Energiyani tejash uchun gaz va elektrga cheklov qoʻyishga rasman taqiq joriy etildi

Energiyani tejash uchun gaz va elektrga cheklov qoʻyishga rasman taqiq joriy etildi
Qisqacha

O'zbekistonda energiya resurslarini tejash maqsadida gaz va elektr energiyasiga cheklov qo'yish taqiqlanmoqda. Prezident farmoniga ko'ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat tashkilotlari va korxonalari energiya samaradorligini "C" darajasidan past bo'lmasligini ta'minlashi shart. Bu qaror aholi va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan va energiya samaradorligi milliy agentligiga yangi vakolatlar berilmoqda. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yordamida energiya iste'molini tahlil qilish tizimi joriy etiladi.

Oʻzbekistonda energiya resurslarini tejash masalasida yangi yondashuv joriy etildi. Endi gaz va elektr energiyasini tejash maqsadida isteʼmolchilarga cheklov qoʻyish yoki tarmoqdan uzish orqali iqtisod qilish amaliyotiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bu haqda 29 aprel kuni qabul qilingan Prezident farmonida belgilab oʻtildi. Hujjat “2026 yilda energiya samaradorligini oshirish, resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanishning qoʻshimcha chora-tadbirlari”ga bagʻishlangan.

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan boshlab vazirlik va idoralar, davlat muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan quriladigan yoki taʼmirlanadigan barcha binolar energiya samaradorligi boʻyicha kamida “S” darajasidan past boʻlmasligi shart qilib belgilandi.

Eng muhimi, elektr va tabiiy gazni tejash uchun isteʼmolchilarni uzish yoki ularga sunʼiy cheklovlar joriy etish taqiqlandi. Bu esa aholi va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan muhim qaror sifatida baholanmoqda.

Shu bilan birga, Energiya samaradorligi milliy agentligiga qator yangi vakolatlar berildi. Xususan, maxsus jamgʻarma orqali energiya servis kompaniyalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun kafolatlangan toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

2026 yildan boshlab energiya sarfi meʼyordan yuqori boʻlgan davlat obyektlarida xalqaro standartlarga asoslangan holda samaradorlikni oshirish dasturlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 oktyabrga qadar energiya isteʼmolini tahlil qilishda zamonaviy texnologiyalar — katta maʼlumotlar (Big Data), biznes-tahlil va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur oʻzgarishlar energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash bilan birga, sohada shaffoflik va samaradorlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar