon vitse-chempionlari yana penaltilar seriyasida g‘olib keldi va Yaponiyani ortda qoldirib, chorakfinalga chiqdi.

JCH-2022. 1/8 final
Yaponiya – Xorvatiya 1:1. Penaltilar seriyasi: 1:3
Gollar
: 1:0 – 43 Maeda, 1:1 – 55 Perishich.
Yaponiya – Gonda, Yosida, Taniguti, Tomiyasu, Nagatomo (Mitoma, 64), Endo, Morita (Tanaka, 105), Kamada (Sakai, 75), Ito, Doan (Minamino, 87), Maeda (Asano, 64).
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Lovren, Gvardiol, Barishich, Modrich (Mayer, 99), Kovachich (Vlashich, 99), Brozovich, Perishich (Orshich, 105), Kramarich (Pashalich, 68), Petkovich (Budimir, 62; Livaya, 105).
Ogohlantirishlar: Kovachich (90), Barishich (116).

Kim favorit edi?

Bu 1/8 final juftliklari orasida natijasini oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lgan juftlik edi. Qog‘ozda Xorvatiyaning imkoniyatlari yaxshiroq ko‘rinardi, ammo ularni yaqqol favorit deyish qiyin edi. Shu bilan birga amaldagi vitse-chempionlar pley-offning ilk raundidayoq Ispaniya yoki Germaniya kabi kuchli raqiblardan qutulib qolganidan yengil tin olgandi.

Ular Yaponiyadan kelgan raqiblarga qanday qarashardi? Hurmat bilan, ammo optimizm ham yo‘q emasdi. Osiyoliklar jahon chempionatida ikki grandni mag‘lub etishdi, ulardan birini guruhda qoldirib ketishdi. Ularni oldinda mustahkam bo‘lsa-da, Ispaniya va Germaniya kabi xavfli bo‘lmagan raqib kutayotgandi. Qolaversa, Yaponiyada o‘ziga xos yuqori ishtiyoq bor edi: to‘rt yil muqaddam jamoa 1/8 finalda Belgiyaga qarshi o‘yinda ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga qadar 2:0 hisobida oldinda borib, yakunda yutqazib qo‘ygandi.

Umuman olganda, Xorvatiya yaponlar uchun qulay raqibdek ko‘rinardi. «Shashkachilar» mudofaa chizig‘ini oldinroqda o‘rnatishni xush ko‘radi, kam gol uradi va top-forvard yo‘qligi tufayli imkoniyatlardan samarali foydalana olmaydi. Yaponiya to‘pga egalik qilishni xayoliga ham keltirmadi, chunki ularning quroli shiddatli qarshi hujumlar: Kosta-Rikaga ular ko‘p jihatdan o‘yinda birinchi raqamda o‘ynashiga to‘g‘ri kelgani ham yutqazishdi, guruhdagi boshqa ikki raqibdan esa tezkor qarshi hujumlar evaziga ustun kelishgandi. Oddiyroq qilib aytganda, Xorvatiyani og‘ir sinov kutayotgandi.

Osiyoliklarning kuchli bo‘limi

Yaponlar 5-4-1 blokida saf tortishdi, bu Ispaniya bilan uchrashuvda o‘zini oqlagandi. Ungacha Xadzime Moriyasu jamoasi ikki markaziy himoyachi bilan o‘ynayotgandi, endi esa nisbatan himoyaviy variant tanlandi.

Ammo yaponlar o‘yinini «avtobus qo‘yish» deb atab bo‘lmaydi. Polsha Fransiya va Argentinaga qarshi o‘yinlarda 0:0 hisobi uchun o‘ynab, himoyaga yotib olgandi va yakunda hech narsaga erisha olmadi. Yaponiya esa darhol nafaqat qarshi hujumlar, balki burchakdan jarima zarbalari orqali ham raqibni qiynashga kirishdi — Maeda va Taniguti qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. Barchasi taxmin qilinganidek kecha boshladi: yevropaliklar besamar pozitsion hujumlar amalga oshirishdi, osiyoliklar esa qarshi hujumlar va standart vaziyatlar bilan taassurot qoldirishdi.

Vaqti-vaqti bilan xorvatlar baribir Gonda darvozasiga tahdid sola boshladi — Kramarichda ham, Petkovichda ham, Perishichda ham golli vaziyatlar yuzaga keldi. Ammo hisob 0:0 ko‘rinishida qoldi, xorvatiyalik muxlislar esa yo‘qqa chiqarilgan vaziyatlardan keyin jamoaning asosiy muammosini yodga olishdi — Manjukich yoki Shuker kabi to‘purar hujumchi yo‘qligi.

Yaponlarda ham qotil-forvardlar yo‘q, ammo ularga bunday futbolchi kerak ham emas — kombinatsiyalarni maromiga yetkazib ijro etish va intizomga rioya etish yetarli. Xorvatiyalik himoyachilar birinchi bo‘lim davomida asabiy harakatlanishdi va tanaffus arafasida baribir gol qo‘yib yuborishdi: navbatdagi burchak zarbasi o‘ynalganida Maeda hisobni ochdi.

Tanaffusda ko‘pchilik Moriyasudan yana ikki futbolchi almashtirishini kutishgandi, bu Yaponiyaning turnirdagi o‘ziga xos imzosiga aylangandi. Murabbiy bunga qadar barcha o‘yinlarda ikkinchi bo‘lim arafasida futbolchilarni almashtirgandi va bu o‘zgarishlar «Ko‘k samuraylar»ga Germaniya va Ispaniyani yengishda yordam bergandi.

Ammo bu safar Moriyasu barchani o‘z joyida qoldirishga qaror qildi, chunki hisob uning jamoasi foydasiga edi va u Dalich o‘z yurishini qilmaguncha tarkibni yangilamadi — 63-daqiqada xorvatlar safida Budimir Petkovich o‘rniga tushirildi.

U almashtirishlarni kechiktirganiga afsuslangan bo‘lishi ham mumkin. Ikkinchi bo‘lim boshida aynan xorvatlar gol urishdi. Bunda bu safar o‘xshab qolgan pozitsion hujum yordam berdi, bu paytda yaponlar o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda o‘z jarima maydonida to‘planib qolgandi. Lovren o‘ng qanotda bemalol uzatma berish imkoniyatiga ega bo‘ldi — Perishich esa baland sakrab yirik turnirlarda milliy jamoa safidagi o‘ninchi golini urdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat tarixidagi eng yaxshi futbolchiga aylanib oldi.

«Shashkachilar» uchun odatiy ssenariy

Yaponlar xuddi to‘p o‘tkazilishiga tayyordek edi — javob hujumida Endo yana jamoani oldinga olib chiqishi mumkin edi. Ammo xorvatlarda ham shu darajadagi xavfli vaziyat yuzaga keldi, Perishich jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba berdi. Ikki holatda ham olqishlarga darvozabonlar Livakovich va Gonda sazovor bo‘lishdi. O‘yinda zarbalar bo‘yicha ham deyarli tenglik kuzatildi - yaponlar 12 bor zarba berdi, shundan 4 tasi darvoza sohasiga aniq borgan, xorvatlarda bu ko‘rsatkich 16-4.

Birinchi bo‘limni futbolchilar ancha tetik o‘tkazishgandi, 60-daqiqadan keyin raqiblarning faolligi sekinlashdi. Raqiblar xatoga yo‘l qo‘yishdan cho‘chiyotgandek ko‘rindi, shu tufayli o‘yin klinch holatiga o‘tdi va qo‘shimcha bo‘limlarga yetib borildi. Xorvatlar uchun overtaym qadrdon bo‘lib qolgan. To‘rt yil muqaddam Rossiyada ular pley-offdan finalga qadar uch o‘yinda ham 120 daqiqadan o‘ynashgan va bu o‘yinlarning barchasida hisobda ortda borib, muvozanatni tiklashgandi. Bu safar ham barchasi «Shashkachilar» keyingi bosqichga o‘tishiga ishora qilardi.

Dalich penaltilar seriyasiga tayyorlana boshladi: overtaym vaqtida u to‘rt nafar hujumkor futbolchini tushirdi, Modrich va Kovachich ham zaxiraga olindi. Moriyasu esa qo‘shimcha vaqtlarda faqat bir futbolchini almashtirdi.

Katta ehtimol bilan bu uchrashuv yakuniga ta’sir ko‘rsatdi. Penaltilar seriyasida yaponlar dastlabki ikki zarbani juda kuchsiz ijro etishdi (Livakovich qiyinchiliksiz ikki zarbani ham qaytardi), xorvatlar esa o‘z imkoniyatlaridan aniq foydalanishdi. Keyin esa Livayaning zarbasi ustunga tengdi, ammo Livakovich darhol yaponlarning umidini so‘ndirdi — xorvatiyalik darvozabon uch penaltini qaytardi va so‘zsiz kecha qahramoniga aylandi. «Shashkachilar» esa yana 120 daqiqa va penaltilar seriyasidan o‘tishdi.

Brazillar Janubiy Koreya mudofaasini yakson qilishdi va chorakfinalda Xorvatiya bilan o‘ynaydigan bo‘lishdi

JCH-2022. 1/8 final
Braziliya — Janubiy Koreya 4:1
Gollar
: Vinisius (7), Neymar (13, penalti), Risharlison (29), Paketa (36) — Payk Sin Ho (76).
Braziliya – Alisson (Ueverton, 80), Militao (Alves, 63), Silva, Markinos, Danilo (Bremer, 72), Kazemiro, Paketa, Neymar (Rodrigo, 81), Risharlison, Rafinya, Vinisius (Martinelli, 72).
Janubiy Koreya – Kim Sin Gyu, Kim Mun Hvan, Kim Yon Gvon, Kim Min Je, Kim Jin Su (Hon Chhol, 46), Li Chje Son (Li Kan In, 74), Chon Vu Yon (Son Jun Ho, 46), Hvan In Bom (Payk Sin Ho, 65), Son Hyon Min, Cho Gyu Son (Hvan Iy Cho, 80), Hvan Hi Chhan.
Ogohlantirish: Chon Vu Yon (44).

Brazillar guruh bosqichida o‘z o‘yinini namoyish etishida Neymarning jarohati ham to‘sqinlik qila olmagandi. Futbolchining otasi mashhur nashrlarga bergan intervyusida o‘g‘li finalda ishtirok etishiga ishonishini aytganida uning so‘zlarini turlicha talqin etish mumkin edi - u o‘g‘li finalda o‘ynashini orzu qilyaptimi yoki uning safga qaytishi kechikishini prognoz qilyaptimi?

Mavzuga Neymarning o‘zi nuqta qo‘ydi va barchasi joyida ekanini yozdi. Bunga mashg‘ulot jarayonida olingan suratni ilova qildi, keyinroq ijtimoiy tarmoqda «Selesau» lagerida olingan rolik ham paydo bo‘ldi, unda brazillar «o‘nligi» Serbiya bilan o‘yinda shishib ketgan o‘ng oyog‘i bilan darvoza sari zarba yo‘llayotgani aks etgan. Braziliyalik muxlislar shundan keyin yengil tin olishdi, chunki bungacha Gabriel Jezus uchun jahon chempionati muddatidan oldin yakunlangani va ikki qanot himoyachilari — Aleks Sandru va Aleks Telles ham safdan chiqishgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Neymar o‘n kunlik intensiv davolanishdan keyin to‘liq sog‘ayib ketgani fakt emas, ammo bu jahon chempionati. Bu turnir barchani og‘riqlar va o‘z sog‘ligiga xavflar haqida unutishga majbur qiladi. Buni koreyaliklarning asosiy yulduzi Son Hyong Min bilan bog‘liq tarix ham ko‘rsatadi. Bir oy oldin u ko‘zi atrofidan jiddiy jarohat olgan, jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan va Qatardagi turnirda maxsus niqob taqqan holda o‘ynadi. U superqahramonlar kabi harakat qilib, dohiyona pasi bilan jamoani pley-offga olib chiqdi.

Ammo hozirgi Braziliyaga qarshi o‘yinda to‘laqonli top-tarkibda o‘ynash talab etiladi. Bu o‘rinda Kamerunni eslashga hojat yo‘q, chunki pentakampeonlar deyarli hech narsani hal qilmaydigan o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirgan va ishtiyoq bilan o‘ynamagandi, o‘z darvozasi oldida ham, raqib darvozasi atrofida ham. Ammo endi katta o‘yinlar boshlandi va muxlislar maksimal kuch bilan harakatlanuvchi brazillarga guvoh bo‘lishadi. Ular yakkakurashlarda ayovsiz, to‘pni harakatlantirishda ham, fikrlashda ham tezkor.

Koreyaliklar ilk hujumlar yomg‘iridan o‘ziga kelishga ulgurmadi va tabloda «2:0» raqamlari yona boshladi. Ular shunchaki raqib harakatlariga ulgurmay qolishdi. Avvaliga Rafinyaning pasini o‘tkazib yuborishdi. Keyin — jarima maydoni ichida Risharlisonga nisbatan qoida buzildi. Birinchi holatda barcha Neymarni qo‘riqlashga e’tibor qaratdi va u to‘pga tega olmaganida pas narigi qanotda bo‘sh qoldirilgan Vinisius Juniorga yetib bordi, u esa xotirjamlik bilan zarba berib, jahon chempionatlarida urgan golini o‘ziga xos raqs bilan nishonladi.

Keyin esa jamoa penaltini aniq ijro etgan Neymar bilan xursandchilik qildi, endi Neymar terma jamoada 77 gol urgan Pelega yetib olishi uchun bir gol qoldi. U hozirning o‘zida uchta jahon chempionatida gol urish bo‘yicha futbol qiroli hamda Ronaldo bilan tenglashib oldi. Neyning terma jamoada urgan so‘nggi olti goli 11 metrlik jarima zarbasidan urilgani ahamiyatga ega emas.

Risharlison himoyachi bilan to‘p uchun kurash vaqtida boshi bilan jonglyorlik qilgan kombinatsiyada u to‘pni avval Markinosga tashlab berdi, keyin Kazemirodan qabul qilib olib, yakkama-yakka vaziyatda darvozabonni ortda qoldirdi — bu uning turnirdagi ikkinchi eng chiroyli goli bo‘ldi. Brazillar futbol bayram hisoblangan qandaydir boshqa galaktikadan kelgandek, bu mamlakatda hatto 61 yoshli Tite ham jamoa bilan birga raqs tushadi.

Qatardagi turnirdan keyin jamoani tark etadigan murabbiy o‘z jamoasi o‘yinidan hayratda edi. Buni anglash uchun u Lukas Paketaning golini qanday nishonlaganiga qarash kifoya. Bu yerda xuddi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hisob tenglashtirilganida bo‘ladigan hissiyotlar hukmron edi. Kimdir bu atigi Koreyaga qarshi o‘yin ekanini e’tiborga olib hayron bo‘lishi mumkin. Ammo Tite o‘z ishi samarasidan to‘liq rohatlanishga haqli, u xayrlashuv gastrolidagi har bir daqiqani qadrlamoqda va o‘yin oxirida uchinchi darvozabon Vevertonga ham o‘ynash imkoniyatini berdi.

Bu chempionat mutaxassis faoliyatining cho‘qqisi bo‘lmoqda va hozirda uni almashtira oladigan nomzod ko‘rinmayapti. Braziliyada hozirda u kabi nufuzga ega mutaxassis shunchaki yo‘q. Shu bilan birga, Tite hozirning o‘zida ketmayapti va jamoa bilan finalga yetib bormoqchi. Har bir keyingi raundda raqiblar darajasi o‘sib borsa-da, Braziliya oltinchi chempionlikni orzu qilmoqda va bu o‘yinda Son Heng Minning ikki zarbasi yo‘liga tashlangan Markinos kabi kurashishga tayyor.

Hozirda o‘yin saviyasi bo‘yicha bu jamoaga faqat Fransiya teng kelishi mumkin. Shu bilan birga, o‘tgan yili Amerika Kubogi finalida brazillarni mag‘lub etgan Argentinaning ham bu borada o‘z fikri borligi aniq.


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qatarda karnaval. Bunday Braziliyani kim to‘xtata oladi?