Kloze Messi va Mbappe uning rekordini yangilashiga ishonadi

Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Kloze Jahon chempionati tarixidagi gollar rekordi yaqin yillarda yangilanishi mumkinligini aytdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kloze to'rtta mundialda ishtirok etib, jami 16 ta gol urgan. Hozirgi futbolchilar orasida unga eng yaqin ko'rsatkich Lionel Messi (13 gol) va Kilian Mbappe (12 gol)da.
"Ishonchim komil, Jahon chempionatidagi gollar bo'yicha rekordim tez orada yangilanadi. Buni Messi 2026 yilda amalga oshirishi mumkin, Mbappe esa 2026 yoki 2030 yilda. Men Leoning katta muxlisiman va agar u faoliyatini davom ettirsa, unga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman. Mbappening ham iste'dodi aqlbovar qilmas darajada. Ikkalasi ham sog'lom bo'lib, eng yuqori darajasini ko'rsatishini istayman. Har qanday holatda ham, men hanuz eng yaxshi statistikaga egaman va yarim finalda to'rt marta o'ynagan yagona futbolchiman", — deya Klozening so'zlarini Bild keltirdi.
Eslatib o'tamiz, Messi 2022 yilda Qatardagi mundialda chempion bo'lgan, Mbappe 2018 yilda Rossiyada kubokni qo'lga kiritgan, Kloze esa 2014 yili Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatida g'alabani nishonlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!