Oq uy: Trampning bosimi bilan Eronda 800 ta qatl amalga oshirilmadi

Oq uy AQSH prezidenti Donald Trampning “AQSH bosimi ostida Eron 800 ta qatlni amalga oshirmadi” degan da’vosiga munosabat bildirdi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt payshanba kuni, 15-yanvarda bu haqda bayonot berdi.
Uning aytishicha, prezident ma’lumotiga ko‘ra, 800 ta qatl “rejalashtirilgan bo‘lgan” va ular 14 yanvar kuni amalga oshirilishi kerak edi. Biroq Livitt bunday ma’lumot qaysi manbalarga tayanilganini ochiq aytmadi.
Tramp esa avvalroq “juda muhim manbalar” unga Eronda qatllar to‘xtatilgani haqida xabar berganini iddao qilgan. Livitt qo‘shimcha qilib, AQSH prezidenti vaziyatni kuzatishda davom etayotgani, shu bilan birga, harakatlarning barcha ehtimoliy variantlarini ham ochiq qoldirayotganini bildirdi.
Shu kunlari mintaqadagi vaziyatga oid turli signallar ham ko‘paygan. Al Hadath telekanali Eron hukumati Iroq bilan chegara hududida havo hududini yopishga farmoyish bergani haqida xabar tarqatgan. Dpa agentligi esa bu ma’lumotlar AQSH tomonidan ehtimoliy havo zarbasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirganini qayd etgan. Oq uy matbuot kotibining ta’kidlashicha, “prezident Tramp nima qilishini faqat o‘zi biladi”, uning rejalaridan esa maslahatchilarning juda kichik guruhigina xabardor.
Eron ichida esa sud va rasmiy bayonotlar keskinligi bilan diqqat tortmoqda. 14 yanvar kuni Eron sud hokimiyati rahbari G‘olyam Husayn Mohseni-Edjei noroziliklar paytida ushlangan 18 000 kishiga nisbatan sud jarayonlarini tezlashtirish va ularning bir qismiga o‘lim jazosi tayinlash zarurligini aytgani xabar qilingan. Bir vaqtning o‘zida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chi Fox News’ga bergan intervyusida hukumatda “umuman odam osish rejasi yo‘q”ligini urg‘ulagan.
AQSHda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Eronda davom etayotgan tartibsizliklar davrida kamida 544 kishi halok bo‘lgan, 10 600 dan ortiq odam ushlangan.
Norozilik namoyishlari 2025-yil 28 dekabr kuni boshlangani aytiladi. O‘sha kuni Tehronda do‘kon egalari iqtisodiy vaziyat og‘irlashayotganiga norozilik sifatida savdo nuqtalarini yopgan, keyinroq boshqa yirik shaharlar aholisi ham aksiyalarga qo‘shilgan. 30-dekabrda namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasida ilk to‘qnashuvlar kuzatilgani, kuch ishlatar tuzilmalar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida xabarlar tarqalgan. Oradan ko‘p o‘tmay, chiqishlar siyosiy tus olgan: ayrim ishtirokchilar “Diktatorga o‘lim” degan shiorni ayta boshlagan, norozilar rejim almashishi va muhojirlikda yashayotgan valiahd shahzoda Rizo Pahlaviyning hokimiyatga kelishini talab qilmoqda.
Iqtisodiy fon ham og‘ir: Eron iqtisodi 40 foiz atrofidagi inflyatsiya va G‘arb sanksiyalari sabab jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgani ta’kidlanadi.
Tramp esa 2 yanvar kuni Truth Social tarmog‘ida tinch norozilik bildiruvchilarga qarshi o‘q uzilsa, AQSH aralashishi mumkinligidan ogohlantirgan. Keyinroq chiqishlar tartibsizlik tusini olgan: Tehron shahri hokimi Alirizo Zakaniy 9-yanvarga o‘tar kechasi bo‘lgan voqealarda 50 dan ortiq bank va bir necha davlat muassasasi yoqib yuborilgani, shuningdek, 30 dan ortiq masjid yong‘inda vayron bo‘lganini ma’lum qilgan.
Hozirgi manzara shundan dalolat berayaptiki, Vashington bayonotlari, Eron ichidagi keskin qarorlar va mintaqadagi xavotirli signallar bir-birini “quvlab” kelyapti. Eng muhim savol esa ochiq qolmoqda: 800 qatl haqidagi da’vo rostdan ham tekshirilgan faktmi yoki siyosiy bosim o‘yinidagi navbatdagi tezismi. Vaqt va voqealar rivoji buning javobini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!