Yevropa Ittifoqi barcha yangi noutbuklarni faqat USB-C orqali quvvatlanishga majbur qildi

Yevropa Ittifoqi noutbuklar uchun yagona quvvatlash ulagichi to'g'risidagi direktiva amal qilish doirasini rasman kengaytirdi. 2026 yil 28 apreldan boshlab 16 oylik o'tish davri yakunlandi va endilikda YeI hududida sotiladigan, quvvati 100 vattgacha bo'lgan barcha yangi noutbuklar USB-C porti orqali quvvat olishi shart. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu talab avvalroq smartfon va planshetlar uchun ham joriy etilgan edi. Endilikda noutbuk ishlab chiqaruvchilari nafaqat qurilmani USB-C porti bilan jihozlashi, balki xaridorlarga qutida quvvatlash bloki bo'lmagan konfiguratsiyalarni ham taklif qilishi lozim.
Qonun quvvatlagichni jamlanmaga kiritishni taqiqlamaydi, biroq iste'molchiga tanlov imkoniyatini berishni talab qiladi.
Yangi qoidalar allaqachon sotuvda bo'lgan, shuningdek, ishlatilgan yoki qayta tiklangan qurilmalarga nisbatan qo'llanilmaydi. Bundan tashqari, quvvati 100 vattdan yuqori bo'lgan yuqori unumdorlikdagi modellar, masalan, o'yin noutbuklari va ishchi stansiyalar uchun istisno saqlanib qoladi.
Ular o'zlarining maxsus ulagichlaridan foydalanishi mumkin, biroq baribir USB-C orqali quvvat olish imkoniyatiga ega bo'lishi shart.
Yevrokomissiya hisob-kitoblariga ko'ra, ushbu tartib har yili taxminan 11 000 tonna elektron chiqindi hosil bo'lishining oldini oladi. Shuningdek, iste'molchilar ortiqcha quvvatlash qurilmalarini sotib olmaslik hisobiga yuzlab million yevro mablag'ni tejab qolishlari kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!