Husanovning sprinti «Siti»ni qutqardi, u haqida ekspertlar nima dedi?

Angliya Premer-ligasining 21-turida “Manchester Siti” o‘z uyida “Brayton”ni qabul qildi, ammo navbatdagi safar ham yutuq bilan emas, 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Shu bilan Gvardiola jamoasi 2026-yilni og‘ir boshladi: yangi yildagi dastlabki uchta uchrashuvda ham raqibni yengish nasib etmadi, ochkolar esa yana qo‘ldan chiqdi.
Uchrashuv “Etihad”da bo‘lganiga qaramay, mehmonlarning hujumlari xavfliroq, epizodlari o‘tkirroq ko‘rindi. Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan biri esa o‘yinning burilish nuqtasiga aylandi: ijaradan qaytarilib, aynan shu kuni debyut qilgan Maks Alleyn podkatda xatoga yo‘l qo‘ydi. Jorjino Rutter Abduqodir Husanovni ortda qoldirib, darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib ketdi. Shu paytda o‘zbekistonlik himoyachi “qo‘shimcha motor”ni yoqib yubordi: ajoyib tezlikda orqadan yetib keldi, to‘pni olib qo‘ydi va ko‘z oldimizda turib toza golni yo‘qqa chiqardi. Qisqasi, muxlislar “uuu” degan joyda, Husanov “yo‘q” dedi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 37-daqiqada Jeremi Dok-u jarima maydonida to‘xtatildi. Avvaliga hakam o‘yinni davom ettirdi, ammo VAR ko‘rib chiqqach, qaror o‘zgardi: penalti. Erling Xoland 11 metrdan aniq zarba berib, “Siti”ni oldinga olib chiqdi. Bu gol norvegiyalik to‘purar uchun ham ruhiy jihatdan muhim bo‘ldi — qisqa golsizlik seriyasi uzildi.
Ikkinchi taymda esa “Brayton” kutilmagan, biroq juda aniq hujum bilan hisobni tenglashtirdi. To‘p tasodifan Ayariga kelib qoldi, u Kaoru Mitomani topdi. Yapon hujumchi markazga siljib, kuchli zarba bilan to‘pni uzoq burchakqa “tiqdi”. 1:1 — va “Siti” yana ochko yo‘qotdi.
cityxtra.co.uk baholari: kim qanday ko‘rindi?
Nufuzli manba — cityxtra.co.uk ekspertlari o‘yindan keyin “Siti” futbolchilarini quyidagicha baholadi:
Janluiji Donnarumma — 6,5/10
Boshida bir nechta seyv qildi, ayniqsa Grossning bosh bilan yo‘llagan zarbasini qaytarishi chiroyli chiqdi. Burchak to‘plarida hali ham ishonchsizlik sezildi, ammo u baribir darvozani qo‘riqlashda eng kuchlilardan.
Mateush Nunesh — 6,5/10
O‘ng qanotda Bernardu bilan tushunishib harakat qildi, bir necha marta himoya ortiga “ochildi”. Ammo hal qiluvchi uzatmalarda aniqlik kamroq bo‘ldi.
Abduqodir Husanov — 7,5/10
Bu o‘yinda o‘ziga bo‘lgan ishonchni to‘liq namoyon qildi. Alleyn xatosini sug‘urtalashda tezlikdan ustalik bilan foydalandi. Ekspertlar fikricha, yaqin oylarda elita darajasidagi markaziy himoyachiga aylanish imkoniyati juda yuqori.
Maks Alleyn — 7,5/10
Debyut uchun yomon emas: burchakdan keyin imkoniyat ham bo‘ldi, ammo foydalana olmadi. Shunga qaramay, umumiy hisobda ishonchli ko‘rindi.
Natan Ake — 6,5/10
Yorqin porlamagan bo‘lsa-da, barqaror o‘ynadi. Qanot himoyasida ko‘p harakat qilishi jismoniy holati joyida ekanini ko‘rsatdi.
Niko Gonsales — 6,5/10
Himoya oldidagi vazifasini bajardi. Yosh markaziy himoyachilar orqasida mas’uliyat katta edi, ammo u yukni “ko‘tardi”.
Fil Foden — 5,5/10
Oddiy qilib aytganda, o‘zi kutadigan darajada emas. Sevimli pozitsiyada bo‘lsa ham, o‘yinga ta’siri kam bo‘ldi.
Tidjani Reynders — 6/10
So‘nggi o‘yinlardagidek faol emas edi. Orqadagi himoya chizig‘i o‘zgarishi uni ehtiyotkorroq qilishga majbur qilgan bo‘lishi mumkin.
Bernardu Silva — 6/10
Yomon emas, lekin hal qiluvchi vaziyatlarda aniqlik yetishmadi. Ikkinchi taym boshida ajoyib imkoniyat ham boy berildi.
Erling Xoland — 6,5/10
Birinchi taymda charchoq ko‘rindi, ikkinchi taymda faollashdi. Penaltidan gol urib, “sukut”ni buzdi.
Jeremi Dok-u — 7/10
Hujumda eng barqaror figuralardan. Birga-birlarda xavfli, bu mavsum samaradorligi ham ko‘tarilgani sezilyapti.
Zaxiradan tushganlar
Rodri — 6/10
Muhim blok qildi, tempni ushlab turishga yordam berdi. Asta-sekin o‘zining eng yaxshi holatiga qaytyapti.
Niko O’Reyli — 6/10
Maydonga tushgach, ishonchli ko‘rindi. Yaqin haftalarda yanada ochilishi kutilyapti.
Riko Lyuis — 6/10
Kam o‘ynayotganiga qaramay, zaxiradan tushgach, vazifasini aniq bajardi.
Rayan Cherki — 7/10
O‘yinga jon kiritdi: jamoaga dinamika qo‘shdi, Xolandga yaxshi pas ham berdi. Keyingi o‘yinlarda asosiy tarkib uchun jiddiy raqobat qiladi.
Xulosa
“Siti” uyda o‘ynadi, ammo o‘yindagi xavfli epizodlar ko‘proq “Brayton” tomonida bo‘ldi. Husanovning sprinti esa uchrashuvning eng muhim lahzalaridan biri sifatida qoldi: o‘sha epizod bo‘lmaganida, 1:1 emas, ssenariy butunlay boshqacha ketishi ham mumkin edi. Lekin fakt bitta: 2026-yilda “Siti” hali g‘alaba ta’mini tatib ko‘rmadi — va muxlislar endi “qachon?” degan savolni yanada qattiqroq beryapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!