date

Gvardiola “Bayer”dan uchralgan mag‘lubiyat sabablarini aytdi

Gvardiola “Bayer”dan uchralgan mag‘lubiyat sabablarini aytdi

Chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turida «Manchester Siti» o‘z maydonida «Bayer»ga qarshi kutilmagan mag‘lubiyatga uchrab, 0:2 hisobida o‘yinni boy berdi. Bellashuvdan keyin jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola matbuot bilan muloqot qilib, qanday sabablar o‘yinni izdan chiqarganini batafsil tushuntirdi.

«O‘yinimiz o‘xshamadi, o‘zgarishlar juda ko‘p bo‘ldi»

Gvardiola avvalambor jamoadagi rotatsiya va uning ta’siri haqida to‘xtaldi:

«Rostdan ham juda ko‘p almashtirishlar qilib yubordim. Uzun mavsum davomida har 2–3 kunda o‘yin bo‘ladi, shuning uchun har bir futbolchiga imkoniyat berishga majburman. Lekin bu gal o‘zgarishlar biroz ortiqcha bo‘ldi shekilli — natija ham shundan darak berib turibdi. Yigitlar xatolar qilmaslikka harakat qilishdi, ammo zarur ishlarni bajara olishmadi. Agar sen xatodan qochishni o‘ylab o‘yinga tushsang, na erkin harakat qilasan, na to‘p bilan, na to‘psiz o‘yinni sifatli bajarasan».

«Bayer» agressiv o‘ynadi, biz esa yetarlicha bosim o‘tkaza olmadik

Murabbiyning aytishicha, jamoa raqibga nisbatan yetarlicha hujumkor bo‘la olmagan:

«Imkoniyatlarimiz bo‘ldi, lekin zarur darajada agressivlik ko‘rsata olmadik. “Bayer” haqiqatan ham kuchli jamoa, ularni g‘alaba bilan tabriklayman. Har qanday xatolar uchun mas’uliyatni men olaman. Barcha futbolchilarni o‘yinga jalb qilgim keladi, lekin 3–6 ta uchrashuv davomida maydonga tushmagan o‘yinchi uchun bu oson emas. Balki bu gal ortiqcha tavakkal bo‘lgandir».

«Muvozanatni yo‘qotdik, zaxiradagilar ham qiynaldi»

Gvardiola tarkibdagi katta o‘zgarishlar jamoa o‘yiniga salbiy ta’sir qilganini yashirmadi:

«Katta jamoada o‘ynasang, o‘zingni namoyon qilishing shart. Zaxiradan tushganlar ham xuddi shu bosimni his qildi. Biz juda ko‘p muvozanatni yo‘qotdik, ko‘p zarbalarimiz qaytarildi. Raqib esa juda qattiq qarshilik ko‘rsatdi.

Odatda doimiy o‘yinchilar bo‘lganda, yangidan tushganlar o‘zini ancha erkin his qiladi. Ammo ba’zan barchaga imkoniyat berish ham to‘g‘ri qaror bo‘lavermaydi».

«Bir sinab ko‘ramiz degandim, lekin reja ishlamadi»

U o‘yin oldidagi rejalari haqida ham ochiq gapirdi:

«O‘yindan avval o‘ylagandimki: uy maydoni, guruhdan o‘tish masalasida yaxshi holatdamiz — bir yangicha taktikani sinab ko‘ramiz. Ammo bu reja kutilgan natijani bermadi. Endi bu xatodan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz».

Murabbiy suhbatni shunday yakunladi:

«Hozir haddan tashqari emotsiyalarga berilmaymiz. Keraksiz gap-so‘zlardan boshimizni xoli qilib, navbatdagi raqib — “Lids”ga tayyorgarlikni boshlaymiz».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola “Bayer”dan uchralgan mag‘lubiyat sabablarini aytdi