17:00 / 17.01.2025
597

Sergey Chigodayev: "Abduqodir balki oʻzimizda qolganida hozirgi darajaga chiqmasdi" (intervyu)

Sergey Chigodayev: "Abduqodir balki oʻzimizda qolganida hozirgi darajaga chiqmasdi" (intervyu)
Iqtidorli futbolchi Abduqodir Husanovning grand klub "Manchester Siti"ga oʻtishi Evropa qishki transfer oynasining eng shov-shuvli hamda eng qimmat xaridlaridan biri boʻldi.

Ayni payt bu mavzu ham chetda, ham oʻzimizda juda koʻp muhokama qilinayotganini yaxshi bilasiz.

Ma'lumki, Abduqodir Husanov "Lans"ga yoʻl olishidan oldin biroz muddat Belarusning "Energetik-BGU" klubida faoliyat yuritdi. Shu bois uni belaruslik jurnalistlar juda yaxshi bilishadi. Husanovning eng kuchli ligalardan biri APLga yoʻl olishi Belarus futbolini yoritadigan hamkasblarimiz e'tiboridan chetda qolmadi. Ushbu futbolchi haqida koʻproq ma'lumotga ega boʻlish maqsadida Football.by sayti xodimi Abduqodir Husanovning futboldagi ilk murabbiyi Sergey Chigodayev bilan bogʻlanib, bir nechta savollarga javob oldi.

Ma'lumki, Husanov aslida "Bunyodkor" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2011 yil Sergey Chigodayev qoʻl ostida futboldagi ilk qadamlarini tashlagan. Chigodayev keyinchalik Toshkentning "Olimpik" klubida va Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasida yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib bordi. Ayni payt 37 yoshli ushbu mutaxaassis Oʻzbekiston U-16 terma jamoasini boshqarib kelmoqda.

Intervyu avvalida Sergey Chigodayev yosh Abduqodir bilan qanday tanishganini eslab oʻtdi:
- Men "Bunyodkor" futbol akademiyasida 2002 yilda tugʻilgan futbolchilarni shugʻullantirardim. Ular bilan oʻn yil birga ishladim. Abduqodir ilk bor kelganida chamasi 7-8 yosh edi. U 2004 yil tugʻilgan boʻlsa-da, undagi iste'dodni payqab shu zahoti oʻzidan ikki yosh kattalar guruhiga oldik. U bilan 3-4 yil birga ishladik va keyin Abduqodir 2003 yillar guruhiga yoʻl oldi. Bundan maqsad, bu paytga kelib biz yoshi katta futbolchilar blan oʻynashni boshlagandik, bunday oʻyinlarda Husanov jarohat olib qoʻymasin degan niyatda uni 2003 yillar guruhiga yuborganimiz toʻgʻri boʻlgan deb oʻylayman.

- U bolaligida qanday boʻlgan?
- Abduqodir - tugʻma iste'dod egasi. U bolaligidayoq tezkorligi bilan ajralib turardi. U hozirgidek gavdali emasdi, aksincha jussasi kichik edi. Va juda kamtarin edi. Hech qachon ovozini balandlatib gapirganini eshitmaganman. Bundan tashqari hech qachon suhbatni oʻzi boshlamasdi, savol bersang javob beradi, boʻlmasa yoʻq. Lekin maydonga tushganida oʻzgarardi-qolardi, hech kimdan qoʻrqmasdi, oʻzidan kattalardan ham hayiqmasdi. U katta guruhdagi bolalarga qarshi tengma-teng oʻynay olardi. Shu orqali tarbiya va xarakter shakllanib bordi. Uning asosiy xususiyatlari - xotirjamlik, tarbiya va mehnat. Buning uchun ota-onasiga alohida rahmat aytish kerak. Uning otasi Hikmat Hoshimov ham oʻz vaqtida professional futbolchi boʻlgan, shu bois oʻgʻlining kelajakda futbolchi boʻlishini astoydil xohlagan. U doim oʻgʻlining yonida turdi, mashgʻulotlarini kuzatdi, oʻyinlarini tomosha qildi va kerakli maslahatlarni berdi.

- Abduqodirga bobosining ismini yoki familiyasini bergan deyishadi. Shu rostmi?
- Oʻzbekistonda shunday odat bor. Farzand tugʻilsa, koʻpchilik otasining ismi yo familiyasini beradi. Oʻsha ismni saqlab qolish va davom ettirish uchun. Shuning uchun ham Abduqodirning familiyasi otasiniki bilan bir xil emasligiga ajablanmang. Bu odat oʻzbeklarda asrlardan beri davom etib kelmoqda.

- Oʻz paytida Rivaldo va boshqa yulduzlar "Bunyodkor"ga kelganini bilamiz. Demak, klubda sharoit har doim zoʻr boʻlgan ekan-da.
- Rivaldo kelib ketganiga ancha boʻldi. Lekin toʻgʻri aytdingiz, "Bunyodkor"da doim sharoit yaxshi boʻlgan va akademiya ham rahbariyat e'tiborida boʻlgan. Qolaversa koʻp narsa murabbiylarning salohiyatiga bogʻliq. Balki ilgari mashhur murabbiylar ishlagandir, lekin hozirgilar ham chakki emas.

- Abduqodirning yoshlik paytida uni kelajakda katta faoliyat kutayotganini sezish mumkinmidi?
- Unda iqtidor borligi ma'lum edi. Aslini olganda juda koʻp bolalar iqtidorli boʻladi, faqat hamma gap shu iqtidorni ushlab qolishda. Va bu oʻrinda toʻgʻri yoʻnalish ham juda muhim. Tan olish kerak, uning Belarus klubiga yoʻl olishi oldinga tashlangan katta qadam boʻldi. Abduqodir u erda ham iqtidor, ham jismoniy tomondan shakllandi. Balki Oʻzbekistonda qolganida hozirgidek jismonan kuchli boʻlmasdi. Men uni oʻzimizda kuchsiz edi demoqchi emasman, faqat chetga ketgach tez oʻsdi. Chunki uning iqtidori va salohiyati ustida yaxshi ishlashdi.

- Futbolchining 17 yoshda Belarusga ketishiga qanday munosabatda boʻldingiz?
- Masalan men ijobiy. Chunki imkoniyat tugʻildimi, foydalanib qolish kerak. Aslini olganda koʻplab futbolchilarning boshqa chet davlatlarga ketishi tarafdoriman. Lekin shu oʻrinda qayerga borish ham juda muhim. "Energetik-BGU"da ishlab kelayotgan Anatoliy Yurevich qoʻl ostida koʻpchilik yoshlar porlaydi. U kishi juda kuchli murabbiy. Aynan Yurevich Abduqodirni haqiqiy erkaklar futboliga yoʻnaltira oldi deb oʻylayman.

Men uning Minskdagi faoliyatini muntazam kuzatib borishga harakat qildim, chunki u payt Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasida Timur Kapadzega yordamchi edim va oʻz vazifamdan kelib chiqib barcha nomzodlarni kuzatib borardim. U erda Mixail Eremchuk ishlaganidan foydalanib u orqali Abduqodir haqida ma'lumot olib turardik. Husanov saralash bosqichidan toki Parij olimpiadasida ham biz bilan birga boʻldi. U Evropaga ketgach chin ma'noda oʻsdi. Ayniqsa 18 yoshdan keyin birdaniga oʻzgarib ketdi. Men "Energetik-BGU"da futbolchilarga qanaqa ogʻir yuklamalar berilishini juda yaxshi bilaman. Bu futbolchining qoʻliga shtangani tutqazib, bor ishla degani emas. U erda futbolchilar dastur boʻyicha ishlashadi. Abduqodirga ham oʻz paytida berilgan ogʻir yuklamalar mana endi naf keltiryapti.

- Uning kamtarin Belarus chempionatidan kuchli Fransiya ligasiga yoʻl olishi sizni qanchalik hayron qoldirdi?
- Abduqodir "Energetik-BGU"da ajoyib mavsumni oʻtkazdi. U tez oʻsgani bois bu jamoada koʻp qolmasligi ma'lum edi. Oʻzim ham qachondir kuchli chempionatga oʻtsa kerak deb oʻylardim. Toʻgʻrisi, birdaniga Fransiyaga boradi deb oʻylamaganman, koʻproq Rossiyaga yoki boshqa joyga yoʻl olsa kerak deb taxmin qilgandim. U "Lans"ga oʻtdimi, demak shunga haqli boʻlgan va bu oʻrinda uning agenti ham juda yaxshi ish olib borgan.

- U "Lans"ga borishidan oldin siz bilan maslahatlashdimi?
- Bir narsani unutmang, uning otasi oʻz paytida futbolchi boʻlgan va futboldagi hamma narsani juda yaxshi biladi. Shu bois Abduqodir kelajagini otasi va agenti bilan hal qiladi deb oʻylayman. Husanov qachonki Toshkentga kelsa u bilan gaplashamiz. Otasi bilan esa tez-tez koʻrishib turamiz, hozir birgalikda Pro lizentsiyasiga oʻqiyapmiz. Bir narsani aytishim kerak, Abduqodir hozir ham xuddi 10-12 yoshidagidek oddiy va kamtarin. Uni hech nima oʻzgartirmadi.

- Hatto "Manchester Siti"dek buyuk jamoaga oʻtish ham uni oʻzgartirmaydimi?
- Menimcha yoʻq. U tarbiyali bola. Albatta, bu klubga oʻtish futbolchiga yuqori motivatsiya beradi. Husanovni Angliyada nima kutyapti? Birinchi navbatda yangi muhit va katta raqobat. Balki raqobatni uning oʻzi yuzaga keltirar. "Siti"da yaxshi himoyachilar koʻpligini bilamiz, lekin Abduqodirning salohiyatidan kelib chiqsak, u bemalol oʻynab keta oladi deb oʻylayman. Uni birdaniga qoʻlga kiritishmadi, avval boshdan yaxshilab oʻrganib chiqishgan va tinmay kuzatishgan. Hozir "Siti"da jarohat olgan oʻyinchilar koʻp, bu ham Abduqodirning foydasiga ishlaydi. Husanov Evropada tajriba orttirib ulgurdi, Chempionlar ligasida oʻynadi va uni Angliyada ham katta kelajak kutmoqda.

- Aynan Husanov hozirgi paytda Oʻzbekistonning eng asosiy futbolchisi deb ayta olasizmi?
- Toʻgʻri, u ayni paytda eng koʻp tilga olinayotgan futbolchilardan biri. Qolaversa, uning "Manchester Siti"ga oʻtishi e'tiborni yanayam oshirdi. Bu Oʻzbekiston uchun ham yaxshi. Buyogʻiga yana koʻpchilik bizning futbolni, chempionatimizni va terma jamoalarimizni kuzatadi.

- Husanovning ortidan ketishi mumkin boʻlgan yana qaysi futbolchilar bor?
- Bizda iqtidorli oʻyinchilar koʻp. Hozir Oʻzbekiston U-20 terma jamoasida bir nechta yaxshi oʻyinchilar harakat qilyapti. Masalan, Muhammadali Oʻrinboyevni olaylik. U "Brentford" yoshlari safida oʻynab keldi. Hozir esa "Paxtakor"da faoliyatini davom ettirmoqda.

X.Xoliqov tayyorladi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing