2022 yilning avgust oyi. Terma jamoamiz CAFA U-19 chempionatida ishtirok etdi. Tojikiston mezbonlik qilgan turnirda faqat maydon egalarini yuta oldik.
Dastlab, Eronga qarshi o‘yinda katta ustunlik qilayotgan bo‘lsak ham, so‘nggi 5 daqiqada 2ta gol o‘tkazib yuborganimiz uchun 1 ochko bilan kifoyalandik. Keyin Qirg‘iz Respublikasiga qarshi "nursiz" o‘yin. Biz uchun eng kutilmagani so‘nggi turda sodir bo‘ldi. Hamyurtlarimiz Afg‘oniston vakillari bilan durangga rozi bo‘lishdi.
Ha, maydon sun’iy edi. Ha, nazorat bizning qo‘limizda edi. Ha, to‘p darvozaga kirishni istamadi. Lekin bu va’jlarning hech biri "Paxtakor" maktabi, "Bunyodkor" va "Nasaf" akademiyalarida tarbiya topgan, qo‘shimchasiga, O‘zbekiston Superligasida o‘ynayotgan yigitlarning afg‘onlar oldida ojiz qolishi uchun asos bo‘lolmaydi...
Muhim turnir oldida turgan, JCH yo‘llanmasi uchun Osiyo grandlarini yengishi talab qilinadigan jamoaning bunday omadsizligi kishini xafa qildi. E’tirozlarimni bildirish, natija uchun terma jamoalar markazidan izoh so‘rash maqsadida O‘FAga bordim. Usmon Toshev xizmat safari bilan Xorazmda ekan. Lekin tashkilot birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda yoshlarimiz ustozi Ravshan Haydarov bilan biroz suhbatlashdik.
Ermatov odatdagi xotirjamligi bilan natijadan xafaligi, ammo bunaqa o‘yinlar o‘zimizning foydamizga ishlashi haqida gapirdi. Katta turnirlarga boradigan jamoalar u yerda ro‘y beradigan ehtimoliy voqealarning barchasiga tayyor bo‘lishi kerakligi aytildi. Shu joyida Haydarov gapga aralashib, Tojikistondagi musobaqa va Afg‘onistonga qarshi so‘nggi bahsda yigitlarning psixologik jihatdan kamchiliklari ko‘rinib qolganini tan oldi:
"Eron bizga javob golini urganda ham, afg‘onlar hisobni tenglashtirda ham bir xil muammo paydo bo‘ldi. Yigitlar raqibdan oldin o‘zini yengishi kerak. Hayajon, hissiyotlarini nazorat qilolmagan futbolchi qarshisidagi raqibni tiz cho‘ktirolmaydi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘nlab vaziyat yaratdik. Hal qiluvchi pallada shu narsa pand beraverdi. Hujumchilar ko‘zini yumgan holatda urib yurgan vaziyatlarini golga aylantirisholmayapti. Xullas, bu yaxshilikka bo‘ldi. Endi psixologik taraflama yaxshiroq ishlashimiz kerak"...
Oradan 6 oy o‘tdi. Iroq bilan o‘yinda 1 kishi kam bo‘lib qolgan jamoamiz sarosimaga tushmadi. Avstraliya hisobni ochgan pallada ham xotirjamlik ushlab qolindi. Eng muhimi, qatorasiga 2 o‘yinda eng sovuqqon raqiblar "futbol lotoreyasi" orqali tiz cho‘ktirildi. Bu yoshda koreyslarni yutish sensatsiya emas. Har doim ular bilan tengma-teng kurashganmiz. Lekin har gal ruhan yutqazib qo‘yar edik. Haydarov jamoasida shu narsa o‘zgargan, o‘zgartirilgan. Futbolchilarning psixologiyasi bilan alohida mutaxassis ishlayapti. Bu borada oldinga qadam tashlangani nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida, futbolchilarning gap-so‘zlarida ham ko‘rinmoqda. Umid qilamizki, g‘alabalar bardavom bo‘ladi.
P/s. Har ishda bir xayr borligi yana isbotlandi. Ehtimol, o‘sha kuni Afg‘onistondan dars olmasak va g‘ururlanib yuraversak, kecha Koreyani (undan oldin Avstraliyani) yutolmasdik. Nima bo‘lgan taqdirda ham bizga mundial chiptasini sovg‘a qilgan barchaga tashakkur aytib, Ravshan Haydarov shogirdlariga finalda omad tilaymiz.
Faxriddin Ro‘ziyev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring