21:51 / 03.09.2023
185

Yevropada yozning eng qimmatbaho 15 transferi haqida (batafsil)

Yevropada yozning eng qimmatbaho 15 transferi haqida (batafsil)

Ro‘yxatdagilarning aksari Angliya klublari transfer qilgan futbolchilardir. Shuningdek, ro‘yxatdagi qator familiyalar muxlislarni hayron qoldirishi mumkin.

2 sentabrga o‘tar kechasi Yevropaning top-chempionatlarida transferlar oynasi yopildi. Endi klublar faqat erkin agent maqomidagi futbolchilarni safga qo‘shib olishi mumkin. Bu yozda sarflangan mablag‘lar bo‘yicha jahon rekordi yangilandi. Quyida yozning eng qimmatbaho transferlari top-15 ligi jamlandi.

15-o‘rin. Manuel Ugarte, 22 yoshda («Sporting» — «PSJ», 60 mln yevro — bu va quyidagi narxlar Transfermarkt.de ma’lumoti bo‘yicha)

Manuel Ugarte. Foto: PSG VIA GETTY IMAGES

Aftidan, Parijdagilar futbolchilarning Angliyaga oqimini kuzatishdan charchadi va harakatga tushdi. Klub rahbarlari Portugaliya chempionatiga yuzlandi va u yerdan urugvaylik tayanch yarimhimoyachisi Ugarteni sotib olishdi. U «Sporting»dagi uch mavsum ichida jamoaning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylangandi. O‘z o‘zidan o‘z transfer qiymatini olti barobar oshirdi. Shu bilan birga, u Qatardagi jahon chempionatini zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib kuzatgandi. Ammo, «PSJ»dagilar nima qilayotganini biladi – ushbu futbolchi ilk turlardan asosiy tarkib futbolchisiga aylandi va o‘rnini hech kimga berib qo‘ymoqchi emas.

14-o‘rin. Jyeremi Doku, 21 yosh («Renn» — «Manchester Siti», 60 mln yevro)

Jyeremi Doku. Foto: MATTHIAS HANGST/GETTY IMAGES

Bu transferga savollar yetarlicha. Asosiysi – nima uchun? Doku oldingi klubida behisob aldab o‘tishlardan boshqa aytarli ish ko‘rsatmagan, qolaversa, uning aldab o‘tishga urinishlari hamisha ham samarali chiqmaydi. Gvardiola esa, ma’lumki, murabbiy talablarini santimetrigacha to‘g‘ri bajaruvchi boshqa tipdagi futbolchilar bilan ishlashni yoqtiradi. Mavsum startida Doku «Siti»ning biror o‘yinida maydonga tushmagani ajablanarli emas. Lekin uni Anri ko‘p bor maqtadi va uning texnikasini e’tirof etdi, u bu futbolchi bilan Belgiya milliy jamoasida birga ishlagan. Ammo jarohatlarga moyil bo‘lgan futbolchi o‘zi uchun sarflangan mablag‘larni oqlashiga ko‘pchilikda shubha bor.

13-o‘rin. Kristofer Nkunku, 25 yosh («Leypsig» — «Chelsi», 60 mln yevro)

Kristofer Nkunku. Foto: MATTHEW ASHTON — AMA/GETTY IMAGES

Uning transferi bo‘yicha amalda qishdayoq kelishib qo‘yilgandi, yozda esa bu haqda rasman e’lon qilindi. Nkuku hujum chizig‘idagi istalgan pozitsiyada o‘ynay olishi mumkin, londonliklar bu mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etmasligi esa Angliyada to‘liq moslashishga imkon beradi. Lekin hozircha barchasi yaxshi ketmayapti – mavsumoldi yig‘inlari chog‘ida fransiyalik futbolchi jarohat oldi va bir necha oyga safdan chiqdi. Shunday ekan, rasmiy o‘yindagi debyutni hali kutish kerak.

12-o‘rin. Romeo Lavia, 19 yosh («Sauthempton» — «Chelsi», 62,1 mln yevro)

Romeo Lavia. Foto: CHELSEA FC VIA GETTY IMAGES

«Liverpul» o‘rniga Londonga o‘tishni tanlagan futbolchilardan biri. Klopp ushbu yigitchani o‘z jamoasida ko‘rishni juda istagandi, ammo «Chelsi»dagilar Romeoni butun klub bo‘lib o‘zlariga chaqirishdi – futbolchilardan tortib administratorlargacha. Yakunda u taslim bo‘ldi. Lekin hali yuqori darajada atigi bir mavsum o‘tkazgan futbolchi uchun kattagina mablag‘ to‘lashga to‘g‘ri keldi. Boshqa tomondan, bir yildan keyin uning narxi ikki barobar ko‘tarilib ketishi mumkin. Qolaversa, uning uchun to‘langan mablag‘ bugungi kundagi «Chelsi» uchun u qadar jiddiy summa emas.

11-o‘rin. Sandro Tonali, 23 yosh («Milan» — «Nyukasl», 64 mln yevro)

«Milan» so‘nggi mavsumlardagi muhim futbolchilaridan biri bilan xayrlashishni istamagandi, ammo «Nyukasl»ning «yog‘li» taklifiga rad javobi bera olmadi. Ushbu yosh futbolchi «Nyukasl»da qurilayotgan yangi jamoa yetakchilaridan biriga aylanishi mumkin – Italiyada u boks-tu-boksda o‘ynab, Pirloning uslubini eslatardi. U tashqi ko‘rinishi bilan ham afsonaga o‘xshaydi. Uning o‘zi ham klubdan ketishni istamagandi, ammo «Milan» rahbarlari uni sotib yuborishdi.  Endi Tonali Eddi Hauning boshlang‘ich tarkib futbolchilari safida.

10-o‘rin. Meyson Maunt, 24 yosh («Chelsi» — «Manchester Yunayted», 64,2 mln yevro)

Meyson Maunt. Foto: PA IMAGES VIA GETTY IMAGES

So‘nggi yillarda Maunt «Chelsi»da turli davrlarni boshdan kechirdi, ammo, aftidan, endi klubda qiladigan ishi qolmadi. U muntazam ravishda almashib turadigan tarkib va futbol falsafasiga doim ham mos kelavermadi. «MYu»ga transfer – ikki tomon uchun yaxshi qaror bo‘ldi: London klubi hujum chizig‘idagi pozitsiyalar uchun qator yangi futbolchilar olib keldi, Maunt esa yangi chaqiriq sari ketdi. 24 yoshda futbolchining kelajagi hali oldinda bo‘ladi, Meysonda yangi salohiyatini to‘la namoyon etish uchun fursat yetarli.

9-o‘rin. Dominik Soboslai, 22 yosh («RB Leypsig» — «Liverpul», 70 mln yevro.)

«Leypsig»ning hujumkor yarimhimoyachisi allaqachon Angliya top klublari nazariga tushgandi. Yoz boshida «Nyukasl» ham uni olib kelish uchun qattiq harakat qildi, ammo «Liverpul» operativ ishladi. Vengriyalik futbolchi golli vaziyatlar yaratish bo‘yicha Bundesliganing eng yaxshilaridan biri edi va juda tez o‘sayotgandi. Undagi mehnatkashlik, yaxshi jismoniy holat — APLda o‘ynab ketish uchun yetarli imkoniyat borligini anglatadi. U tabiiyki, «Liverpul»ning yangi mavsum startidagi boshlang‘ich tarkib a’zosiga aylandi.

8-o‘rin. Kay Havers, 24 yosh («Chelsi» — «Arsenal», 75 mln yevro)

Kay Havers. Foto: ARSENAL FC VIA GETTY IMAGES

Bu transfer uchun bunday katta mablag‘ to‘langani ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘lib qoldi. Ammo «Arsenal» bu yozda raqobatchilarining asosiy futbolchilarini olib qo‘yish uchun mablag‘ ayamadi. Havers birinchi navbatda o‘z universalligi tufayli bir necha pozitsiyalarda raqobatni kuchaytirish uchun olib kelindi. U darhol asosiy tarkibga kirdi, ammo APL startidagi dastlabki to‘rt o‘yinda birorta gol yoki golli pas muallifi bo‘la olmadi. Holbuki unda yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi. Arteta hozircha uning o‘yinlaridan yaxshi taassurot hosil qilmayotgani aniq. Ammo hali barchasi o‘zgarib ketishi mumkin.

7-o‘rin. Rasmus Hoylund, 20 yosh («Atalanta» — «Manchester Yunayted», 75 mln yevro)

Tabiiyki, bu transferdagi asosiy hazil – «MYu» o‘z Holandini sotib olgani haqida. Bu hazilda mantiq yo‘q emas – ularning ikkisi ham skandinavlar, bir-biriga nafaqat maydondagi vazifalari bo‘yicha, balki tashqi ko‘rinish jihatdan ham o‘xshab ketadi. «Siti» futbolchisi Angliyadagi faoliyatini ketma-ket gollar urish bilan boshlagan bo‘lsa, Rasmus hozircha jarohatini davolamoqda. Ammo «Yunayted» unga katta ishonch bildirgan.

6-o‘rin. Yoshko Gvardiol, 21 yosh («RB Leypsig» — «Manchester Siti», 90 mln yevro)

Yoshko Gvardiol. Foto: «Manchester Siti»

Xorvatiyalik himoyachi himoyachilar uchun to‘langan mablag‘ bo‘yicha transfer rekordini yangiladi, bunga qadar bu maqom Harri Maguayrga tegishli edi. Gvardiola jamoasiga markaziy himoyachilarni taklif etishni xush ko‘radi. Qolaversa, bu futbolchining familiyasi ham unikiga o‘xshash. 21 yoshida Gvardiol o‘z pozitsiyasida dunyoning eng yaxshilaridan biri darajasiga yetishdi. Pep bu kelishuvdan mamnunligi aniq.

5-o‘rin. Randal Kolo Muani, 24 yosh («Ayntraxt» — «PSJ», 95 mln yevro)

Randal Kolo Muani. Foto: «PSJ» rasmiy sayti

«Ayntraxt»ga faqat tahsin aytish mumkin. Klub oxirigacha kutdi va «PSJ»dan maksimal darajada pul undirib oldi. O‘tgan haftadayoq Kolo Muani Parijga ketmoqchiligi haqida ochiq aytib, klubni transferga ko‘ndirish uchun hatto jamoa mashg‘ulotlarini boykot qilgandi. Ammo frankfurtliklar sabr qilishdi va rxirigacha vaqt cho‘zishdi: ayrim jurnalistlar hatto kelishuv barbod bo‘lgani haqida aytishgandi. Yakunda kelishuv so‘nggi soatlarda hal bo‘ldi: fransiyalik forvard 95 mln yevro evaziga Bundesligadan Liga 1ga o‘tdi. Endi u milliy jamoada bo‘lgani kabi Kilian Mbappe bilan juftlikda harakat qiladi. 

4-o‘rin. Harri Keyn, 30 yosh («Tottenhem» — «Bavariya», 100 mln yevro)

Harri Keyn. Foto: CHRISTINA PAHNKE — SAMPICS/GETTY IMAGES

Ushbu hujumchi 11 yilini «Tottenhem»ga bag‘ishladi. U o‘zi ramziga aylangan bu klubni tark etishini tasavvur qilish qiyin edi. So‘nggi yillarda u bo‘yicha juda ko‘plab takliflar keldi, ammo klub rahbariyati ularning barchasini rad etayotgandi. Ammo «Bavariya»dek tejamkor jamoa 100 mln yevro taklif qilganida barchasi o‘zgardi, qolaversa, futbolchi sovrinsiz yurishdan charchagandi. Natijada londonliklar mo‘may pul ishlab oldi, futbolchi nihoyat sovrinlar uchun kurashadigan jamoada o‘ynaydigan bo‘ldi, nemislar klubida esa Levandovski darajasidagi markaziy hujumchi paydo bo‘ldi. Keyn esa yangi chempionatga darhol moslashdi va o‘zi uchun sarflangan pullarni oqlay boshladi – u dastlabki uch turda uch gol urdi. Shu bilan bir vaqtda, yana yetti-sakkiz yil shu darajada o‘ynashga tayyorligini aytib o‘tdi. Shunday ekan, myunxenliklar klubi yaqin yillar uchun markaziy hujumchi masalasida xavotir olmasa ham bo‘ladi.

3-o‘rin. Jud Bellinghem, 20 yosh («Borussiya» — «Real», 103 mln yevro)

Angliyalik ushbu futbolchini 16 yoshidayoq o‘z avlodidagi eng kuchli futbolchi deb atashgandi. U dastlab «Birminghem»a’zosi ekanida, Angliya o‘smirlar jamoasidagi o‘yinlari tufayli tilga tushgandi. Keyin – «Borussiya»dagi kuchli mavsumlar va jahon chempionatidagi o‘yinlari bilan yorqin taassurot qoldirdi. U Dortmunddan yanvardayoq ketmagani biroz ajablanarli, o‘shanda uning nomi ingliz grandlari bilan bog‘lanayotgandi. Ammo, aftidan, u eng yaxshi taklifni kutgan. «Real» esa bu taklifni berdi. Madridda ushbu yigitcha juda kuchli boshladi, to‘purarlik qobiliyatini namoyish etib, dastlabki to‘rt turda beshta gol urdi. Jamoada bunday start faqat Krishtianu Ronalduda bo‘lgan. Lekin uning madridliklar klubidagi asosiy vazifasi maydon markazidagi avlodlar almashinuvi og‘riqsiz kechishini ta’minlash.

2-o‘rin. Moyses Kaysedo, 21 yosh («Brayton» — «Chelsi», 116 mln yevro)

Yarim yil oldin ham ushbu yosh futbolchi haqida ko‘pchilik bilmasdi. Bir necha yil oldin «Brayton» o‘z uslubida yana bir iste’dodli futbolchini topgan (bu safar Ekvadordan), ammo darhol Belgiya klubiga ijaraga berib yuborgandi. Yarim mavsumdan keyin esa jamoa o‘yin uslubi bilan Kanteni yodga solib yuboradigan tayyor yarimhimoyachiga ega bo‘ldi. Yanvarda «Arsenal» Kaysedo uchun 70 mln yevro to‘lashga tayyor edi. Ammo «Brayton» kutdi. Yozda unga «Liverpul» va «Chelsi» da’vogar bo‘ldi, ammo Moyzes may oyidayoq London klubi bilan kelishib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Bu esa hal qiluvchi omil bo‘lib chiqdi. Transfer uchun katta pul sarflandi. Ammo, u ikkinchi Kantega aylanib, bu mablag‘ni oqlashi ham mumkin.

1-o‘rin. Deklan Rays, 24 yosh («Vest Hem» — «Arsenal», 116,6 mln yevro)

Britaniyalik iste’dod bu yozda Yevropadagi eng qimmatbaho transferlar ro‘yxatini boshqaradi. Uni anchadan buyon top klublar kuzatib kelayotgandi, ammo «Vest Hem» eng yaxshi pallani kutdi va narx tushib ketishidan cho‘chimadi. Nihoyat bu palla keldi va yangi mavsumda yana chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgan, qolaversa, YeChLga qaytgan «Arsenal» Rays uchun so‘ralgan mablag‘ni to‘ladi. U 24 yoshdayoq APLda 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan, milliy jamoada 50 ga yaqin, yetakchilik qobiliyatiga ega va maydon markazida hukmronlik qiladi, asosiysi hech qachon jarohat olib, o‘yinlarni o‘tkazib yubormaydi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropada yozning eng qimmatbaho 15 transferi haqida (batafsil)