O'zbekistonda homiladorlik va tug'ruq nafaqalarini hisoblash bo'yicha yangi tartib tasdiqlandi

O'zbekistonda davlat ijtimoiy sug'urtasi tizimi doirasida homiladorlik va tug'ruq nafaqasini tayinlash hamda to'lashning yangi tartibi kuchga kirdi. Bu haqda Ijtimoiy himoya agentligi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Yangi mexanizmga ko'ra, nafaqa miqdori ayolning sug'urta stajiga bog'lanadi. Shu bilan birga, eng kam nafaqa miqdori Mehnat kodeksida belgilanganidek o'rtacha oylik daromadning kamida 75 foizidan past bo'lmasligi saqlanib qoladi.
Agentlik izohiga ko'ra, o'zgarishlar homiladorlik va tug'ruq bo'yicha to'lovlar endi davlat ijtimoiy sug'urtasi tizimiga kiritilgani bilan bog'liq. Bu esa nafaqa olish huquqi rasmiy bandlik va sug'urta badallarining to'lanishiga bevosita bog'lanishini anglatadi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 yanvargacha ko'plab holatlarda ushbu to'lovlar ish beruvchi tomonidan bevosita amalga oshirilgan va bu staj bilan to'lov huquqi o'rtasidagi bog'liqlikni ta'minlamagan. Natijada ayrim holatlarda nafaqa olish uchun mehnat shartnomalari qisqa muddatga rasmiylashtirilgan.
Bunday suiiste'mollarning oldini olish maqsadida minimal sug'urta staji bo'yicha talab joriy etildi. Agentlik ta'kidlashicha, yangi tartib ayollarning ijtimoiy himoyasini kamaytirmaydi, aksincha rasmiy bandlikni rag'batlantiradi va tizimning uzoq muddatli barqarorligini mustahkamlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!