
Serbiyalik mutaxassis, «Qizilqum» klubining sobiq bosh murabbiyi Nikola Lazarevich O‘zbekiston chempionati va milliy terma jamoa haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Superliga so‘nggi yillarda jiddiy darajada rivojlanib bormoqda va bu yilgi chempionlik uchun kurash juda qiziq tus olgan, deb xabar berdi Championat.asia.
Lazarevich avvalambor o‘z faoliyati haqida gapirib o‘tdi:
«“Qizilqum”dan ketgach, bir necha hafta dam oldim va keyin bilimimni oshirishga qaror qildim. Ayni paytda Ispaniyada tajriba orttirish bo‘yicha amaliyotdaman. Ispan futboli har doim men uchun qiziq bo‘lgan, ayniqsa Xose Mendilibar va Ernesto Valverde kabi mutaxassislar ish uslubini yaqindan o‘rganishni xohladim. Yil oxirigacha Janubiy Amerika terma jamoasi bilan ishlayotgan mashhur murabbiy qo‘lida ham amaliyot o‘tash niyatim bor».
Murabbiy shuningdek O‘zbekiston chempionati haqida ham fikr bildirdi:
«Superligani kuzatib boraman, har doim emas, lekin imkoniyat bo‘lganda “YouTube” orqali ko‘p o‘yinlarni tomosha qilaman. Eng avvalo, “Qizilqum”ning yaxshi natijalar qayd etayotganidan xursandman — ular Superligada o‘z o‘rnini saqlab qolishga haqli. Bu yil ayrim jamoalardan kutilmagan natijalar bo‘ldi. Masalan, OKMKdan shunday past natija kutib bo‘lmagan, ammo ular tizimli ishlayotgan jamoa va yaqin orada yana yuqori o‘rinlarga chiqishiga ishonaman. “Navbahor” ham ba’zi vaziyatlarda syurpriz ko‘rsatdi. Eng ko‘p xursand qilgan jamoa — “So‘g‘diyona”. Ularda o‘yin sifati bor, faqat natijalar unga mos kelmadi».
Chempionlik uchun kurash haqida gap ketar ekan, Lazarevich ikki jamoani alohida ta’kidladi:
«Hozirda ikki jamoa peshqadam bo‘lib turibdi — “Nasaf” va “Neftchi”. Bu ikki klub mavsum oxirigacha chempionlik uchun kurashadi deb o‘ylayman. “Neftchi” juda ko‘p yangi futbolchilarni yig‘di va shunday sharoitda darhol yuqori o‘yin ko‘rsatish oson emas. “Nasaf” esa barqaror tizimga, uzoq yillardan beri birga o‘ynab kelayotgan tarkibga ega. Shuning uchun mening shaxsiy fikrimcha, bu yil chempionlikka asosiy da’vogar — “Nasaf”. Lekin intriga oxirigacha saqlanadi».
Lazarevich O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Fabio Kannavaro haqida ham fikr bildirdi:
«Kannavaro tayinlangani haqidagi xabarlarni kuzatib bordim. Agar Kapadze qolganida ham yaxshi bo‘lardi — u terma jamoa bilan katta natijalarga erishdi. Ammo Kannavaro kabi yulduzning kelishini ham ijobiy qabul qilish kerak. Uning futbolchi sifatidagi fazilatlari haqida gapirish ortiqcha, ammo u murabbiy sifatida ham jamoaga yangi ruh, yangi madaniyat olib kelishi mumkin. Albatta, tajribasi katta emas va natijalar borasida ba’zi shubhalar bor, lekin bu uning muvaffaqiyatsiz bo‘lishini anglatmaydi. Eng muhimi — unga aniq vazifalar va real maqsadlar qo‘yish».
Serbiyalik mutaxassis suhbat yakunida O‘zbekiston futboli haqida ijobiy fikrlarini ham bildirdi:
«O‘zbekiston futboli yil sayin o‘sib bormoqda. Infratuzilma yaxshilanyapti, o‘yin sifati oshmoqda va yosh murabbiylar yangi bilimga ega bo‘lishga intilayapti. Bu jarayonni kuzatish men uchun yoqimli. Agar bunday rivojlanish sur’ati saqlansa, O‘zbekiston yaqin yillarda Osiyo miqyosida katta yutuqlarga erishishi mumkin», — dedi Nikola Lazarevich.
Murabbiyning bu fikrlari muxlislar tomonidan qiziqish bilan qarshi olindi — uning mulohazalari Superliganing bu yilgi kurashi qanchalik qattiq va natijalar qanchalik noaniq bo‘lishini yana bir bor tasdiqladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!