
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan urushni to‘xtatish maqsadida yangi tinchlik rejasini ishlab chiqdi. Manbalarning ma’lum qilishicha, ushbu hujjat 12 ta asosiy banddan iborat bo‘lib, ularning aksariyati Kiyevning geosiyosiy va xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, deb xabar berdi Topnews.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rejaning ilk bandi Ukrainaning hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga oid geosiyosiy talablarga bag‘ishlangan. Keyingi ikki band harbiy masalalarga tegishli bo‘lib, otishmalarni to‘liq to‘xtatish va asirlarni almashishni o‘z ichiga oladi. To‘rtinchi band iqtisodiy hamkorlikni, beshinchisi esa xavfsizlik kafolatlarini qamrab oladi.
Yevropa Ittifoqi va Ukraina ishlab chiqqan bu yangi konsepsiya, aslida, Zelenskiy 2022-yilda Istanbulda taqdim etishga uringan tinchlik rejasining qayta ishlangan ko‘rinishi hisoblanadi. Hujjatdagi takliflar quyidagicha:
- Rossiya tomonidan harbiy harakatlarni so‘zsiz to‘xtatish;
- Ukrain va rus asirlarini o‘zaro almashish, Rossiya qaytarib olib ketgan ukrainalik bolalarni vataniga qaytarish;
- Moskva va Kiyev o‘rtasida Rossiya nazoratidagi hududlar yuzasidan muzokaralar tashkil etish;
- Yevropa va Ukraina tomonidan hududiy yon berishlar yoki Rossiyaning hududiy da’volarini rasman tan olmaslik;
- G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berish;
- Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini jadallashtirish;
- Ukraina iqtisodiyotini qayta tiklash uchun xalqaro moliyaviy yordam ajratish;
- Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish, biroq faqat Moskva Ukraina tiklanish jarayonida ishtirok etgan taqdirdagina;
- AQSH prezidenti Donald Tramp raisligida maxsus «Tinchlik kengashi» tashkil etish, u rejaning bajarilishini nazorat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu hujjat Ukraina va Yevropa Ittifoqining siyosiy tashabbusi bo‘lib, u asosan Moskvaga bosimni kuchaytirish va G‘arb tomonini tinchlikparvar kuch sifatida ko‘rsatishga qaratilgan. Biroq Rossiya bu rejani qabul qilishi ehtimoli juda past — chunki u Rossiyani «taslim bo‘lish» ssenariysiga yaqinlashtiruvchi siyosiy yo‘nalish sifatida baholanmoqda.
Ba’zi diplomatik manbalarning ta’kidlashicha, hozirda rejaning yakuniy varianti ishlab chiqilmoqda va unga bir necha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Yevropa amaldorlari ayni vaqtda tezislarni AQSHdagi Tramp ma’muriyati bilan muvofiqlashtirish zarurligini ham ta’kidlagan.
Taxminlarga ko‘ra, reja NATO bosh kotibi Mark Ryutte tomonidan Oq uyga rasmiy tashrif paytida taqdim etilishi mumkin. Bu tashabbus G‘arb tomonidan Ukrainaga siyosiy qo‘llab-quvvatlashning navbatdagi belgisi sifatida ko‘rilmoqda.
Hozircha Rossiya rasmiylari ushbu taklif bo‘yicha izoh bermagan. Ammo Kremlga yaqin manbalar bu reja «aslida Ukraina va Yevropaning geosiyosiy g‘alabasini diplomatik yo‘l bilan mustahkamlash urinishi» ekanini ta’kidlamoqda.
Shunday qilib, yangi 12 bandli reja tinchlik tashabbusi niqobi ostidagi navbatdagi siyosiy bosim vositasi sifatida baholanmoqda. Yevropa va Ukraina bu orqali xalqaro maydonda Rossiyani diplomatik izolyatsiyada qoldirishga urinayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!