O‘zbek futbolida shakllangan bir an’ana bor, ammo uning yaxshi yoki yomonligini aniq ayta olmaymiz. Jurnalistlardan tortib murabbiy va futbolchilargacha bir gapni ko‘p aytishadi - O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Bu taxlit gap-so‘zlarning ko‘payishiga 2011 yilgi Osiyo kubogi sabab bo‘lsa kerak. O‘sha yili O‘zbekiston milliy jamoasi darhaqiqat, qit’ada to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Sal qolsa, uchinchi bo‘lishi ham mumkin edi-yu, qurg‘ur, Janubiy Koreya termasiga qarshi bahsda birgina Geynrixning urinishlari kamlik qilgandi. Butun jamoa u kabi o‘ynaganida, balki hozir «Osiyoning uchinchi jamoasi» haqida gapirayotgan bo‘larmidik... 2015 yilgi qit’a birinchiligi esa, hisob emas. Biz uchun asosan, o‘zimiz uchun omadli kechgan musobaqalarni eslash ma’qulroq.
KUChLILAR
Ammo mayli, mavzudan chalg‘imaylik. 2011 yildan buyon «to‘rtinchi o‘rin» haqida ko‘p gapirildi. Biroq haqiqatga tik qaraydigan bo‘lsak, bu o‘ringa qay darajada munosibligimiz bahsli masala. Bizdan oldinda turganlar - Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya bo‘lsa, bu yoqda Eron va BAA ham bor. Shunday ekan, asl joyimiz besh va hattoki, oltinchi pog‘ona, desak, to‘g‘ri bo‘lar, balki. Ammo bu hali hammasi emas. Ahvol shu zayl davom etaversa, tez kunlarda yanada quyiroq o‘rinlarga tushib ketishimiz hech gap emas. Zero, Xitoyning qanday shiddat bilan rivojlanayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Hozir shu haqda.
XITOY
Chin yurtining bugungi futboli xususida gap ketar ekan, ko‘z oldingizga eng avvalo, pul to‘ldirilgan qop keladi. Hech qanday mubolag‘asiz. Pul yomon narsa, u Janubiy Amerika tugul, Evropaning eng sara o‘yinchilarini ham «buyuk devor»ning narigi tomonida to‘p surishga majbur qilmoqda. Endilikda dunyoning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisi «Real» yoki «Barselona»da emas, «Shanxay Shenxua»da to‘p suradi. Bu o‘rinda gap Karlos Teves haqida ketayotganini tushundingiz: unga xitoyliklar yiliga 30 million evro to‘lashmoqda. Hali bu ham chegara bo‘lmasa kerak, «yangi Teveslar» albatta, chiqadi va shunga ko‘nikish lozim. Xitoyning shashti ancha baland.
Eslab qoling, agar Chin o‘lkasi futboli shu yo‘ldan qaytmaydigan bo‘lsa, qachondir nafaqat Osiyo, balki dunyo etakchilaridan biriga aylanishi ham hech gap emas. O‘zlari bu ishni 2050 yilga borib amalga oshirishni ko‘zlashgan. Reja bo‘yicha avval jahon chempionatini qabul qilishlari lozim, so‘ngra esa chempionlikni ham qo‘lga kiritish kerak. Hozir bu gaplar kulguli tuyulishi mumkin, ammo ikki yil oldin «Oskar va Teves Xitoyda o‘ynaydi», deyilsa ishonarmidingiz? Xitoyliklar o‘sha bemisl maqsadlarini amalga oshirishga astoydil bel bog‘lashgan. Hozir ko‘pchilik «samo osti o‘lkasi»da transferlar uchun sarflanayotgan pullarni gapirishni xush ko‘radi, ammo futbol rivoji uchun amalga oshirilayotgan boshqa ishlar nazardan chetda qolib ketayotgandek, go‘yo. Zero, xitoyliklar ahmoq emas, shunchaki, yulduzlar uchun millionlarni sarflab qo‘yadigan. U erda shu bilan birga, boshqa qator ishlar ham amalga oshirilmoqdaki, hozir ayni mavzuga ham biroz to‘xtalsak.
50 BAND
Xitoyda yulduzlar sotib olinishi barobarida futbol rivoji ham butkul isloh qilinmoqda va 50 banddan iborat rivojlanish dasturi ishlab chiqilgan. Bu dasturning asosiy maqsadi - bolalar futbolini davlat hisobidan rivojlantirish. Umumiy hisobda 2020 yilga borib mamlakatda 50 million kishi futbol bilan faol shug‘ullanishi ko‘zda tutilgan. Shulardan 30 millioni maktab o‘quvchilaridan iborat bo‘lishi shart. Bora-bora shug‘ullanuvchilar soni oshib boraveradi. Ularga etarlicha sharoit yaratib berish uchun butun mamlakat bo‘ylab 70 mingta mashg‘ulotlar bazasi quriladi. Ushbu maskanlarda bolalarga nemis murabbiylari dars o‘tishadi. 2030 yilga borib, futbol maydonlari soni yana ham oshib borishi lozim. Kelajakda o‘rtacha 10 ming kishi uchun bitta maydon barpo etilishi rejalashtirilgan. Shunaqasini tasavvur qila olasizmi?
Ammo bu hali hammasi emas. Yaqin yillar ichida o‘rta ta’lim maktablarida ham futbol darslari joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Ayni vaqtda ilmiy xodimlar ta’lim muassasalariga moslab millionlar o‘yini darsliklari yaratish ustida ish olib bormoqdalar. Umumiy jihatdan olib qaralganda, futbol fan darajasiga ko‘tariladi. Bu ishlarning barchasi, eng avvalo, Xitoy chempionati rivojini ta’minlashga qaratilgan. Chin yurti futboli rahbariyatining nazdida kuchli chempionat o‘z-o‘zidan kuchli terma jamoa shakllanishiga olib kelishi lozim. Bu qarashlar qay darajada to‘g‘ri bo‘lib chiqishini vaqt ko‘rsatadi. Ammo Xitoy superligasi rivojiga hozirdan katta turtki bo‘layotganini bemalol aytish mumkin.
SUPERLIGA
Bugungi kunda Xitoy klublariga sarmoya kiritishning har qanday yo‘li ma’qullanmoqda. Futbolga pul tikkan kompaniyalar uchun daromad solig‘i 25 foizdan 15 foizga qadar tushirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, futbolga katta pul «oqib» kelishini ta’minlab beryapti. Oxirgi ikki qishki transfer bozorida Xitoy superligasida yangi futbolchilar uchun Angliya premer-ligasidan ko‘ra ko‘proq pul sarflandi. O‘tgan yilning qishida «osmon osti o‘lkasi»da 345 million evroga futbolchi sotib olingan bo‘lsa, Angliyada mazkur ko‘rsatkich 248 millionni tashkil etdi. Xitoyliklarning bu yilgi urinishlari ham kam emas. Ular shu vaqtga qadar 128 million evro ishlatib ulgurdilar. Angliyada esa hozircha 72 million evroga futbolchi sotib olingan. Ishoning, bu mablag‘ hali ancha oshishi turgan gap.
RIVALDO SINDROMI
Xo‘sh, biz bu gaplarni nimaga aytmoqdamiz? Sababi bor, albatta. Hozir Xitoyda Xalk, Karlos Teves, Oskar, Jekson Martines, Jervino, Ramires, Freddi Guarin, Demba Ba, Paulino va Asamoa Gyan kabi futbolchilar to‘p surishmoqda. Biz bu ro‘yxatga yana Diego Tardelli, Aleks Teysheyra, Stefan Mbia va Tim Keyxill kabilarni qo‘shmadik. Chunki ular Evropada u qadar tanilishmagan, ammo istalgan chempionatni kuchaytirishlari mumkin va bunga hech qanday shubha yo‘q. Endi bir o‘ylab ko‘ring, shunday iqtidorlar bilan elkama-elka o‘ynagan xitoylik futbolchilar yaqin yillarda qay darajada kuchayishlari mumkin? Yodingizda bo‘lsa, bir vaqtlari oliy ligada Rivaldo to‘p surganda O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari saviya jihatidan bir necha pog‘ona ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgandilar. E’tibor bering, Xitoyga Rivaldo kabi qariyalar emas, balki eng kuchga to‘lgan davrini boshidan o‘tkazayotgan futbolchilar yo‘l olishmoqda. Uch-to‘rt yildan so‘ng voqealar rivoji qanday tus olishi mumkinligini tasavvur qilyapsizmi?
QARShI TURISh
Albatta, biz bu maqola bilan Xitoy futbolini osmonga ko‘tarib maqtashni maqsad qilmaganmiz. Shunchaki, O‘zbekiston terma jamoasi OFKda bo‘larkan, demak yaqin vaqtlar ichida yana bir jiddiy raqib bilan to‘qnashish mumkinligini taxmin qilmoqdamiz, xolos. Tabiiyki, biz ham shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rishimiz shart. Xitoy futbol rivoji uchun millionlarni tikmoqda va ishoning, bu ishlar vaqti kelib qaysidir ko‘rinishda bo‘lmasin samara keltiradi. Xo‘sh, O‘zbekiston futboli unga qarshi nima qo‘yishi mumkin? Keling, hozir shu haqda gaplashaylik.
Biz shu vaqtga qadar yurtimizda sport, xususan, futbolga berilayotgan e’tibor xususida ko‘p gapirganmiz. Eng muhimi, bu gaplar etarlicha asosga ega. Hozir yangi qurilgan stadionlar haqida yana gapirmoqchi emasmiz, shundoq ham yaxshi bilasiz. Shunday ekan, o‘zbek futbolining kelajagiga ishonch bilan qarash uchun bizda asos bor. Biroq o‘z navbatida, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligi ham aniq.
Biz Xitoy kabi o‘z futbolini keskin rivojlantirish yo‘lini tanlagan mamlakatga qarshi faqat bir narsani qo‘yishimiz mumkin - ichki resurslar. Bizda shunday resurs bormi? Ha, albatta - iqtidorli yoshlar. Ancha siyqasi chiqqan gap, shunday emasmi? Ammo haqiqat ekanini ham yaxshi bilasiz. Futbol - bizda birinchi raqamli sport turi. Uni bemalol millionlar o‘yini, deb atay olamiz, chunki bizda uni hamma yaxshi ko‘radi. Boksda qo‘lga kiritilgan oltin medallar bilan istagancha faxrlanishimiz mumkin, ammo xayolimizning bir cheti baribir, futbolni kuzatishga undaydi.
KOBI BRAYANT. KIM U?
Bilsangiz, Xitoy bugungi millionlarini aynan shu natijaga erishish uchun ham sarflamoqda. Har qancha hayratlanarli bo‘lmasin, u erda futbol birinchi raqamli sport turi emas. Baidu internet-qidiruv tizimining ma’lumot berishicha, Chin yurtida asosan, basketbolning ommaviyligi yuqoriroq ekan. Xitoyliklar internetda qidiradigan kalit so‘zlarning 50 foizi aynan basketbol bilan bog‘liq. O‘tgan yili Xitoyda eng mashhur sportchi kim bo‘lganini bilasizmi? Kobe Brayant! U mashhurlik borasida hatto Krishtianu Ronaldu va Lionel Messini ham ortda qoldirgan.
Mabodo Brayantni tanimasangiz, o‘zingizni koyimang. Shunchaki, bizda basketbolga emas, balki futbolga qiziqishadi. Kobi Brayant esa Amerikada, «Los-Anjeles Leykers» klubida 20 yildan buyon o‘ynab kelayotgan basketbolchi. Siz uni bilmasligingiz mumkin, ammo «Osasuna» yoki «Mildsbro»da kimlar o‘ynashini aytib berishingiz turgan gap. Chunki millionlar o‘yinini yaxshi ko‘rasiz.
Xitoy esa xalqiga o‘sha futbolchilarni tanitish uchun yulduzlarni sotib olishga majbur...
BIZ OLDINDAMIZ
Biz futbol bo‘yicha Xitoydan oldindamiz. Buni hech ikkilanmay ayta olamiz. To‘g‘ri, bizda Karlos Teves o‘ynamaydi, ammo o‘zbek xalqi shundoq ham futbol bilan nafas oladi, futbol bilan yashaydi. Qolaversa, O‘zbekiston jamoasi hamisha Xitoy termasini yutib kelmoqda va kelajakda ham mag‘lub etishiga umid qilamiz. Yurtimizda Kobi Brayant kimligini aytib beradigan odam ko‘p topilmas, ammo Ronaldu va Messini hamma taniydi. Biroq Ronaldu va Messini tanish boshqa, futbol rivoji bo‘yicha boshqalar bilan basma-bas raqobatlashish bosh-qa. Xitoy shu taxlit yurishda davom etsa, yaqin vaqtlar ichida bizdan o‘zib ketishi hech gap emas. Demak, ulardan ortda qolmaslik uchun otni qamchilashimiz lozim. Maqolamiz yakuni shu haqda bo‘ladi.
Baxtimizga o‘sha «qamchilanadigan ot» bizda bor. Yuqorida Xitoyda minglab mashg‘ulotlar bazalari ochilayotgani va ularga nemis murabbiylari jalb etilayotgani haqida gapirdik. E’tiborli tomoni, bunday infratuzilma bizda ham etarli. Har bir viloyat va tumanlarda davlat dasturi doirasida zamonaviy inshootlar qurilgan. Hali yana quriladi. Biroq endi mana shu infratuzilmadan samarali foydalanishni ham o‘rganib olishimiz lozim. Buning uchun esa xorijdan mutaxassislar taklif etish lozim bo‘ladi. Bizga ko‘p murabbiy kelishi shart emas, chunki yaxshi ustozlar o‘zimizda ham topiladi.
Ammo zamon bilan hamnafas bo‘lish uchun har bir futbol maktabida hech bo‘lmasi ikki-uch nafar xorijlik murabbiy ishlasa, zarar qilmasa kerak. Ishoning, ulardan o‘rganadigan narsalar topiladi. Axir Xitoy qachon bizdan o‘zib ketarkan, deb yurak hovuchlab, qo‘l qovushtirib o‘tira olmaymiz-ku! Shunday emasmi?!
ABDULLOH
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Shimoliy Koreya ballistik raketalar ishlab chiqaruvchi zavodini kengaytirmoqda
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Maksim Shatskix "Istiqlol"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?
2024 yilda Rossiyani bir million migrant tark etdi