Qoidabuzarlik haydovchi uchun qimmatga tushgani ma’lum bo‘ldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2025 yil 10 noyabrdagi qaroriga asosan, qarzdor fuqaro A.P.dan undiruvchi fuqaro S.S. foydasiga 127 mln. 102 ming so‘m miqdorida moddiy zarar undirish belgilangan.
Sud materiallariga ko‘ra, qarzdor 2025 yil 17 iyul kuni kechki soat 21:30 larda o‘zining “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida yuqori tezlikda harakatlanib, svetoforning qizil ishorasi talabiga rioya qilmagan holda, to‘xtab turgan “BYD” rusumli avtomashinaga urilishi oqibatida yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Natijada jabrlanuvchi fuqaroga katta miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Olmazor tuman bo‘limi tomonidan ish yurituviga qabul qilingan. Ijro harakatlari jarayonida qarzdor nomiga rasmiylashtirilgan 2 ta avtotransport vositasi aniqlanib, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda taqiq choralari qo‘llanilgan.
Ko‘rilgan majburiy ijro choralari natijasida, 2026 yil 13 yanvar kuni qarzdordan belgilangan 127 102 000 so‘m moddiy zarar mablag‘i to‘liq undirilib, undiruvchi fuqaroga o‘tkazib berildi.
Ushbu holat yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik nafaqat inson hayoti va sog‘ligiga, balki boshqa shaxslarning mol-mulkiga ham jiddiy zarar yetkazishi, shuningdek, qoidabuzar shaxs uchun katta moliyaviy va huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishini yaqqol namoyon etmoqda.