Vazirliklar va idoralarda kitobxon xodimlarga pul mukofoti beriladi

O‘zbekistonda barcha vazirlik va idoralarda tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik maosh miqdorida pul mukofoti beriladi. Bu Prezident qarori bilan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari” doirasida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 aprelga qadar barcha vazirlik va idoralarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi, xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” joriy qilinib, ichki reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 martga qadar kasbiy faoliyat bo‘yicha tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi. Har yili kamida uchta xorijiy kasbiy adabiyot o‘zbek tiliga tarjima qilinadi, izohlar, lug‘atlar va misollar bilan boyitiladi.
Yoshlar va talabalar ham rag‘batlantiriladi: eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 o‘quvchi va talabalarga 10,3 million so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi.
Prezident qaroriga asosan Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Umumta’lim maktablarda “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari faoliyat yuritadi.
Qarorning asosiy maqsadi — 2026–2030 yillarda aholi kitobxonligini oshirish va bir kishi yiliga o‘rtacha 10 ta kitob o‘qishiga erishish. Jamg‘arma mablag‘lari yosh yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, bolalar adabiyotini rivojlantirish va iste’dodli mualliflarga rag‘bat berish uchun yo‘naltiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!