
Apple kompaniyasi navbatdagi flagman smartfoni bo‘lgan iPhone 19 seriyasini chiqarmaslikka qaror qildi. Bu haqda Koreyaning ETNews nashri Omdia kompaniyasi tahlilchisi Xo M-u-Yolning fikrlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya 2027-yilda iPhone 19 modelini taqdim etmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri iPhone 20 seriyasiga o‘tadi. Bu qaror Apple uchun ramziy ahamiyatga ega, chunki aynan o‘sha yili iPhone lineykasi o‘zining 20-yillik yubileyini nishonlaydi.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, bu harakat brend tarixi bilan bog‘liq estetik va strategik qaror hisoblanadi. Apple kompaniyasi o‘z mahsulotlarida nafaqat texnologiya, balki dizayn va nom berish orqali ham “avlodlar almashinuvi” hissini yaratishga intiladi. Shu bois, 19-sonli seriyani o‘tkazib yuborish orqali kompaniya yangi bosqichni ramziy ravishda boshlamoqchi.
Bu Apple tarixidagi ilk holat emas. 2017-yilda ham kompaniya birinchi iPhone’ning 10-yilligini nishonlash munosabati bilan iPhone 9’ni chiqarmagan, balki o‘rniga iPhone 8 va iPhone X modellari bilan bozorga chiqqan edi. Bu orqali kompaniya texnologiya sohasidagi yangi bosqichni belgilagan.
Muttaxassislar fikricha, iPhone 20 seriyasi kompaniya tarixidagi eng inqilobiy qurilmalardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Yangi modellar faqat dizayn yoki kamerada emas, balki sun’iy intellekt imkoniyatlari, energiya tejamkorlik va integratsiyalangan operatsion tizim bo‘yicha ham sezilarli o‘zgarishlar bilan ajralib turadi.
Shu tariqa, Apple o‘zining 20-yillik tarixini nafaqat nom bilan, balki yangi texnologiya bosqichi bilan nishonlashni rejalashtirmoqda. Foydalanuvchilar esa bu seriya orqali kompaniyaning yangi davri boshlanishini kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!