Nyukasl Bornmutni penaltilar seriyasida yengib, keyingi bosqichga chiqdi

Angliya kubogi 1/32 finalida «Nyukasl Yunayted» va «Bornmut» o‘ta dramatik bahs o‘tkazib, asosiy va qo‘shimcha bo‘limlar yakunida 3:3 hisobida durang qayd etdi. Penaltilar seriyasida esa mezbonlar 7:6 hisobida ustun kelib, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Uchrashuvda hisobni Harvi Barns ochdi, biroq «Bornmut» tezda Aleks Skottning goli bilan javob qaytardi. Oradan ko‘p o‘tmay Devid Bruks mehmonlarni oldinga olib chiqdi. «Nyukasl» esa o‘yin so‘ngida bosimni kuchaytirib, 90+5-daqiqada Entoni Gordon penaltidan aniq zarba berib, muvozanatni tikladi.
Asosiy vaqtdan keyin jamoalar o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tdi, ammo u yerda ham hal qiluvchi ustunlik darhol yuzaga kelmadi. 118-daqiqada Barns yana bir bor «Nyukasl»ni oldinga olib chiqqaniga qaramay, «Bornmut» 120+2-daqiqada Markus Tavernye orqali javob golini urib, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib keldi.
Penaltilar seriyasi uzoq davom etdi va deyarli xatosiz kechdi. «Nyukasl» safida Nik Voltemade va Bruno o‘z urinishlarini golga aylantira olmadi. «Bornmut»da esa Evanilson, Alehandro Ximenes va Bafode Diakite penaltini aniq bajara olmadi. Yakunda 7:6 hisobidagi g‘alaba «Nyukasl»ga nasib etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!