date

Zelenskiy bayonoti Rossiya–Ukraina muzokaralariga yo‘l ochishi mumkin

Zelenskiy bayonoti Rossiya–Ukraina muzokaralariga yo‘l ochishi mumkin

Rossiya prezidentining xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili hamda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev CNN telekanali orqali efirda qilgan chiqishida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlarini “diplomatik yechimga yaqinlashish” deb atadi.

Dmitriyevning ta’kidlashicha, Zelenskiyning front chizig‘ida urushni to‘xtatish haqidagi gaplari so‘nggi oylardagi siyosiy ritorikada jiddiy burilish hisoblanadi. Uning fikricha, Ukraina rahbari avval Rossiya qo‘shinlarini butun hududdan chiqarishni talab qilgan bo‘lsa, bugun u ancha mulohazali pozitsiyani tanlayotgandek ko‘rinadi.

“Menimcha, Rossiya, AQSH va Ukraina diplomatik yechimga yaqinlashmoqda. Zelenskiyning front chizig‘i haqidagi bayonoti — katta va ilk haqiqiy qadam,” — dedi Dmitriyev jurnalist Jeyk Tapper bilan suhbatda.

Shu bilan birga, u Moskvaning “xavfsizlik kafolatlari” haqidagi talablarini ham takrorladi va urushni to‘xtatish uchun Kremlning manfaatlari inobatga olinishi kerakligini urg‘ulab o‘tdi.

Dmitriyevdan AQSH prezidenti Donald Trampning Budapeshtda Vladimir Putin bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilish qarori haqida ham so‘rashdi. Rossiya vakili “uchrashuv baribir bo‘ladi, faqat keyinroq” deya javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya bilan muloqotni to‘xtatish emas, uni davom ettirish muhim”.

Tramp ham o‘z chiqishlarida “Putin bilan suhbatlar foydali, ammo ular yetarlicha natija bermayapti”, deb ta’kidlagan edi.

Shu bilan birga, Dmitriyev AQSH va Rossiya mahbuslar almashinuvini davom ettirish masalasini muhokama qilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu “odatiy diplomatik jarayon emas”, balki ikki davlat o‘rtasidagi ishonchni tiklash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Moskva esa Dmitriyevning tashrifiga qadar Ukrainada front chizig‘i bo‘yicha janglarni “darhol muzlatish” taklifini rad etgandi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bu fikrni “Alyaskada erishilgan kelishuvlarga zid” deb baholagan va bunday qaror “natsistik rejim qo‘lidagi hududlarni mustahkamlab qo‘yishi”ni ta’kidlagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Zelenskiyning oxirgi bayonoti g‘arb siyosiy doiralarida ham qiziqish uyg‘otdi. Uning “frontdagi vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal etish mumkin” degan ifodani Ukraina pozitsiyasida ehtimoliy yumshash belgisi sifatida ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, Rossiya tarafidan hali aniq amaliy qadamlar kuzatilmayapti. Dmitriyevning “hamkorliksiz tinchlik bo‘lmaydi” degan fikri esa Kremlning bu jarayonda faqat o‘z shartlari asosida ishtirok etish niyatidan darak bermoqda.

Siyosiy kuzatuvchilar bu bayonotlarni Ukraina–Rossiya mojarosidagi “so‘zlar orqali bosim” bosqichi sifatida baholamoqda. Ularga ko‘ra, Zelenskiyning bu yo‘nalishdagi mulohazalari tinchlik uchun emas, balki G‘arb davlatlarining yangi yordam paketlarini olishdan avvalgi diplomatik manyovr bo‘lishi ham mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy bayonoti Rossiya–Ukraina muzokaralariga yo‘l ochishi mumkin