
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanidagi “Aqchako‘l” turistik-rekreatsion hududidan go‘yoki xazina topilgani haqidagi xabarlar tez tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bu voqeaga qiziqish bilan munosabat bildirgan bo‘lsa, ba’zilar “qimmatbaxo tangalar” haqida gapirdi.
Biroq Madaniy meros agentligi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, xabarlar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, voqea haqidagi xabarlar tarqalganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari joyiga chiqib tekshiruv o‘tkazgan. O‘rganishlar davomida sohil hududidan hech qanday arxeologik topilma yoki madaniy qiymatga ega buyum aniqlanmagan.
Tarmoqlarda tarqalgan tasvirlardagi tangalar esa xazina emas, balki bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2018 va 2022-yillarda chiqarilgan 200, 500 va 1000 so‘mlik tangalar ekani ma’lum bo‘lgan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Madaniy meros boshqarmasi, Ellikqal’a tumani hokimligi hamda tegishli mutaxassislar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga, videomurojaatda keltirilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ham aniqlangan.
Agentlik fuqarolarni tekshirilmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka va faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi. Shuningdek, madaniy meros obyektlariga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lish hamda ularni asrab-avaylash muhimligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘istondagi bu voqea esa yana bir bor internetdagi har bir “sensatsiyali” xabarni rasmiy manbalar orqali tekshirish zarurligini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!