Fenerbahche sobiq futbolchisi Mourinyoni so'zida turmaslikda aybladi

“Fenerbahche”ning sobiq futbolchisi Linkoln jamoani 2024–2025 yillarda boshqargan portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyo haqida keskin fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Futbolchining aytishicha, Mourinyo unga bergan va'dasini bajarmagan va o'zini hurmatsiz tutgan. “U ko'p yutuqlarga erishgan, buni hech kim inkor etmaydi. Lekin men uchun hayotda xarakter sovrinlardan muhimroq. Mourinyo meni hayratda qoldirdi”, — dedi Linkoln Fanatik nashriga bergan intervyusida.
Linkolnning so'zlariga ko'ra, u “Hall Siti”ga ijara asosida ketishidan oldin Mourinyo bilan gaplashgan va murabbiy uni yozgi yig'inda Portugaliyada ko'rishni xohlashini aytgan. Mavsum yakunlangach, u yig'inga chaqiruv kutgan, biroq aloqaga chiqish urinishlari natija bermagan.
Futbolchi tarjimon orqali Mourinyo bilan bog'lanmoqchi bo'lganida, murabbiy suhbatdan bosh tortib, sport direktori bilan gaplashishni aytgan. Linkolnning ta'kidlashicha, jamoa Portugaliyada bo'lgan paytda u ham Portugaliyada uyida bo'lgan, shunga qaramay Mourinyo uni Istanbulga yuborib, alohida shug'ullanishni buyurgan.
“Menga nisbatan adolatsiz va hurmatsiz munosabat bo'ldi. Ko'p o'yinlarda hatto o'zimning pozitsiyamda o'ynamasam ham klubga yordam berish uchun borimni berdim. Og'ir jarohat oldim va qo'llab-quvvatlash kutdim, ammo buni sezmadim. Men boshqalar kabi mashhur futbolchi emasman, lekin maydonda doim oxirigacha ishlaganman”, — deya qo'shimcha qildi u.
Hozirda Joze Mourinyo “Benfika”ni boshqarmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!