Husanov Transfermarkt reytingida "sakradi": u 35 million yevroga yetdi

Transfer bozori bo‘yicha eng nufuzli manbalardan biri sanalgan Transfermarkt 2025-yil yakuni bo‘yicha postsovet hududidan yetishib chiqqan va eng ko‘p qimmatlashgan futbolchilar reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatning eng tepasida esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov turibdi.
Reytingga ko‘ra, 21 yoshli futbolchining transfer bahosi o‘tgan yil davomida rekord darajada o‘sdi: Husanov o‘z qiymatiga 23 million yevro “qo‘shib”, umumiy bahosini 35 million yevroga olib chiqdi. Shu natija orqali u Markaziy Osiyodagi eng qimmatbaho futbolchi sifatida ham alohida e’tirof etildi.
Ikkinchi pog‘onada Rossiya milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Matvey Kislyak joy oldi. SSKA safida to‘p surayotgan futbolchi bir yil ichida 18,8 million yevroga qimmatlashib, hozir 20 million yevro qiymatga ega. Kuchli uchlikni esa yana bir rossiyalik xavbek — “Lokomotiv” futbolchisi Aleksey Batrakov yakunladi: uning bahosi 17 million yevroga oshib, hozir 25 million yevro etib belgilangan.
Transfermarkt talqinidagi kuchli o‘nlik quyidagicha:
- Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”) — 35 mln yevro (+23 mln yevro)
- Matvey Kislyak (SSKA) — 20 mln yevro (+18,8 mln yevro)
- Aleksey Batrakov (“Lokomotiv”) — 25 mln yevro (+17 mln yevro)
- Yegor Yarmolyuk (“Brentford”) — 25 mln yevro (+13 mln yevro)
- Ilya Zabarniy (PSJ) — 50 mln yevro (+12 mln yevro)
- Jorj Mikautadze (“Vilyarreal”) — 28 mln yevro (+10 mln yevro)
- Danil Glebov (SSKA) — 8 mln yevro (+7,3 mln yevro)
- Stanislav Agkatsev (“Krasnodar”) — 10 mln yevro (+6,5 mln yevro)
- Arseniy Batagov (“Trabzonspor”) — 9 mln yevro (+6,2 mln yevro)
- Oleg Ocheretko (“Shaxtyor” Donesk) — 6 mln yevro (+5,2 mln yevro)
Husanovning narxi nega shuncha tez “osmonladi”?
Bu keskin o‘sish, tabiiyki, Abduqodirning katta sahnaga chiqqani bilan bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 20-yanvar kuni “Manchester Siti” o‘zbek himoyachisini Fransiyaning “Lans” klubidan olib kelish uchun 40 million yevro badal puli to‘lagan. O‘sha paytda Husanovning Transfermarkt’dagi bahosi 12 million yevro edi. Oradan bir yil o‘tmay, u 35 million yevroga chiqdi — bu esa nafaqat shaxsiy o‘sish, balki O‘zbekiston futboli uchun ham katta signal.
Qisqasi, Abduqodir hozir nafaqat maydonda, balki transfer “kartasi”da ham yetakchi. Endi eng qizig‘i oldinda: “Siti”dagi barqaror o‘yin, katta o‘yinlarda tajriba va muntazam amaliyot — Husanovning bahosini yanada yuqoriga olib chiqishi mumkin. Muxlislar esa bitta narsani kutadi: bu raqamlar ortida yanada kuchli o‘yinlar va yanada katta g‘alabalar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!