22:49 / 16.08.2023
292

Shaxsiy samolyot, xizmatchilari bilan koshona va katta maosh. Neymar nega Saudiyani tanladi?

Shaxsiy samolyot, xizmatchilari bilan koshona va katta maosh. Neymar nega Saudiyani tanladi?

Foto: «Al-Hilol» klubi matbuot xizmati

Saudiya Arabistoni — bu yozda futbolchilarning eng sevimli yo‘nalishiga aylandi. U yerga butunlay boshqacha miqyosdagi futbolchilar ham yo‘l olishmoqda — «Oltin to‘p» sohiblari Ronaldu va Benzemadan tortib istiqbolli futbolchilar qatorida ko‘rilgan Ruben Nevesh kabilargacha. Mane yoki Kante kalibridagi yulduzlar ham faoliyatining qolgan qismini ushbu ekzotik ligada o‘tkazishga qaror qildi.

Saudiyaliklarning eng yangi (va eng kutilmagan) xaridi — Neymarning «PSJ»dan «Al-Hilol»ga transferi bo‘ldi. Va bu holatda uch tomonning ham manfaatlari mushtarak edi — parijliklar futbolchidan qutulmoqchi edi, futbolchi ham vaziyatni o‘zgartirishga qarshi emasdi, Saudiya Arabistonidagilar esa shunchaki navbatdagi superyulduzni kutayotgandi.

Neymar nima uchun «PSJ»dan ketishni istadi?

Uch hafta oldin ham braziliyalik futbolchining ketishiga hech kim ishonmasdi. Ko‘p jihatdan shuning uchunki, uning o‘zi bunday ehtimolni rad etib chiqqandi. «Mening kelajagimga keladigan bo‘lsak, «PSJ»da qolishga umid qilaman. Mening bu klub bilan shartnomam bor. Hatto muxlislar mendan nafratlanishsa ham, men shu yerda qolaman», — deya ishontirgandi Neymar iyul oyi o‘rtalarida.

L`Equipe manbalari tasdiqlagandi: futbolchi Parijda o‘zini qulay his qilayotgan, uni maoshi qoniqtirayotgan, professional ambitsiyalari esa faqat Yevropa bilan bog‘liq edi. Ammo barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi.

Fransuz mediasi ma’lumotiga ko‘ra, Neymar «PSJ»dan ketish haqida may oyida o‘ylay boshlagan (alohida manbalarga ko‘ra esa — yanvar oyidayoq). Buning asosiy sabablaridan biri muxlislar isyoni eli — Parijdagi torsida braziliyalikdan nafratlangan va hatto uning uyi qarshisida miting uyushtirgan. Bularning bari hujumchini qo‘rqitib yuborgan va yetarlicha noqulaylik keltirib chiqargan.

Klubdagilar ham Chempionlar ligasida ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchralgach, Neymar — Mbappe — Messining yulduzli triosidan norozi bo‘lgan va bu futbolchilarga nisbatan taktikani o‘zgartirmoqchi edi. Bundan dastlab Lionel jabr chekdi — u klub rahbariyatining roziligini olmasdan, noo‘rin vaqtda (o‘shanda klub shov-shuvli tarzda Fransiya chempionatida «Loryan»dan mag‘lubiyatga uchragandi) Saudiya Arabistoniga borib kelgani uchun jazolangan va hatto rasman uzr so‘rashga majbur qilingandi. Shu tariqa, «PSJ»dagilar yulduzlar davri yakunlangani, klub har qanday futbolchidan ustun turishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgandi. Yakunda Messi Parijni tark etdi.

Keyin esa Mbappe bilan bog‘liq tarix boshlandi, bunda ham rahbariyat qat’iy pozitsiya egalladi: shartnomasini uzaytirmasligini bildirgan fransuz hujumchisi mavsumoldi turnesidan tushirib qoldirildi va unga butun mavsum davomida zaxira o‘rindig‘ida qoldirish bilan tahdid qilindi.

Ammo yakunda Kilian qoladigan bo‘ldi, matbuotda esa uning Neymar bilan murakkab munosabatlari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi: L`Equipe ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe bir yil oldin u va braziliyalik bir tarkibda bo‘lmasligi kerakligini uqtirgandi.

Neymar bunday muhitda qolishni istamasligi tabiiy edi.

Neymar qanday ketdi: o‘z xizmatlarini «MYu»ga, «Bavariya»ga va hatto «Barselona»ga ham taklif etdi

Parijliklarning Neymar bilan bog‘liq vaziyatdagi taktikasi Mbappe va Messi keyslaridan deyarli farq qilmadi — klub shunchaki norozi futbolchisini transferga qo‘yib yubordi. Fransuzlarning sharti oddiy edi — yaxshi pul ishlab olish (kamida 90 million yevro), hech kim forvardni qolishga ko‘ndirishga urinib ko‘rmadi.

Luis Enrike ochiqchasiga braziliyalik futbolchi uning rejalaridan o‘rin olmaganini aytdi. Singillarining tug‘ilgan kunlari, yana qandaydir bazmlar, eng muhim pallalarda olingan jarohatlar – 2017 yildan buyon Neymarda 30 tadan ortiq o‘yin o‘tkazilgan birorta mavsum bo‘lmagan.

Transfer uchun yuqori narx so‘ralishi, shuningdek futbolchining o‘zining katta maoshi (uning Parijdagi yillik maoshi 25 million yevro atrofida edi) hisobga olinsa, Yevropada yangi jamoa topish muammo edi, shu tufayli darhol bu yozning eng badavlat ligasi birinchi planga chiqdi — Saudiya Arabistoni. Shu zahoti «Al-Hilol» bilan bog‘liq mish-mishlar tarqaldi (bu klub avvalroq Messi uchun aql bovar qilmas shartnoma taklif qilgan, ammo argentinalik yulduz okeanortiga ketishni ma’qul ko‘rgandi).

Ammo Neymarning o‘zi, aftidan, Saudiya variantini u qadar istamasdi. The Independent xabariga ko‘ra, forvard o‘z xizmatlarini Yevropa top-klublariga taklif qilib chiqqan — «MYu»dan tortib «Bavariya»gacha. Ammo hech kim qiziqish bildirmagan.

Braziliyalik futbolchi borib qo‘shilishni istagan jamoalar ro‘yxatida «Barselona» nomi ham bor edi. Kataloniya klubidagilar ham Neymarning qaytishiga qarshi emasdi — Xavidan tashqari. Ispan nashrlariga ko‘ra, murabbiy bunday ehtimoliy kelishuvga qat’iyn qarshi turgan. Lekin uning taqiqisiz ham bu transfer amalga oshishi ehtimoli deyarli nolga teng edi — «Barselona»da uni ijaraga olish uchun ham imkon yo‘q edi: «PSJ» 90 million yevrodan kam offerlarni ko‘rib chiqmasdi.

Shunday ekan, «Barsa» Neymarni safga qo‘shib olish g‘oyasidan juda tez voz kechdi. Shundan keyin braziliyalik «Al-Hilol» taklifini qabul qildi va bu bilan juda ajoyib shartnomaga ega chiqdi — Yevropada bunaqasini orzu qilish ham qiyin.

Saudiya Arabistonida Neymar uchun barchasi muhayyo: unga hatto ijtimoiy tarmoqdagi postlari uchun alohida to‘lanadi

Tabiiyki, saudiyaliklar superyulduz va uning sobiq klubini xafa qilishmadi. Turli manbalarga ko‘ra, «PSJ» Neymar uchun 90 million yevrodan 120 million yevrogacha (bonuslar bilan birga) pul ishlab olgan, braziliyalik futbolchining o‘ziga esa unikal shartnoma berilgan.

Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra, hujumchi yiliga 150 million yevro maosh bilan ta’minlanadi. Globo Esporte nashri aniqlik kiritishicha, summa biroz kattaroq: ikki mavsum uchun uning hisobiga 320 million yevro tushirib beriladi (yiliga 160 mln yevro maosh – oyiga 12,5 mln, kuniga 410 ming, soatiga 17,1 ming, daqiqasiga 285 yevro degani).

Bundan tashqari:

  • shaxsiy foydalanish uchun xususiy samolyot;
  • to‘liq jihozlangan (25 ta yotoqxona, 40x10 hajmdagi basseyn va uchta sauna) va 5 nafar xizmatkorlari bo‘lgan koshona;
  • Bentley Continental GT, Aston Martin DBX va Lamborghini Huracán avtomobillari, 24 soat xizmatida bo‘ladigan haydovchi;
  • uning dam olish kunlarida mehmonxonalar, restoranlar va boshqa turli xizmatlar uchun hisoblar to‘lash uchun klub qarorgohiga yuboriladi;
  • ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistonini targ‘ib etuvchi har bir post yoki «storiz» uchun 500 ming yevro;
  • «Al-Hilol»ning har bir g‘alabasi uchun 80 ming yevro miqdorida mukofot puli.

Shuningdek, unga hali o‘zi nikohdan o‘tmagan sevgilisi bilan birga yashashga ruxsat beriladi.

Albatta, Yevropada hech kim unga bunga o‘xshash takliflar bera olmasdi, shuning uchun uning qarorini to‘g‘ri tushunish mumkin. Ammo baribir masalaning ruhiy tomoni bor — Neymar anchadan buyon Chempionlar ligasida g‘olib chiqmagan va Osiyoda o‘ynash orqali o‘z faoliyatini tugatib qo‘yish xavfi ostida qolgan. Uning shartnomasida ijara asosida «Barselona»ga o‘tish bo‘yicha lazeyka yo‘q (saudiyaliklar Messi uchun shunday imkoniyat va’da qilishgani haqida xabarlar chiqqandi). ammo braziliyalik taslim bo‘lmoqchi emas: L`Equipe xabariga ko‘ra, futbolchi ikki yildan keyin «Al-Hilol» bilan shartnomani uzaytirish to‘g‘risidagi bandni faollashtirmaydi, chunki Saudiya Arabistonidagi ikki yildan keyin erkin agent sifatida «Barsa»ga qaytishdan umid qilmoqda. U maqsadiga erisha oladimi - buni vaqt ko‘rsatadi.



Neymar, PSJ, Al-Hilol, Saudiya Arabistoni

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shaxsiy samolyot, xizmatchilari bilan koshona va katta maosh. Neymar nega Saudiyani tanladi?